Jahon | 13:46 / 28.02.2025
3362
9 daqiqa o‘qiladi

Isroilni beshafqatlikda ayblagan BMT, Rossiyaga qarshi sanksiyalarni uzaytirgan AQSh va Ukrainaga yordamni kuchaytirayotgan NATO - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Isroil 641 falastinlikni ozod qildi

Isroil kechiktirilgan ayirboshlash doirasida 641 falastinlik mahbusni ozod qildi. Ular Ramallaga olib kelindi.

Ozod qilinganlar orasida yillar davomida oilalaridan ajralganlar yaqinlarini og‘ir his-tuyg‘ular bilan qarshi oldi. Shu bilan birga, ayrim mahbuslar qamoqda salomatligi yomonlashganidan shikoyat qildi.

Shu tariqa, birinchi bosqich doirasida ozod qilingan falastinliklar soni 1776 nafarga yetdi.

BMT Isroilni beshafqatlikda aybladi

BMTning inson huquqlari bo‘yicha komissari Folker Turk Isroil G‘azoda inson huquqlarini qo‘pol ravishda buzganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroilning harakatlari xalqaro huquqqa zid va insonparvarlik yordamini to‘sib kelmoqda.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, mintaqaning katta qismi vayronaga aylangan, halok bo‘lganlar soni 48 mingdan oshgan. Suv ta’minoti hanuz tiklanmagan, Isroil esa vaqtinchalik chodirlar va qurilish texnikasini kiritishni taqiqlamoqda.

Isroil BMT yig‘ilishida ishtirok etmadi va harakatlarini HAMASga qarshi kurash deb baholadi. Biroq, Turk va xalqaro tashkilotlar Isroil qasddan fuqarolik obektlarini nishonga olganini ta’kidladi.

BMT mustaqil tergov o‘tkazishga chaqirdi, lekin komissar Isroil sud tizimi haqiqiy javobgarlikni ta’minlay olishiga shubha bildirdi.

Turkiya: Musulmon davlatlar o‘zaro adovat qilmasin

Turkiya tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan musulmon davlatlarning o‘zaro dushmanlik qilishi noto‘g‘ri ekanini ta’kidladi. Uning fikricha, Misr, Iordaniya va Fors ko‘rfazi davlatlari Isroilga nisbatan qat’iyroq pozitsiya egallashi lozim.

Fidan Isroilning G‘azodagi harakatlarini genotsid deb baholab, bu nafaqat mintaqani vayron qilayotgani, balki butun xalqaro tizimni yanada noustuvor qilayotganini bildirdi. U Donald Trampning G‘azo bo‘yicha taklifini rad etib, bu faqat AQSh va Isroil tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganini aytdi.

Turkiya tashqi ishlar vaziri HAMASni Falastin davlatidagi boshqa partiyalar singari qonuniy siyosiy kuch, deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, HAMAS harakati Isroil bosqini tufayli shakllangan va uni yo‘q qilish mustaqil davlat qurish g‘oyasining yo‘q bo‘lishiga olib kelmaydi.

Rossiya va AQSh diplomatlari Istanbulda uchrashdi

Rossiya delegatsiyasi Istanbuldagi AQSh bosh konsulligiga tashrif buyurib, diplomatik vakolatxonalar faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan «tizimli muammolar»ni bartaraf etish masalasini muhokama qildi.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov uchrashuv yuqori martabali ekspertlar darajasida o‘tayotganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, AQShning oldingi ma’muriyati Rossiya diplomatlari faoliyatiga cheklovlar joriy qilgan, Moskva esa xuddi shunday choralar bilan javob qaytargan.

Bu muzokaralar 18 fevral kuni Ar-Riyodda boshlangan diplomatik muloqotning davomi bo‘ldi. O‘shanda tomonlar ikki tomonlama munosabatlarni normallashtirish va Ukrainadagi mojaroni bartaraf etish yo‘llarini muhokama qilgan edi.

AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan shaxsiy uchrashuv rejalashtirayotganini tasdiqlab, muzokaralar Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tishi mumkinligini aytdi. Turkiya esa tinchlik jarayonini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirgan.

Tramp Rossiyaga qarshi sanksiyalarni uzaytirdi

AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiyaga nisbatan avvalroq joriy etilgan ayrim sanksiyalarni yana bir yilga uzaytirish haqida farmon imzoladi.

Ushbu cheklovlar 2014, 2018 va 2022 yillarda Ukraina inqirozi munosabati bilan qabul qilingan edi. Tramp sanksiyalarni bekor qilish masalasini Ukrainadagi urush hal bo‘lgandan so‘ng ko‘rib chiqishini ta’kidladi. Prezidentning aytishicha, Rossiya tarafga kelishuvga erishish uchun muayyan murosalarga borishga to‘g‘ri keladi.

Ushbu qaror AQSh va Rossiya o‘rtasidagi Istanbulda o‘tgan muzokaralarining ikkinchi bosqichi fonida qabul qilindi. So‘nggi uchrashuv 6,5 soat davom etdi, biroq rasmiy natijalar hali e’lon qilinmadi.

NATO Ukrainaga yordam tayyorlamoqda

NATO Ukraina uchun milliardlab dollar yordam va xavfsizlik kafolatlari tayyorlayotganini ma’lum qildi, dedi alyans Bosh kotibi Mark Ryutte Donald Tramp bilan telefon suhbati ortidan. Uning so‘zlariga ko‘ra, NATO ittifoqchilari mudofaa xarajatlarini keskin oshirmoqda va yaqin kunlarda yangi tashabbuslar e’lon qilinadi.

Bu orada Ukraina Tashqi ishlar vazirligi spikeri Georgiy Tixiy Kiyevga AQSh tomonidan ajratilgan harbiy yordam to‘liq yetkazilayotganini va uning to‘xtatilgani haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ta’kidladi.

Shu bilan birga, Tramp Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer bilan uchrashuvda Zelenskiyni «diktator» deb ataganini eslay olmasligini aytdi. «Men shunday deganmanmi? Ishonmayman», — dedi u jurnalistlarga.

U Zelenskiy bilan ishlashni istashini qayd etdi, biroq munosabatlar «biroz tarang» ekanini qo‘shimcha qildi. Ukraina prezidenti AQSh bilan mineral resurslar bo‘yicha kelishuvni imzolash uchun Vashingtonga yo‘l olgan.

Putin: G‘arb Rossiya-AQSh munosabatlarini buzmoqchi

Vladimir Putin G‘arb davlatlari Moskva va Vashington o‘rtasidagi muloqot qayta tiklanayotganidan norozi ekanini va bu jarayonni buzishga urinmoqda, deb bayonot berdi. Uning ta’kidlashicha, ayrim «G‘arb elitalari dunyoda beqarorlikni saqlab qolishni maqsad qilgan» va Rossiya-AQSh muloqotini yo‘qqa chiqarishga harakat qilmoqda.

FSB hay’ati yig‘ilishida Putin xavfsizlik kuchlarini Rossiya milliy manfaatlari, suvereniteti va fuqarolar erkinliklarini himoya qilishda qat’iyatli bo‘lishga chaqirdi. U, shuningdek, xalqaro terrorizmga qarshi kurashga alohida e’tibor qaratishni buyurdi.

Putinning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yil davomida Rossiyada terrorizm bilan bog‘liq jinoyatlar soni oshib, ularning yarmidan ko‘pi «Ukraina maxsus xizmatlari va G‘arb hamkorlari tomonidan rejalashtirilgan».

KXDR Rossiyaga yana askar yubordi

Shimoliy Koreya Rossiya armiyasiga qo‘shimcha kuch sifatida mingdan ortiq askar yuborgani ma’lum qilindi. Janubiy Koreya harbiy manbalariga ko‘ra, KXDR askarlari yanvar—fevral oylarida Kursk oblastiga jo‘natilgan.

Janubiy Koreyaning JoongAng gazetasi xabariga ko‘ra, Rossiyaga mingdan 3 minggacha shimoliy koreyalik askar yetib borgan. Ular harbiy kemalar va samolyotlar orqali yetkazilgan. Bu safar jo‘natilgan kuchlar orasida motopiyoda, sapyorlar va elektron razvedka bo‘linmalari bor.

Avvalroq, Pyongyang Rossiyaga 11 mingga yaqin askar yuborgani va ular oktyabrdan yanvargacha janglarda qatnashgani xabar qilingandi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, ularning 4 mingga yaqini halok bo‘lgan yoki yaralangan. Yanvar oxirida katta yo‘qotishlar tufayli shimoliy koreyalik harbiylar Kursk oblastidagi front chizig‘idan ortga chekingandi.

Qochqinlar Ukrainaga qaytish niyatida emas

Ukrainadan urush tufayli qochganlarning 70 foizi xorijda qolishni ma’qul ko‘rayotgani, faqat 30 foizi o‘z vataniga qaytish niyatida ekani ma’lum qilindi.

Milliy birlik vaziri Oleksey Chernishevning ta’kidlashicha, Kiyev ularni faqat ixtiyoriy ravishda qaytishga chaqirmoqda.

2024 yilda tashkil etilgan vazirlik Yevropa Ittifoqiga murojaat qilib, ukrain qochqinlariga berilgan yordamni kamaytirishni so‘ragan. Bu orqali Kiyev ularni ortga qaytishga majbur qilishni ko‘zlamoqda.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil dekabr holatiga 6,7 mln ukrainalik chet elda qolmoqda. Zelenskiy esa bu raqamni 7,5 mln deb baholagan. Uning aytishicha, Ukrainaga qaytish uchun xavfsizlik kafolatlari va NATOga a’zo bo‘lish muhim ahamiyatga ega.

XOQ Tomas Baxning iste’fosini qabul qildi

Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi ijroiya qo‘mitasi tashkilot prezidenti Tomas Baxning o‘z lavozimidan iste’foga chiqishini rasman qabul qildi. Bu haqda XOQ rasmiy saytida ma’lum qilindi.

Bax 23 iyundan keyin lavozimini rasman tark etadi. Uning o‘rniga yangi prezident tayinlash jarayoni 20 mart kuni Gretsiyadagi 144-sessiyada bo‘lib o‘tadi. Hozircha bu lavozimga yetti nafar nomzod da’vogarlik qilmoqda.

Tomas Bax 2024 yil avgust oyida yangi muddatga saylanish niyati yo‘qligini ma’lum qilgan edi.

U 1991 yildan beri XOQ a’zosi, 2013 yildan buyon esa tashkilotga rahbarlik qilib kelgan. Olimpiya o‘yinlarining 1976 yilgi chempioni hisoblangan Bax avval rapira bo‘yicha Germaniya terma jamoasida qatnashgan.

Mavzuga oid