Salla desa kallani... Yashnobod hokimligi fuqaroning qonuniy uyini buzib tashladi
Oldin ham ayollar bilan “ko‘cha jangi” qilib e’tiborga tushgan hokimlik qurilish bo‘limining bosh mutaxassisi uyni adashib buzdirib qo‘yganini tan olgan. U uy egasiga zarar mahalliy budjetdan (!) qoplab berilishini aytgan. Ammo masala qariyb 1 yildan buyon yechilmagan. Holat yuzasidan 6 oy oldin qo‘zg‘atilgan jinoyat ishining taqdiri esa noma’lumligicha qolmoqda.

Toshkent shahrining Yashnobod tumanida fuqaroning qonuniy hujjatlarga ega uyi hokimlik vakili tomonidan buzdirib tashlandi. Kun.uz’ga murojaat qilgan uy egasi qariyb 1 yildan buyon zarar qoplab berilmayotganligini ma’lum qildi.
Fuqaro Erkin Usmonov 2023 yil noyabr oyida Yashnobod tumanining Jarboshi mahallasida joylashgan turarjoyni notarial tartibda sotib olgan. Ko‘chmas mulk obektiga bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Qolaversa, yer uchastkasi xususiylashtirilgan va bunga oida davlat orderiga ham ega.
“Turar joyda hali hech kim yashamasdi. Sharoitdan kelib chiqib, sekin-asta qurib olayotgandim. Bir xonasi to‘liq bitgandi. Yonidan qo‘shimcha xonalar qurib borayotgandim. Uchastka atrofi o‘rab olinib, darvoza qo‘yilgandi.
2024 yil aprel oyida Yashnobod tumani hokimligi qurilish bo‘limi bosh mutaxassisi Mahmud Rahimjonov boshchiligida mahallamizda noqonuniy qurilmalarni buzish ishlari olib borilgan. Jarayonda mening uyimni buzib tashlashgan”, deydi Erkin Usmonov.
Shundan so‘ng uy egasi hokimlik vakili Mahmud Rahimjonovni topib, uyi nega buzib tashlanganini so‘ragan. Uy hujjatlarini tekshirib ko‘rgan Rahimjonov esa uni adashib buzib tashlashganini tan olgan hamda zarar qoplab berilishini aytgan (tahririyatda buni asoslantiruvchi audio materiallar bor).
Shu tariqa bosh mutaxassis hali hokim nomiga ariza yozib bering, hali sudga berib ko‘ring, deya masalani bugungi kungacha ortga tashlab kelgan. Hokimlikka qilingan murojaatga esa “ishchi komissiya tomonidan o‘rganish uchun qabul qilindi” degan javob xati berilgan xolos.
Hokimlikning yana bir javob xatida haqiqatan ham Jarboshi mahallasi hududida ishchi guruh tomonidan noqonuniy qurilmalarni buzish ishlari olib borilgani, agar buzilgan bino-inshootlar bo‘yicha mulk huquqini belgilovchi va kadastr hujjatlari mavjud bo‘lsa fuqaro tegishli tartibda sud organiga murojaat qilishi mumkinligi bildirilgan.
“Tuman hokimi qabuliga kirishga ancha harakat qildim. Imkoni bo‘lmagach, bir kuni hokimlik binosi yonida kutib turib, hokim tashqariga chiqib ketayotganida yoniga borib, vaziyatni tushuntirishga urindim. Ammo u meni tinglashni ham istamadi. “Xo‘p-xo‘p, bo‘ldi-bo‘ldi” dedi va ketib qoldi. Shundan so‘ng ham natija bo‘lmadi”, deydi uy egasi.
Mahmud Rahimjonovning yolg‘onlaridan ish chiqmasligini bilgan Erkin Usmonov holat yuzasidan Ombudsmanga murojaat qilgan. 2024 yil avgust oyida Ombudsman so‘rovi orqali prokuratura organi holat yuzasidan jinoyat ishi ochgan. Biroq oradan shuncha vaqt o‘tganiga qaramay qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi taqdiri noma’lumligicha qolgan.
Erkin Usmonov Kun.uz’ga taqdim etgan audioyozuvlarda Toshkent shahar prokuraturasi xodimi “holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 229-moddasi (O‘zboshimchalik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlarini o‘tkazish uchun ichki ishlar organiga yuborilgani”ni aytgan.
Bosh prokuratura matbuot kotibi Kun.uz’ning mazkur jinoyat ishi taqdiri bilan bog‘liq so‘rovini javobsiz qoldirdi.
Mahmud Rahimjonov oldin ham ayollar bilan “ko‘cha jangi” uyushtirib, OAV e’tiboriga tushgandi. O‘shanda poytaxtning Yashnobod tumanida aholi va hokimlik xodimi o‘rtasida janjal yuz bergan. Fuqarolar taqiqlangan yo‘l belgisi bo‘lsa ham ko‘chasidan o‘tib-qaytavergan yuk mashinalariga chora ko‘rish maqsadida o‘zlari arka yasab, o‘rnatib qo‘yishgan. Tadbirkorning murojaatidan so‘ng arkani buzib tashlash uchun yetib borgan Mahmud Rahimjonov ayollar bilan janjal qilgan.
Ruslan Saburov,
Kun.uz
Tavsiya etamiz
Qaysi toifadagi talabalardan o‘qishni tugatguncha granti olib qo‘yilmaydi?
O‘zbekiston | 11:26 / 07.06.2025
Milliy jamoa a’zolariga BYD avtomobillari topshiriladi
Sport | 16:14 / 06.06.2025
Tramp va Mask ochiqchasiga urishib ketdi
Jahon | 12:05 / 06.06.2025
Yangi Toshkent qanaqa bo‘ladi? Bosh arxitektor va mas’ul shaharsoz bilan suhbat
O‘zbekiston | 17:07 / 05.06.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Germaniya Rossiya bilan urush uchun bunkerlarni ommaviy tayyorlashni boshlaydi
Jahon | 18:20
-
Toshkentda mototsikl va skuter ishtirokida YTH sodir bo‘ldi. Haydovchilar vafot etdi
Jamiyat | 18:09
-
Germaniyada 14 nafar o‘zbekistonlik talabaga yordam ko‘rsatildi
Jamiyat | 17:49
-
Braziliyada 17 yoshli qiz noma’lum muxlisi yuborgan shirinlikni yeb vafot etdi
Jahon | 17:24
Mavzuga oid

14:48 / 06.05.2025
Toshkentda Damas va Cobalt yonib ketdi

15:45 / 18.03.2025
Toshkentda noma’lum shaxs 12 yoshli qizga hamla qildi. U ruhiy xasta ekani ma’lum bo‘ldi

15:00 / 12.01.2025
Toshkentda kommunal to‘lovlarni o‘zlashtirgan MChJ rahbarlariga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

12:12 / 27.11.2024