O‘zbekiston | 09:51 / 09.03.2025
5617
2 daqiqa o‘qiladi

Uchta viloyatda “valyutchiklar” ushlandi

Aniqlangan holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 177-moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Foto: Prokuratura departamenti

Jizzax, Andijon va Navoiy viloyatlarida valuta ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar ushlangan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, departamentning Jizzax shahri bo‘limi va Milliy gvardiya viloyat boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda valuta ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelgan I.S. 10 000 dollarni 129,2 mln so‘mga sotgan vaqtida ushlanib, uning yonidan sotishga mo‘ljallagan 5 563 dollar va 7,8 mln so‘m borligi aniqlangan barcha pullar ashyoviy dalil sifatida olingan.

Departamentning Andijon shahri bo‘limi va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda valuta ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelgan Q.A. va A.E. fuqaro Ya.Yu.ga 4 000 dollarni 51,5 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Departamentning Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan “Malikrabot” MFY hududida o‘tkazilgan tezkor tadbirda valuta ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelgan fuqaro J.I. fuqaro Sh.S.ga 3 400 dollarini 44,2 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Qayd etilishicha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 177-moddasi (valuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid