Jahon | 21:50 / 06.03.2025
20532
7 daqiqa o‘qiladi

Trampning jamoasi Timoshenko va Poroshenko bilan aloqaga chiqdi

Ukrainalik siyosatchilar yangi ma’muriyat vakillari bilan muzokara olib borayotganini tasdiqladi, biroq saylov masalasi muhokama qilinganini qat’iyan rad etdi.

Yuliya Timoshenko va Donald Tramp, arxiv foto

AQSh prezidenti Donald Tramp atrofidagi to‘rt nafar yuqori martabali mulozim «Batkivshchina» partiyasi yetakchisi Yuliya Timoshenko, shuningdek, sobiq prezident Petro Poroshenkoning «Yevropa birdamligi» partiyasi a’zolari bilan yashirincha uchrashdi, deb yozdi Politico.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, tomonlar keng qamrovli tinchlik muzokaralari boshlanishidan oldin Ukraina prezidentlik saylovlarini o‘tkazishi mumkinmi yoki yo‘qligini muhokama qilgan. Mamlakatdagi saylovlar harbiy harakatlar va harbiy holat tufayli qoldirilmoqda.

Nashr suhbatdoshlariga ko‘ra, Tramp jamoasidagilar amaldagi prezident Volodimir Zelenskiy ukrainlar urushdan charchagani va mamlakatda korrupsiya darajasi yuqoriligi sababli saylovlarda g‘alaba qozona olmasligiga umid qilmoqda.

Politico nashri yozishicha, Tramp tarafdorlarining fikricha, Timoshenko va Poroshenko murosaga ko‘proq moyil bo‘ladi.

Fevral oyi o‘rtalarida Donald Tramp Ukraina prezidenti Zelenskiyni «saylovsiz diktator» deb atagandi (to‘g‘ri, keyinroq u bu gapni o‘zi aytganiga ishona olmasligini aytdi).

Jurnalistlar ta’kidlashicha, Tramp vakillari Zelenskiyga, agar u AQShning urushni tezroq to‘xtatish rejasini to‘liq qo‘llab-quvvatlamasa, iste’foga chiqishni taklif qilmoqda.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Ukrainada prezidentlik saylovlarini o‘tkazish g‘oyasi hozirda Kreml tomonidan ham ilgari surilmoqda.

Shu bilan birga, Politico Poroshenko ijtimoiy so‘rovlar reytingida uchinchi o‘rinda ekani va Zelenskiy hamda Zalujniydan sezilarli darajada ortda qolganini qayd etadi. Timoshenkoning reytingi unikidan ham past. Ukrainada o‘tkazilgan so‘nggi so‘rovlarga ko‘ra, Zalujniy reytinglarning mutlaq yetakchisi, Zelenskiy esa sezilarli farq bilan ikkinchi o‘rinda.

Timoshenko ham, Poroshenko ham parlamentda fraksiyalarga ega, ammo ularning partiyalarining mandatlarini «Xalq xizmatkori»fraksiyasi bilan solishtirib bo‘lmaydi.

Mantiqan, G‘arb siyosatchilari rasmiy parlament muxolifati kabi ularning jamoalari bilan muloqot qilishlari mumkin. «Golos» muxolifat fraksiyasi rahbari Aleksandra Ustinova ham AQSh rasmiylari bilan doimiy aloqalari haqida muntazam hisobot berib keladi.

Shunisi e’tiborga loyiqki, parlamentdagi «Batkivshina» fraksiyasi ovoz berishda prezidentning «Xalq xizmatkori»ga qo‘shiladi.

Siyosatchilar reaksiyasi

Yuliya Timoshenko Facebook’da post qoldirib, urush davom etayotgan bir paytda Ukrainadagi saylovlar haqida «gap bo‘lishi mumkin emasligi» haqida yozdi.

«„Batkivshchina“ jamoasi imkon qadar tezroq adolatli tinchlikni ta’minlashga yordam bera oladigan barcha ittifoqchilarimiz bilan muzokaralar olib bormoqda», — deb yozgan Timoshenko.

«Shu paytgacha, men bu haqda bir necha bor aytganman, Ukrainada hech qanday saylov haqida gap bo‘lishi mumkin emas», — deya qo‘shimcha qildi u.

«Bu haqda prezident Zelenskiy aniq aytdi, Ukraina prezident Trampning kuchli yetakchiligi ostida urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarga tayyor», — deb yozdi Timoshenko.

2024 yil yanvar oyi boshida Yuliya Timoshenko Parijda keyinchalik Trampning Ukrainadagi urush bo‘yicha elchisiga aylangan Kit Kellog bilan suhbatlashgan edi. Fevral oyi boshida Timoshenko ham Vashingtonga AQSh prezidenti bilan nonushta marosimiga borgan va u yerdagi yuzlab mehmonlar qatorida bo‘lgan.

Shunisi e’tiborliki, Yuliya Timoshenko 2017 yilda ham shunday nonushtada Tramp bilan qisqa suhbat o‘tkazgan ilk ukrain siyosatchilardan biri bo‘lgandi.

Yuliya Timoshenkoga Ukrainani tark etish taqiqlanmagan va u muntazam ravishda dunyo bo‘ylab sayohat qiladi va ishchi uchrashuvlar o‘tkazadi.

Petro Poroshenkoning Donald Tramp bilan munosabatlari oson kechmagan.

Maqolaga Petro Poroshenko ham munosabat bildirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, uning jamoasi ikkala partiyaning ham Ukrainani qo‘llab-quvvatlashini saqlab qolish uchun amerikalik hamkorlar bilan ochiq va shaffof ishlaydi.

«Ushbu uchrashuvlarni rasmiylar bilan kelishish, hatto ularga elchini taklif qilish taklifi bir necha bor bildirilgan. Biz, shuningdek, hukumat jamoasi va Amerika ma’muriyati o‘rtasida yetarlicha aloqa yo‘qligi, bu esa davlat uchun xavf tug‘dirishi haqida bir necha bor ochiq gapirdik», — deb yozgan Poroshenko.

U Amerika tomoni vakillari bilan suhbatlari mazmun-mohiyati doimo ikki tamoyilga asoslanganini ta’kidladi: «xavfsizlik hamma narsadan ustun, tinchlik esa kuch orqali».Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qurol yetkazib berish, razvedka ma’lumotlari, Rossiyaga qarshi sanksiyalar, moliyaviy ko‘mak va transatlantik birlikni saqlashga tegishli. 

«Jamoamiz har doim urush davrida saylovlarga qat’iyan qarshi bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi. Armiyadan pul olib, saylovchilarning ovozini sotib olishga urinayotgan, shuningdek, siyosiy muxoliflarni konstitutsiyaga zid va suddan tashqari sanksiyalar bilan yo‘q qilayotgan hokimiyatdan farqli o‘laroq — bu siyosiy ta’qib va saylovga tayyorgarlik ko‘rish ssenariysidir», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘t ochishni to‘xtatish va Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari bilan tinchlik shartnomasi imzolangandan keyingina saylovlar o‘tkazilishi mumkin.

«Shundan so‘ng harbiy holat tugashi aniq. Va 180 kundan kechiktirmay mamlakatda erkin, demokratik saylovlar bo‘lib o‘tishi kerak, ular fuqarolarning xohish-irodasini va erkin dunyo ishonchini ta’minlaydi», — dedi Poroshenko.

Shu bilan birga, Petro Poroshenko jamoasi BBC Ukraina xizmatiga ehtimoliy saylovlar va parlamentdagi vaziyat haqidagi materialdagi ma’lumotlarning aksariyati «buzib ko‘rsatish va manipulyatsiya» bo‘lishi mumkinligini aytdi. Ammo Trampning vakillari bilan uchrashuvlar tafsilotlariga aniqlik kiritilmagan, faqat bu bir oydan ko‘proq vaqt oldin bo‘lgani aytilgan.

Petr Poroshenko tez-tez chet elga chiqish bilan bog‘liq muammolarga duch keladi, mahalliy rasmiylar uni fevral oyida bo‘lib o‘tgan Myunxen konferensiyasiga qo‘yib yubormagandi. Biroq uning fraksiyasi deputatlari AQShda va Yevropadagi muhim tadbirlarda tez-tez mehmon bo‘lib turishadi.

Mavzuga oid