Jahon | 23:47 / 05.03.2025
18559
5 daqiqa o‘qiladi

«Hammasini tuzatish vaqti keldi» – Zelenskiy Oq uydagi janjaldan afsusda ekanini aytdi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 28 fevral kuni Oq uyda sodir bo‘lgan tortishuvdan afsuslanishini aytib, post yozdi. Bu amalda Ukraina prezidentining Trampdan uzr so‘rashi deb qabul qilindi. Tramp kongressdagi chiqishida Zelenskiyning bayonotidan xursand bo‘lganini aytdi. Kiyev va Vashington shu hafta mineral resurslar bo‘yicha kelishuvni imzolaydi.

Uzr so‘ramadi, lekin pushaymonlik bildirdi

AQShda Zelenskiy Tramp bilan munosabatlarni tiklash uchun ommaviy kechirim so‘rashi kerakligi aytilayotgandi. Ukraina prezidenti to‘g‘ridan to‘g‘ri kechirim so‘ramadi, lekin Trampning ish kabinetidagi o‘sha voqeadan afsusda ekanini aytdi.

«Avvalo Ukraina tinchlikka intilayotganini ta’kidlamoqchiman. Hech birimiz oxiri yo‘q urushni istamaymiz. Ukraina tinchlikni yaqinlashtirish uchun imkon qadar tezroq muzokara stoliga o‘tirishga tayyor. Men va jamoam Trampning kuchli boshqaruvi ostida mustahkam tinchlikka erishishga tayyormiz.

Urushni tugatish uchun tezda ishga kirishishga shaymiz. Asirlarni ozod qilish, osmonda tinchlikka erishish, olis masofaga uchadigan raketalarni taqiqlash, energetika va boshqa fuqarolik obektlariga zarbalarni to‘xtatish, dengizda tinchlikka erishish bu borada birinchi qadam bo‘lishi mumkin. Agar Rossiya ham shuni istasa, albatta.

Keyingi bosqichga ham tezda o‘tib AQSh bilan mustahkam tinchlik borasida yakuniy kelishuvni imzolashni istaymiz. Amerika Ukrainaga o‘z mustaqilligini saqlab qolish uchun chindan katta yordam berganini qadrlaymiz. Va, albatta, prezident Tramp bizga Javelin’larni berganda hammasi o‘zgara boshlaganini ham unutmaymiz.

Juma kuni Oq uydagi uchrashuvimiz ko‘ngildagidek o‘tmadi. Bunday bo‘lganidan afsusdaman. Hammasini tuzatish vaqti keldi. Kelajakdagi muloqotlar samarali bo‘lishidan umidvorman.

Ukraina mineral resurslar bo‘yicha kelishuvni istalgan vaqtda, istalgan qulay formatda imzolashga tayyor. Bu kelishuv xavfsizlik kafolati yo‘lida tashlangan katta qadam bo‘ladi deb o‘ylayapmiz. Umid qilaman, shartnoma o‘z samarasini beradi», deb yozdi Zelenskiy Twitter sahifasida.

«Zelenskiydan xat oldim»

AQSh prezidenti Donald Tramp kecha kongressda chiqish qildi. Minbarda nutq so‘zlarkan Tramp Zelenskiydan xat olgani, Ukraina kelishuvga roziligini mamnun bo‘lib aytdi. Tramp tabiiyki, xat deb Zelenskiyning postini nazarda tutdi.

Reuters Ukraina va AQSh mineral resurslar bo‘yicha kelishuvni Tramp kongressda chiqish qilishidan avval imzolashi haqida xabar bergandi. Aftidan tomonlar bunga ulgurmagan, lekin hafta davomida kelishuv imzolanishi kutilmoqda. Ammo hujjat qayerda, kimlar ishtirokida imzolanishi, Zelenskiy navbatdagi marta AQShga borish-bormasligi aniq emas.

Tramp kongressdagi chiqishida Rossiyadan ular ham tinchlikka tayyorligi haqida kuchli signal olganini aytdi. Uning gaplarini respublikachilar olqishlar bilan qarshiladi. Demokratlar esa jim turishdi, ba’zilari zaldan chiqib ham ketdi.

Hal qiluvchi qaror

Zelenskiy Twitter’da yuqoridagi postini yozgan bir vaqtda uning Telegram-kanalida boshqa mazmundagi videomurojaat e’lon qilindi. Unda Kiyevdagi ko‘chada turib gapirgan Zelenskiy harbiylar va razvedkachilarga AQSh chindan Kiyevga qurol yuborishni to‘xtatgani haqida aniq ma’lumot olishni topshirganini aytdi. Oldinroq Tramp Ukrainaga qurol-yarog‘ yuborishni to‘xtatib qo‘ygani aytilgan, lekin bu haqda rasman e’lon qilinmagandi.

Aftidan, Kiyev qurol olishni chindan to‘xtatgan va bu mineral resurslar bo‘yicha kelishuvni imzolash uchun hal qiluvchi bosim bo‘lgan. Chunki Amerika qurollarisiz, ayniqsa, havo hujumidan mudofaa tizimlarisiz Rossiyadan himoyalanish deyarli imkonsiz masala.

Amerika nashrlarining yozishicha, Zelenskiy kuchli Tramp bilan shartnoma imzolashga tayyor ekanini aytganidan keyin ham AQSh prezidenti Kiyevga qurol yuborish taqiqini bekor qilmagan. Tramp qurol yuborishni Zelenskiy Rossiya bilan muzokaraga tayyor ekanini bildirgach tiklamoqchi.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid