Jahon | 10:01 / 04.03.2025
7262
4 daqiqa o‘qiladi

Rada Trampning urushni tugatish bo‘yicha tashabbuslarini olqishladi

Ukraina parlamenti Donald Trampning «tinchlikni saqlash» harakati urushni tugatish uchun «hal qiluvchi ahamiyatga ega» ekanini bildirdi va AQSh bilan strategik hamkorlikni yanada rivojlantirish zarurligini ta’kidladi.

Foto: Shotshop/Hajo Obuchoff/picture alliance

Ukraina parlamenti mamlakat xavfsizligi Qo‘shma Shtatlar ko‘magi bilan ta’minlanayotganini va bu mamlakat prezidenti Donald Trampning tinchlikparvarlik sa’y-harakatlari Rossiyaning Ukrainaga qarshi uch yildan ortiq davom etib kelayotgan agressiv urushini to‘xtatishda «hal qiluvchi» ekanini ta’kidladi. Bu haqda 3 mart, dushanba kuni kechqurun Ukraina parlamenti saytida ingliz tilida chop etilgan bayonotda aytilgan.

«Amerika Qo‘shma Shtatlarining Ukrainaning strategik hamkori sifatidagi hissasi xalqaro ittifoqchilar orasida mamlakatimizni o‘z tarixining eng og‘ir davrlarida qo‘llab-quvvatlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega edi», — deya ta’kidlaydi ukrainalik parlamentariylar. Ularga ko‘ra, «Ukraina buyuk Amerika xalqining AQShning global yetakchiligini har tomonlama tiklashga intilishini chuqur hurmat qiladi».

Hujjatda, shuningdek, «AQSh bilan strategik sheriklikni, ayniqsa, muhim foydali qazilmalarni qidirish sohasida yanada rivojlantirish zarurligi» ta’kidlangan. «Ukraina Oliy radasi tasdiqlaydiki, Ukraina mustaqil va suveren davlat, Ukraina xalqi esa — ozod va bo‘ysunmagan bo‘lib qolishi kerak. Biz birgalikda kuchliroqmiz!» Vashington vaqti bilan soat 15:00 da e’lon qilingan Ukraina parlamentining Donald Tramp, AQSh Kongressi va Amerika xalqiga murojaati shu so‘zlar bilan yakunlanadi.

Tramp: Ukraina resurslari bo‘yicha kelishuv «o‘lmadi»

Shu kuni ertalab AQSh prezidenti amerikalik jurnalistlarga o‘z mamlakatining Ukrainadagi noyob metallarga kirishini ta’minlash bo‘yicha kelishuv «o‘lik» ekaniga ishonmasligini aytdi. Ertasi kungi nutqida u bu haqda batafsilroq gapirishga va’da berdi. Bu bilan u bir kun avval AQSh moliya vaziri Skott Bessentning CBS News telekanaliga bergan intervyusida Ukraina bilan nodir metallar bo‘yicha kelishuv hozirda «muzokaralar stolida yo‘q» degan bayonotini tasdiqlamadi.

Ommaviy axborot vositalarida Rossiyaga nisbatan ayrim sanksiyalarni bekor qilishga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqidagi xabarlarga izoh berar ekan, Tramp AQSh urushni tugatish uchun «hamma bilan, jumladan, Yevropa davlatlari bilan ham kelishuvga kirishayotganini» aytdi. Amerika yetakchisi, shuningdek, Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga Yevropadan ko‘ra «ko‘proq» berganini va shuning uchun Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy «ko‘proq minnatdor» bo‘lishi kerakligini yana bir bor ta’kidladi.

Avvalroq Ukraina prezidenti Kiyev va Vashington o‘rtasida tog‘-kon bo‘yicha kelishuvni «imzolashga hamon tayyor» ekanligini va Qo‘shma Shtatlar bilan «konstruktiv muloqot»ni istashini aytdi. «Men shunchaki Ukraina pozitsiyasi eshitilishini istayman. Biz sheriklarimiz bu urushda tajovuzkor kim ekanligini eslab qolishlarini istaymiz», dedi Zelenskiy Britaniyaning BBC media kompaniyasiga bergan intervyusida.

Mavzuga oid