Jahon | 21:51 / 02.03.2025
3076
3 daqiqa o‘qiladi

Isroil G‘azo sektoriga gumanitar yordamlar o‘tishini to‘sib qo‘ydi

HAMAS Isroilni mo‘rt sulhni buzishga urinishda aybladi va gumanitar yordamni to‘xtatish qarorini «arzon tovlamachilik, harbiy jinoyat va sulh bitimini qo‘pol ravishda buzish» deb atadi.

Foto: Anadolu Agency

Isroil G‘azo sektoriga gumanitar yordam yetkazib berishilini to‘xtatib qo‘ydi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Binyamin Netanyahu kanselyariyasiga tayanib, Euronews xabar berdi.

Qayd etilishicha, Isroil tomoni agar HAMAS AQShning o‘t ochish rejimini uzaytirish taklifini qabul qilmasa, «qo‘chimcha oqibatlardan» ogohlantirilgan.

Oldinroq Tel-Aviv Ramazon va Pasxa oxiriga qadar, ya’ni 20 aprelgacha o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lgandi. Bu boradagi taklif AQSh prezidenti Donald Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha vakili Stiv Uitkoffdan kelib tushgan.

O‘z navbatida HAMAS Isroilni mo‘rt sulhni buzishga urinishda aybladi va gumanitar yordamni to‘xtatish qarorini «arzon tovlamachilik, harbiy jinoyat va sulh bitimini qo‘pol ravishda buzish» deb atadi.

Isroil G‘azoga o‘tuvchi barcha chegara yo‘llarini, jumladan, Misr bilan chegaradagi o‘tkazish punktini ham nazorat qiladi.

Isroil va HAMAS o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi sulhning 1 mart kuni yakuniga yetgan birinchi bosqichida gumanitar yordam hajmini oshirish ko‘zda tutilgan edi. Har ikkala tomon ham sulhning ikkinchi bosqichini kelishib olishi kerak, uning doirasida HAMAS o‘nlab garovdagilarni Isroil qo‘shinlarining olib chiqib ketilishi va o‘t ochishni to‘xtatish muddatini uzaytirish evaziga ozod etadi.

Taklifga ko‘ra, HAMAS birinchi kun garovdagi isroilliklarning yarmini ozod etadi, qolgalari esa o‘t ochishni doimiy to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganidan keyin qo‘yib yuboriladi.

G‘azodagi gumanitar inqiroz

G‘azo sektorida yashovchi falastinliklar gumanitar inqirozdan aziyat chekmoqda va yordam kelishi to‘xtatib qo‘yilsa, vaziyat yanada og‘irlashishi mumkin. BMT hisobotiga ko‘ra, anklavdagi 60 foizdan ortiq uylar (292 mingga yaqin) va yo‘llarning 65 foizi vayron qilingan.

Ko‘plab odamlar boshpanasiz qolmoqda, toza ichimlik suviga ehtiyoj bor, sanitariya sharoiti mavjud emas va bularning barchasi kasalliklar avj olishiga olib kelishi mumkin.

Mavzuga oid