G‘azo tarafdorlariga Trampdan sanksiyalar, uzrnoma e’lon qilgan Zelenskiy va Yevropaning mudofaa rejasi - kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
«G‘azoni falastinliklarning o‘zi tiklaydi»
Falastin tashqi ishlar chet elliklar bo‘yicha davlat vaziri Varsen Ag‘abekyan G‘azo sektorini falastinliklar o‘z kuchi bilan tiklashini va Donald Trampning majburiy ko‘chirib yuborish rejasi amalga oshmasligini bildirdi.
Jyenevadagi BMT inson huquqlari kengashi sessiyasida Ag‘abekyan bu g‘oya xalqaro qo‘llovga ega emasligini aytdi. Unga ko‘ra, dunyoda bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlaydigan yagona davlat — Isroil. AQShda ham bunday g‘oyaning amalga oshishiga qarshi fikrlar bildirilgan.
Ag‘abekyan Turkiyaning Falastinga ko‘rsatayotgan yordamini yuqori baholab, Anqara falastinliklarning mustaqilligi yo‘lida diplomatik va humanitar ko‘mak berishda davom etishini ta’kidladi.
Livan va Saudiyaning Isroilga talabi
Livan va Saudiya Arabistoni Isroildan janubiy Livandan qo‘shinlarini zudlik bilan olib chiqishni talab qildi. Bu haqda Livan prezidenti Jozef Aun va Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad ibn Salmonning qo‘shma bayonotida aytilgan.
Tomonlar «Toif kelishuvi» va xalqaro rezolyutsiyalarni bajarish, Livan hududiy yaxlitligini ta’minlash muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, Saudiya Livanga iqtisodiy yordam berish, bozorini ochish va sayohatlarni qayta tiklashga tayyor ekanini ma’lum qildi.
Isroil va Livan o‘rtasidagi oteshkesim 2024 yil 27 noyabrda imzolangan, unga ko‘ra, Isroil 60 kun ichida qo‘shinlarini olib chiqishi kerak edi. Ammo Tel Aviv bu muddatni 18 fevralga qadar uzaytirdi. Bu vaqtga kelib, Livan armiyasi ozod qilingan 11 uchastkani nazoratga olgan bo‘lsa-da, Isroil 5 ta chegara nuqtasini o‘z nazorati ostida saqlab turibdi.
Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, oteshkesimdan keyin 82 nafar kishi halok bo‘lgan, 270 nafar inson yaralangan.
Tramp namoyishlarga qarshi sanksiyalar e’lon qildi
AQSh prezidenti Donald Tramp Falastinni qo‘llab-quvvatlab o‘tkaziladigan namoyishlarga qarshi qat’iy choralar ko‘rishini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, bu kabi aksiyalarga yo‘l qo‘yadigan o‘quv muassasalari federal moliyalashtirishdan mahrum qilinadi, ishtirokchilar esa hibsga olinishi, o‘qishdan chetlatilishi yoki deportatsiya qilinishi mumkin.
Tramp Truth Social tarmog‘idagi bayonotida «har qanday noqonuniy namoyishlarni tashkil qilgan shaxslar qamoqqa olinishi yoki o‘z mamlakatlariga qaytarilishi» haqida yozdi. U, shuningdek, namoyishlarda niqob taqishni taqiqlashni rejalashtirayotganini ta’kidladi.
Bu qaror AQSh universitetlaridagi Falastin taraf bo‘lib uyushtirilayotgan namoyishlarining keskin kuchaygani ortidan qabul qilindi. Yaqinda Tramp antisemitizmga qarshi kurashish bo‘yicha ijroiy farmon imzolagan edi. Hujjatga ko‘ra, 60 kun ichida falastinparast harakatlarda ishtirok etgan xorijiy talabalarning deportatsiya qilinishi bo‘yicha takliflar tayyorlanishi kerak.
AQSh husiychilarni terrorchi tashkilot deb e’lon qildi
AQSh prezidenti Donald Tramp qaroriga ko‘ra, Davlat departamenti Yaman husiychilarining «Ansorulloh» harakatini xalqaro terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritdi. Bu haqda davlat kotibi Marko Rubio ma’lum qildi.
Vashington husiychilarning moliyaviy manbalarini to‘sish va ularning hujumlarini to‘xtatish uchun mintaqaviy sheriklar bilan hamkorlik qilishini bildirdi. AQSh harakatni Eronning Islom inqilobi muhofizlari korpusi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan guruh sifatida baholadi.
Husiychilar bu qarorga javoban AQSh kemalarining Bob-ul-Mandib bo‘g‘ozidan o‘tishini taqiqlash va Yamanda harbiy harakatlarni kuchaytirish tahdidi bilan chiqdi. AQSh ularni mintaqadagi xavfsizlikka tahdid soluvchi guruh sifatida baholab, harakatlariga qarshi keskin choralar ko‘rishini ma’lum qildi.
Zelenskiy bo‘lib o‘tgan ishlardan afsusda
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va uning jamoasi «Prezident Trampning kuchli rahbarligi ostida ishlash»ga tayyor ekanini ma’lum qildi.
«Biz chindan ham Amerika Ukrainaga o‘z mustaqilligi va suverenitetini saqlab qolishda qanchalik ko‘p yordam berganini qadrlaymiz. Biz barchasi o‘zgarib ketgan onda prezident Tramp Ukrainaga Javelin tankka qarshi raketa tizimlarini taqdim etganini ham yaxshi eslaymiz. Biz buning uchun minnatdormiz.
Bizning Vashingtonda Oq uydagi juma kungi uchrashuvimiz kutilganidek o‘tmadi. Barchasi shunday yakunlanganidan afsusdamiz. Barchasini to‘g‘rilash vaqti keldi», — deb yozgan Ukraina prezidenti rasmiy akkauntlari orqali.
Zelenskiy mineral resurslar va xavfsizlik bo‘yicha kelishuvlarni Ukraina istagan vaqtda va istalgan shaklda imzolashga tayyorligini ma’lum qildi. «Biz bu kelishuvni xavfsizlikni mustahkamlash va ishonchli xavfsizlik kafolatlari sari qadam o‘laroq baholaymiz hamda sidqidildan umid qilamanki, u samarali ishlaydi», — degan Zelenskiy.
AQSh rasmiylari avvalroq Zelenskiydan Oq uydagi dahanaki jang uchun kechirim so‘rash va muzokaralarga qaytishni kutayotganini shama qilgan edi. Bloomberg nashri avvalroq endi oddiy kechirim yetarli bo‘lmasligi va Zelenskiy Trampning ishonchini qayta qozonish uchun jiddiy sa’y-harakat qilishi mumkinligini yozgandi.
Tramp Ukraina tinchlik kelishuvlari sari qadam bosmas ekan, Kiyevga harbiy yordam ko‘ratishni vaqtinchalik to‘xtatish to‘g‘risida farmoyish ham bergan edi.
Bu orada Ukraina bosh vaziri Denis Shmigal Ukraina nodir qazilma boyliklari bo‘yicha shartnoma imzolashga tayyor ekanini ma’lum qildi.
Yevropada 800 mlrd yevrolik mudofaa rejasi
Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayyen Yevropani qayta qurollantirishni nazarda tutuvchi «Rearm Europe» rejasini e’lon qildi. Unga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi davlatlari kelgusi yillarda mudofaa xarajatlari uchun 800 mlrd yevrogacha mablag‘ ajratishi kerak bo‘ladi.
Reja besh asosiy yo‘nalishdan iborat: budjet cheklovlarini vaqtincha bekor qilish, 150 mlrd yevrolik mudofaa krediti jalb qilish, mamlakatlarga qo‘shimcha imtiyozlar berish, xususiy investitsiyalarni jalb etish va harbiy xarajatlarni ko‘paytirish.
2024 yilda YeI mudofaa xarajatlari 326 mlrd yevroga yetgan bo‘lib, bu ittifoq yalpi ichki mahsulotining 1,9 foizini tashkil etadi. Yevropa davlatlari mudofaa xarajatlarini yalpi ichki mahsulotning 2 foizigacha oshirishni muhokama qilmoqda.
Fon der Lyayyenning taklifi AQSh prezidenti Donald Tramp Ukrainaga harbiy yordamni muzlatish haqida buyruq bergani haqida xabar tarqalganidan keyin e’lon qilindi. Haagadagi NATO sammitida Yevropa mudofaasiga oid yakuniy qaror qabul qilinishi kutilmoqda.
AQShdan Kanada va Meksikaga boj
AQSh prezidenti Donald Tramp Kanada va Meksikadan keladigan tovarlarga 25 foizlik boj to‘lovi joriy etilishini e’lon qildi. Bu qaror seshanba kuni soat 12:01 da kuchga kiradi. Kanadaning energetika sohasi uchun tarif 10 foiz etib belgilandi.
Bu e’lon ortidan AQSh fond bozorida tushish, Kanada va Meksika valutalari qadrsizlanishi kuzatildi. Tramp bu chora avtomobil zavodlarini va boshqa ishlab chiqarish korxonalarini AQShga qaytarish uchun qo‘llanayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, 2 aprelda Tramp Xitoy tovarlari uchun import bojlarini 10 foizdan 20 foizga oshirishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Pekin AQShga noqonuniy fentanil yetkazib berishni to‘xtatish uchun yetarli choralar ko‘rmagan.
Kanada va Meksika bu choralarga javob qaytarishini e’lon qildi. Kanada tashqi ishlar vaziri Melani Joli bu vaziyatni «xaos va noaniqlik» deb baholadi, Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum esa javob tarifi tayyorlanayotganini ma’lum qildi.
Qozog‘istondan ko‘chayotganlar asosan Rossiyaga yo‘l olishmoqda
2024 yilda Qozog‘iston fuqaroligidan voz kechgan 19 ming 888 kishining 85 foizi Rossiyaga ko‘chib o‘tdi. Bu haqda Kazinform agentligi Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligiga tayanib xabar bermoqda.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, 16 ming 941 kishi Rossiyaga, 725 kishi Turkiyaga, 462 kishi AQShga, 260 kishi Kanadaga, 168 kishi Buyuk Britaniyaga ko‘chib ketgan. 2025 yilning yanvar oyida esa 1513 kishi fuqarolikdan voz kechgan va ularning ham katta qismi — 1165 kishi Rossiyaga yo‘l olgan.
Shu bilan birga, 2024 yilda Qozog‘iston 20,2 ming chet ellikka fuqarolik bergan. Ularning 77 foizi (15,6 ming kishi) qondoshlar (tarixiy vataniga qaytgan qozoqlar) bo‘lgan. Lekin bu 2023 yilga nisbatan 25 foizga kam.
Mavzuga oid

13:09 / 10.03.2025
Elektrdan uzilgan G‘azo, Sudjaga gaz quvuri orqali hujum va Tramp kelishi bilan yanada boyigan rossiyalik milliarderlar - kun dayjesti

15:46 / 08.03.2025
Muzokaralardan norozi Netanyahu, Suriyada Rossiya bazalari yaqinida janglar va sulh uchun shart qo‘yayotgan Kreml - kun dayjesti

14:15 / 07.03.2025
HAMASdan Trampga, Putindan Makronga javoblar, Zalujniyning bayonotlari va Saudiyada kutilayotgan muzokaralar - kun dayjesti

13:34 / 06.03.2025