Jahon | 09:48 / 08.03.2025
6659
3 daqiqa o‘qiladi

Tahlilchilar: Rossiya Kursk oblastida Ukraina qo‘shinlarini qurshab olishga urinmoqda

Rossiya Qurolli kuchlari Kursk oblastida Ukraina mudofaasini yorib o‘tdi va Ukraina Qurolli kuchlari guruhini o‘rab olishi mumkin, deya xabar bermoqda bir qancha harbiy tahlilchilar. Bu haqda na Kiyev, na Moskva izoh bermayapti.

Foto: Evgeny Biyatov/IMAGO

Rossiya qo‘shinlari Kursk oblastidagi hududlardan birida Ukraina mudofaasini yorib o‘tdi va mintaqadagi Ukraina Qurolli kuchlari guruhini qurshab olishga harakat qilmoqda. Bu haqda 7 mart, juma kuni bir qancha harbiy tahlilchilar va ommaviy axborot vositalari xabar berdi.

DeepState: Shimoliy Koreya askarlari tufayli hujumlar kuchaydi

Ukrainaning DeepState loyihasiga ko‘ra, Kursk janubida rus qo‘shinlari Kurilovka qishlog‘idan janubda joylashgan Ukraina Qurolli kuchlari pozitsiyalariga taxminan 5 km masofani yorib o‘tishdi va Ukrainaning Sumi oblasti bilan davlat chegarasiga deyarli yetib borishdi. «Kursk oblastida dushman KXDRning salmoqli sondagi harbiy xizmatchilaridan foydalanish hisobiga oldinga siljimoqda», deb yozadi DeepState.

Loyiha jamoasining qayd etishicha, Rossiya Qurolli kuchlarining bu yo‘nalishdagi maqsadi avvalroq Sumi va Sudjani bog‘lagan H07 avtomagistralini to‘sib qo‘yish bo‘lishi mumkin. Hozirda bu Ukraina Qurolli kuchlari guruhini Kursk oblastidagi asosiy ta’minot kanali hisoblanadi. Janubdan rus qo‘shinlari bu yo‘lga 6 km masofaga yaqinlashdilar.

Ayni paytda Rossiya Qurolli kuchlari shimoldan bir yo‘nalishda hujumlarni kuchaytirmoqda. Ular davlat chegarasini kesib o‘tib, Ukrainaning Sumi oblastidagi Juravka va Novenkoye qishloqlariga hujum qilgan. Endi shimoldan ular H07 yo‘li va Sudja chegara punktidan 5 km uzoqlikda joylashgan.

Ukraina Qurolli kuchlaridagi manba: Bloklash hududi yorib o‘tildi

«Ukrainskaya pravda» internet-nashrining Kursk oblastidagi ukrainalik harbiylar orasidagi manbasi shunday dedi: «To‘sib qo‘yilgan hududda yorib o‘tish sodir bo‘ldi. Bir so‘z bilan aytganda, bizning bo‘linmalarimiz qisman yoki to‘liq qamal xavfi ostida qolmaslik uchun dushmanni jilovlashga harakat qilayotgan hududda».

«Bu to‘satdan emas, asta-sekin va tizimli ravishda sodir bo‘ldi. Yangi yil oldidan ruslar Kurilovkaga kirdi, u yerda bizning brigadalarimizdan biri o‘z pozitsiyalarini tashlab ketdi. Shundan so‘ng, dushman o‘z kuchlarini to‘pladi va tizimli ravishda hujum operatsiyalarini amalga oshirdi. Kecha va bir kun oldin ular muvaffaqiyatga erishdilar». Harbiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlari hozirda «dushman aloqa yo‘llarini to‘liq yopib qo‘ymasligi uchun vaziyatni barqarorlashtirishga» harakat qilmoqda.

Mavzuga oid