Prezident Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyatidan mutlaqo noroziligini aytdi
Agentlik xodimlari vazirliklarga, hududlarga borib, aniq bir sohani tahlil qilib, muammolarga yechim berish o‘rniga, qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlarini sanaydigan quruq statist bo‘lib qolgani qayd etildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyatini tanqid qilib, agentlik rahbariyati korrupsiya holati eng ko‘p bo‘lgan tuman sog‘liqni saqlash, bandlik bo‘limi yoki bank filialiga borib, holatni o‘rganmagani, yangi zamonaviy tizim bo‘yicha taklif bermaganini ko‘rsatib o‘tdi. Ushbu sohalarning bevosita rahbarlarining o‘z tizimini “korrupsiyadan xoli” qilish ishlari sustligi tanqid qilindi.
Prezident topshirig‘i bilan investitsiya dasturlari ustidan nazorat kuchaytirilganidan keyin o‘tgan yilning o‘zida 3 trillion so‘m iqtisod bo‘ldi. Yoki sog‘liqni saqlash tizimida “Situatsion markaz” ishga tushirilgani hisobiga 2024 yilda 1,2 trillion so‘mlik maqsadsiz xarajatlarning oldi olindi.
“Lekin, nega bu ishlar Prezident topshiriq berganidan keyin boshlanishi kerak?” - deya savol qo‘ydi davlat rahbari.
Parlamentdagi budjet qo‘mitalarida ham har yili budjetdan eng ko‘p mablag‘ oladigan 3 ta vazirlikka borib, korrupsiyaviy omillarni aniqlashda va o‘zgarish qilishda tashabbuskorlik yetishmayotgani qayd etildi.
Bosh vazirga 117 ta vazirlik va idoradagi “korrupsiyaga qarshi ichki nazorat” tuzilmalari rahbarlarini ishdan olish va ularning o‘rniga halol, fidoyi va professional kadrlardan qo‘yish, ularning oldiga aniq vazifalarni belgilab berish topshirildi.
Vazirliklarning hududiy komplayens xodimlarini bevosita vazirning o‘zi ishga qo‘yishi, o‘ziga siyosiy mas’uliyat olib, butun tizimidagi korrupsiya uchun shaxsan javob berishi belgilandi.
Agentlikning ish uslubi mutlaqo o‘zgaradi. Buning uchun tajriba tariqasida 5 ta idora: Sog‘liqni saqlash, Qurilish, Suv xo‘jaligi vazirliklari, “O‘zbekneftgaz” va “O‘zsuvta’minot”ning komplayens nazorati agentlikka o‘tkaziladi.
Yil yakuni bilan bu vazirliklarda qancha korrupsiyaviy omillarni bartaraf qilgani, odamlarga qanday yengilliklar bo‘lgani haqida Milliy kengashda hisobot beradi.
Shuningdek, agentlik vazir, hokimlar bilan birgalikda har chorakda korrupsiya yuqori bo‘lgan kamida 3 ta sohada tumangacha tushib, maishiy va tizimli korrupsiya omillarini chuqur o‘rganadi, tahlillar asosida qaysi jarayonni raqamlashtirish, qaysi byurokratik tartibni bekor qilish bo‘yicha aniq choralarni ishlab chiqadi.
Ikki oyda xalqaro reyting tashkilotlari tavsiyasi asosida “yo‘l xarita”si ishlab chiqilib, har bir vazirlik va idoraga qilinadigan ishlar aniq belgilab beriladi. Sustkashlikka yo‘l qo‘ygan rahbarlarni jazolash bo‘yicha taklif kiritiladi.
Mavzuga oid

20:14 / 10.03.2025
Shavkat Mirziyoyev 11 mart kuni davlat tashrifi bilan Fransiyaga boradi

21:18 / 07.03.2025
Shavkat Mirziyoyev Tadbirkor ayollar kengashini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi

20:41 / 07.03.2025
Har yili kamida 200 nafar qiz dunyoning nufuzli oliygohlariga o‘qishga yuboriladi

20:29 / 07.03.2025