Jahon | 14:47 / 01.03.2025
5583
11 daqiqa o‘qiladi

Oq uydagi dahanaki jang, Ramazonda Al-Aqsoga qo‘yilmayotgan falastinliklar va AQShda statusi kuchayayotgan ingliz tili - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Isroil Al-Aqso masjidiga kirishni cheklamoqda

Isroil Ramazon oyida falastinliklar uchun Al-Aqso masjidiga kirishda yangi cheklovlar joriy qilishni rejalashtirmoqda.

Okkupatsiya ostidagi Sharqiy Quddusda keskinlik ortib borar ekan, Isroil hukumati G‘azodagi otashkesim kelishuvlari doirasida hibsdan ozod qilingan falastinliklarni masjidga kirishdan butunlay cheklash haqida qaror qabul qildi.

Isroil matbuotining xabar berishicha, Al-Aqso masjidi atrofiga 3 mingga yaqin politsiyachi joylashtiriladi.

Shuningdek, G‘arbiy sohilda yashovchi falastinliklardan faqat 10 ming nafariga masjidga kirishga ruxsat beriladi. Masjidga kirishga ruxsat olganlar ham faqat 55 yoshdan oshgan erkaklar va 50 yoshdan oshgan ayollar bo‘lishi talab qilinadi.

Tramp va Zelenskiy muzokarasi muvaffaqiyatsiz yakunlandi

Ukraina va AQSh prezidentlari juma kuni Oq uyda keskin bahslashgan holda muzokara o‘tkazdi va Ukraina tabiiy resurslaridan foydalanish bo‘yicha kelishuv imzolanmaydigan bo‘ldi.

Tramp muzokaralardan keyingi bayonotida Zelenskiyni «tinchlikka tayyor emas» deb hisoblashini aytdi va u vaziyat o‘zgarganda qaytib kelishini ta’kidladi.

Prezidentlar va AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens matbuot ishtirokida suhbatni boshlab, tez orada keskin bahsga aylantirib yuborgan. Tramp va Vens Zelenskiyni «AQShga yetarlicha minnatdorchilik bildirmayotganlikda» aybladi va uning Rossiyaga qarshi kurashi faqatgina amerikaliklarning yordami tufayli kechayotganini urg‘uladi.

Tramp yana bir bor urush uchun Ukraina javobgar ekanini ta’kidladi va Zelenskiyni tinchlikka intilmaslikda aybladi.

Zelenskiy esa Rossiya prezidenti Vladimir Putinga ishonib bo‘lmasligini bildirdi va yana bir bor AQShdan xavfsizlik kafolatlarini talab qildi. Tramp esa bu talabga «tinchlik kelishuvidagi 2 foiz» deb javob qaytardi.

Zelenskiy Tramp bilan muzokaralardan keyin Oq uyni muddatidan oldin tark etdi.

AQSh va Ukraina yetakchilarining matbuot anjumani o‘tkazilmaydigan bo‘ldi. Shuningdek, nodir foydali qazilmalar bo‘yicha imzolanishi kerak bo‘lgan bitim bekor qilindi.

Oq uydagi dahanaki jang nimadan kelib chiqdi?

Ikki tomonlama muzokara davomida Tramp «Muammo shundaki, siz kuchli yigit bo‘lishingiz uchun men sizni qurollantirdim. Menimcha, AQShsiz siz bunday yigit bo‘la olmasdingiz. Odamlaringiz jasur, lekin siz ham kelishuvga ko‘nishingiz kerak yoki biz ketamiz. Agar biz ketsak, yaxshi bo‘lmaydi. Buni tezda ko‘rasiz. Sizda kuzir qarta yo‘q. Lekin kelishuvni imzolasak, siz ancha yaxshi pozitsiyada bo‘lasiz. Lekin siz minnatdor bo‘lmayapsiz. Bu yomon, ochig‘ini aytganda», dedi.

«Putin o‘t ochishni to‘xtatish shartlarini buzdi, odamlarimizni o‘ldirdi, asirlarimizni almashmadi. Biz asir almashish bo‘yicha kelishuv imzoladik, lekin u shartga amal qilmaydi. Qanaqa diplomatiya haqida gapiryapsiz?» dedi Zelenskiy.

Suhbatga Jyey Di Vens aralashdi: «Men mamlakatingizni yo‘q bo‘lishdan asrab qoluvchi diplomatiya haqida gapiryapman», degan u va so‘ngra Trampga yuzlangan: «Janob prezident, hurmatni saqlagan holda aytish kerakki, Oval kabinetga kelib OAV huzurida bunday bahslashish hurmatsizlikdir. Hozirgi pallada yigitlar, sizlar chopib armiyaga chaqiriqni kuchaytiryapsizlar, chunki ikkalalaringda ham frontda muammo bor».

«Ukrainaga keling, muammolarimizni ko‘rasiz», degan Zelenskiy.

Vens hammasini onlayn ko‘rgani, odamlar propaganda turlariga borayotganini pisanda qilgan. «Sizda chaqiriq bilan bog‘liq muammolar borligini inkor etasizmi? Siz Oval kabinetga kelib, mamlakatingiz yo‘q bo‘lishining oldini olmoqchi bo‘layotgan ma’muriyatga hujum qilyapsiz», degan u.

«Mening ko‘p savollarim bor, keling boshidan boshlaymiz. Birinchidan, urush vaqtida hammada muammo bo‘ladi. Hattoki sizda ham, lekin ajoyib okeaningiz bor, muammolarni hozir emas, kelgusida his qilasizlar», degan Zelenskiy.

Bu gap Trampni g‘azabga keltirgan: «Bizning nimalar his qilishimizni gapirish sizga emas. Siz unday vaziyatda emassiz, sizning qo‘lingizda qartalar yo‘q. Siz uchinchi jahon urushini o‘rtaga tikib, qimor o‘ynayapsiz».

«Men gapirsam maylimi, janob prezident?» deya Zelenskiy uning so‘zini bo‘lishga uringan.

«Yo‘q, siz shundoq ham ko‘p gapirib yubordingiz. Siz bu mamlakatdan minnatdor bo‘lishingiz kerak. Mamlakatingiz katta muammolar girdobida. Anavi ahmoq prezident sizga 350 mlrd pul bergan. Biz mamlakatingizni qutqarib, urushni to‘xtatmoqchimiz. Siz bizga «o‘t ochishni to‘xtatishni istayman yoki istamayman», deya olmaysiz. Bizsiz sizning qo‘lingizda kuchli qarta yo‘q.

«Men bu yerga qarta o‘ynagani kelganim yo‘q», degan Zelenskiy.

«Bizning qurollarimiz va texnikalarimiz bo‘lmaganida, urush ikki haftada tugagan bo‘lardi», deya minnat qilgan Tramp.

«Putindan uch kun haqida eshituvdik, endi ikki hafta tilga olindi. Bu televideniye uchun ajoyib shou bo‘ladi», deya Zelenskiy o‘rnidan turgan.

Oq uy jurnalistlari bunday keskin bahs avval kuzatilmaganini ta’kidlamoqda.

Bungacha Fox News jurnalisti nega Zelenskiy oliy darajadagi uchrashuvga kostyumsiz kelganini so‘ragan. Zelenskiy bunga javoban urush tugaganidan so‘ng kostyum kiyaman, degan. Reportyor, o‘z kostyumini ko‘rsatib, «shunaqasidanmi?» deb so‘rasa, Zelenskiy: «Balkim shunaqadir, balkim zo‘rroqdir, balkim bundan arzon bo‘lar», deb uni ham chaqib olgan.

Yevropa yetakchilari Zelenskiyni qo‘llab-quvvatlashdi

Oq uyda Vladimir Zelenskiy va Donald Tramp o‘rtasidagi keskin tortishuvdan so‘ng Ukraina prezidenti AQShga tashrifini muddatidan avval yakunladi. Yevropaning yetakchi siyosatchilari Kiyevga bir ovozdan qo‘llab-quvvatlash bildirishdi.

Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches va Litva prezidenti Gitanas Nauseda birinchilardan bo‘lib «Ukraina, sen hech qachon yolg‘iz qolmaysan», deb yozishdi.

Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayyen: «Kuchli, jasur va qo‘rqmas bo‘ling. Biz Ukraina bilan birgalikda adolatli va barqaror tinchlik yo‘lida ishlashda davom etamiz», dedi.

Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar rahbari Jozep Borrel «Vashingtondagi mojarodan so‘ng Ukrainaga harbiy yordamni kuchaytirishni va’da qilamiz», deb yozdi.

Portugaliya bosh vaziri: «Ukraina bizning qo‘llab-quvvatlashimizga ishonishi mumkin» dedi, Chexiya prezidenti Petr Pavel esa «Biz Ukrainaga har qachongidan ham kuchliroq yordam bermoqdamiz. Yevropa o‘z harakatlarini kuchaytirishi lozim» deb yozdi.

Germaniyaning ehtimoliy kansleri Fridrix Mers: «Aziz Volodimir Zelenskiy, biz Ukraina bilan yaxshi va og‘ir damlarda ham birgamiz. Bu dahshatli urushda agressor va jabrdiydani adashtirib bo‘lmaydi», deb yupatdi.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ham Zelenskiy va Tramp o‘rtasidagi tortishuvga munosabat bildirdi:

«Biz hammamiz vaziyatni yaxshi tushunamiz. Agressor — bu Rossiya. Hujumga duchor bo‘lgan davlat esa Ukraina. Biz 3 yil avval Ukrainaga yordam berish va Rossiyaga qarshi sanksiya joriy etishda to‘g‘ri qaror qildik va hozir ham shunday yo‘l tutyapmiz. Bu kurash – faqat Ukraina uchun emas, balki Yevropa xavfsizligi uchun ham muhim», deb yozdi Makron.

Financial Times nashrining xabariga ko‘ra, Tramp va vitse-prezident Jyey Di Vens Zelenskiyni muzokaralarda zaif holatga tushirish uchun unga bosim o‘tkazishni rejalashtirgan. CNN ma’lumotiga ko‘ra, mojarodan so‘ng Tramp Oval kabinetda maslahatchilari bilan shoshilinch yig‘ilish o‘tkazgan.

AQShda ingliz tili rasmiy til bo‘ladimi?

Donald Tramp prezidentlikka qaytish holatida ingliz tilini rasmiy maqomga ega deb e’lon qilish haqida farmon imzolashni rejalashtirmoqda.

The Wall Street Journal gazetasining xabar berishicha, bu qaror mamlakat hukumat faoliyatini samaraliroq qilish va jamiyatda birdamlikni ta’minlash maqsadida qabul qilinmoqda.

Farmon, shuningdek, 1990-yillarda sobiq prezident Bill Klinton tomonidan qabul qilingan qoidani bekor qiladi. Unga ko‘ra, davlat agentliklari va federal moliya oladigan tashkilotlar ingliz tilini bilmaydigan shaxslarga tarjima xizmatlari ko‘rsatishi shart edi.

Shu bilan birga, hukumat idoralari va tashkilotlar istasa, hujjat va xizmatlarni ingliz tilidan tashqari boshqa tillarda ham taqdim etishlari mumkin.

Donald Tramp o‘z saylovoldi kampaniyasi davomida migrant talabalar sinfxonalarda ingliz tilini bilmagani uchun muloqot qila olmasligi masalasidan xavotir bildirgandi. U bir necha bor AQSh aholisi bir xil tilda — ingliz tilida gaplashishi kerakligini ta’kidlagan.

Tramp surati tushirilgan dollar?

AQShda 250 dollar qiymatidagi Donald Tramp surati joylashtirilgan dollarni bosib chiqarish taklifi bildirildi.

Bunday tashabbusni Janubiy Karolinadan saylangan respublikachi kongressmen Jo Uilson ilgari surgan.

«Men Gravirovka byurosi va bosmaxonasiga Tramp surati tushirilgan 250 dollarlik banknota yaratish haqida qonun loyihasini ishlab chiqyapman. Bayden inflatsiyasi iqtisodiyotni yemirdi, bu esa amerikaliklarni ko‘proq naqd pul olib yurishga majbur qilmoqda», — deb yozdi Uilson X ijtimoiy tarmog‘ida.

Biroq AQShda 1866 yildan beri amal qilayotgan qonunga ko‘ra, tirik odamlarning tasvirlarini banknot va tangalarga joylashtirish taqiqlangan.

Mavzuga oid