O‘zbekiston | 12:03 / 27.02.2025
12954
13 daqiqa o‘qiladi

Qog‘ozda g‘arb standartlari, amalda esa “sovetcha” tizim: o‘zbek doktoranturasi islohotga muhtojmi?

O‘zbek doktorantura tizimi ilm o‘rganuvchilar uchun murakkab, ilmiy ishlar, dissertatsiyalar va maqolalar qiymatsiz bo‘lib qolmoqda. Ilmiy rahbarlarning bilimi yetarli emas... Bu yaqinda nufuzli xalqaro nashrlardan biri e’lon qilingan maqolaning asosiy tezislari edi. Kun.uz yana kun tartibiga qaytgan og‘riqli masalani ta’lim sohasi ekspertlari bilan tahlil qildi. 

Yaqinda nufuzli xalqaro nashrlardan biri Higher education policy jurnalida o‘zbekistonlik tadqiqotchilarning O‘zbekistonda doktorantura tizimini isloh qilishga qaratilgan maqolasi e’lon qilindi.

Unda mualliflar hozirgi o‘zbek doktorantura tizimi ilm o‘rganuvchilar uchun murakkab qilib qo‘yilgani, ilmiy ishlar, dissertatsiyalar, maqolalarning qiymatsiz bo‘lib qolishiga nimalar sabab bo‘layotgani keltirilib, qolaversa, ilmiy rahbarlarning bilimi yetarli emasligi aytib o‘tilgan. Maqola egalari G‘arbiy Angliya universiteti professori Qobil Ro‘ziyev, “Yangi O‘zbekiston” universiteti lektori Dilshoda Rabbimova hamda Surrey universiteti tadqiqotchisi Mohidil Mamasoliyeva hisoblanadi.

Kun.uz ayni maqola bahonasida mavzu yuzasidan oliy ta’lim masalalarida ekspert Azamat Akbarov hamda Istanbul universiteti doktoranti Otabek Tillayev bilan suhbatlashdi.

– Dastlab kirish qismi uchun umumiy savoldan boshlasam. Mamlakatlar uchun olimlar qatlami shakllanishi va olimlar yetishtiradigan tizimni shakllantirish nima uchun muhim hisoblanadi? Qisqa fikrlaringizni bildirsangiz.

Azamat Akbarov: Doktorantura nima uchun kerak? Doktorantura davlatlarning iqtisodiyotini rivojlantirish uchun kerak. Ya’ni industriya – ishlab chiqarish bilan oliy ta’lim o‘rtasidagi ko‘prik hisoblanadi. Butun rivojlangan davlatlarda ham shu, indikatorlarga erishish uchun asosiy tadqiqot ishlarini olimlar olib borishadi. Qisqa qilib shuni aytsak bo‘ladi, ya’ni davlatning kelajagini belgilab beruvchi [omil] – sifatli tadqiqotlar. Buni faqat va faqat doktorantlar amalga oshirishi mumkin.

Ishlab chiqarishda qayerda ehtiyoj seziladigan bo‘lsa, o‘sha sohada doktorantlar bilan industriya birga ishlaydi. Janubiy Koreya misolida ko‘radigan bo‘lsak, Hyudai va Samsung orqasida turadiganlar – universitetlar. Ilon Maskning katta industriyasining orqasidan turadiganlar ham universitetlardir. To‘g‘ri, biz sahnada Ilon Mask yoki Stiv Jobs, Jyef Bezoslarni ko‘ramiz, lekin ularning orqasida turgan universitetlardir. Butun kadrlar, ya’ni amaliy tadqiqotlarni olib boruvchilar ana shu insonlar hisoblanadi. Bular aynan industriyadan tushadigan loyihalar bilan universitetlar g‘oyalarining tijoratlashuvini davom ettiradi.

Otabek Tillayev: Har qanday sohaning rivoji avvalambor ilm bilan bo‘ladi. Ilmsiz taraqqiyot yo‘q. Har qanday oliy ta’lim tizimida muayyan bosqichdan keyin, aytaylik, magistratura va bakalavriatdan keyin mutaxassisning oldidan 2 ta yo‘l chiqadi: yo amaliyotda faoliyatini davom ettirish yoki akademik faoliyat bilan shug‘ullanish. Tabiiyki, ichki xohishlari va oldiga qo‘ygan maqsadlaridan kelib chiqib u yoki bu yo‘lni tanlaydi.

Xo‘p, doktorantura tizimi nimaga kerak? Bu avvalambor ilmni davlat miqyosida siyosat darajasida ushlab turish va amaliyot bilan nazariyaning uyg‘unligini ta’minlash uchun. Chunki bu yerda ilmga ehtiyoj tug‘ilgani sababli amaliyot o‘zi rivojlana olmaydi, bu nuqtada ilmga ehtiyojni qondirish uchun mamlakatda yetishib chiqayotgan olimlar yordamga keladi. Uni amaliyotga tatbiq etish orqali har qanday davlat ilm, taraqqiyot yo‘lida ilgarilashi mumkin bo‘ladi.

– Yuqorida eslatilgan maqolada tizim sovetdan qolgan eskicha 2 bosqichli tizimga o‘tgani tanqid qilingan. Ma’lumotlarga qaraganda, 2012 yilda fan doktori ilmiy darajasini himoya qilish va berishni nazarda tutuvchi bir bosqichli tizim joriy etilgan. 2017 yilda bu bekor qilinib, falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini beruvchi tayanch doktorantura va fan doktori (DSc) ilmiy darajasini beruvchi doktorantura joriy etildi.

Savol: sizningcha, bu tizim o‘zi qanday ko‘rinishda bo‘lishi kerak va nega? 

Azamat Akbarov: Umuman OAK (Oliy attestatsiya komissiyasi) va ilmiy darajalar bizga nima uchun kerakligi haqida 2019 yilda tanqidiy maqola chiqarmaganman. Turklarda “aql bir yo‘ldan ketadi” degan ajoyib gapi bor. Ya’ni xalq Koreya, Germaniya yoki Avstraliyada bo‘ladigan bo‘lsa ham uning yo‘li bir. Universitetlar sonini oshiradigan bo‘lsak, uning yagona maqsadi – sifatli ta’lim va sifatli ta’limning orqasidan bitiruvchilar ishga joylashishi va qo‘shimcha qiymat, yangi ish o‘rni yaratishi, yangi loyihalar ishlab chiqishidir. Ya’ni YaIMga faqat zavod, fabrikalar emas, ilmiy g‘oyalar, universitetlar ham hissasini qo‘shishi kerak.

2019 yilda prezident tomonidan imzolangan “Oliy ta’limni 2030 yilgacha rivojlantirish” konsepsiyasida aniq ta’kidlab o‘tilgan, ya’ni bundan buyon universitetlar ham Koreya, Malayziya, Avstraliya singari YaIMga o‘z hissasini qo‘shishi kerak, qanday? Ilmiy g‘oyalari bilan. Agar biz dunyoni oladigan bo‘lsak, dunyoda [doktorantura tizimi] bir bosqichli. Bakalavriat, magistratura va PhD… PhD eng yuqori ilmiy daraja hisoblanadi, uning orqasida hech narsa yo‘q. Uning orqasidan faqat akademik ilmiy unvonlar keladi, lekin 2 bosqichli emas. [Doktoranturaning] 2 bosqichli ekani Sovet tizimidan qolib ketgan eski meros, ya’ni eski sarqit desak ham bo‘ladi.

Dunyoning hech bir [rivojlangan] davlatida possovet davlatlarida mavjud bo‘lgan 2 bosqichli tizim yo‘q. Birinchi bosqichning nomi ham tayanch doktorantura deyiladi, buning o‘zi kulgili. Turkiyaning o‘zini oladigan bo‘lsak ham doktorantura eng yuqori qism hisoblanadi. Inson aynan PhD’da o‘zining butun sohasida nafaqat yangilik yaratadi, balki undan oldingi yangiliklarni yo inkor qilishi, yo ularni qayta takomillashtirishi mumkin. Va ikkinchi bosqichning keragi yo‘q, chunki ikkinchi bosqichda ham birinchi bosqichga o‘xshab 150 betlab dissertatsiya yoziladi, kimga kerak bu?

G‘arb PhD’ni bir bosqichli qilish kerakligini aytadi. Globallashgan dunyoda ehtiyojlardan kelib chiqqan holda tanqidiy, ilmga asoslangan maqola yozish kerak. Tasavvur qiling, bizdagi 2-bosqichda 150 betlik dissertatsiyaning o‘rniga juda kuchli maqola yozishsa, 5 yoki 6 betlik bo‘lsin, dunyodagi bir fanda katta o‘zgarishga sabab bo‘lishi mumkin. Bizning dissertatsiyalarni esa hech kim o‘qimaydi, uning havolasi yo‘q, u qayerdadir ingliz tilida joylashtirilmaydi va u qayerdadir industriyani rivojlantirishga hissa qo‘shmaydi.

Demak, 2023 yilda bir bosqichliga o‘tilishini ijobiy baholayman, O‘zbekiston oliy ta’limining xalqaro standartlarga moslashishi edi. Endi tasavvur qiling, bizga chetdan keladigan talaba bo‘lsa yoki chetdan keladigan xodimlar, o‘qituvchilar bo‘ladigan bo‘lsa, eng yuqori ilmiy darajaga ega bo‘lsa, uning darajasi yuqori hisoblanmaydi, chunki bizda 2 bosqichli.

Keyin mana bu eski “maktab”ning sobiq xodimlari nima uchundir unga qarshi chiqishgan, “biz shuncha vaqt mobaynida 2 bosqichdan o‘tdik, endi yoshlar 1 bosqichdan o‘tib bizga tenglashyapti” degan gap-so‘zlar bor. Agar 2 bosqichlining korrelyatsiyasini ko‘rib, industriyaga katta hissa qo‘shib, ta’limni o‘zgartirgan bo‘lsa, ikki qo‘limizni ko‘taramiz, buni qoldirishimiz kerak deymiz. Agar buning teskarisi bo‘lib, korrupsion sxemani yaratib, ta’limga salbiy zarba berayotgan bo‘lsa, buni o‘ylab ko‘rish kerak. Dunyo qayerga ketyapti, dunyoda 2 bosqichli tizim bormi o‘zi?

Bizda aslida hamma narsa qog‘ozda g‘arb standartlarida, dunyo standartlarida tushuntirib berilgan, lekin amaliyot eski sovet standartlarida ketyapti. Dunyoning hech bir TOP 50, 70 ta davlatida 2 bosqichli doktorantura umuman yo‘q. Ya’ni buning keragi yo‘q. Chunki dissertatsiya bir marta yoziladi, undan keyin faqat maqola yoziladi. Olim maqolasi bilan o‘rtaga chiqadi. Hozir Amerikaning o‘zida ham dissertatsiya himoyasi vaqtida umuman maqola yozilmaydi degan tushunchalar bor. Faqat olim bor kuchini bir bosqichli dissertatsiyaga qaratishi kerak. Shu uchun menimcha 2 bosqichliga o‘tish xato qaror bo‘ldi, buning alternativi dunyoda yo‘q.

Otabek Tillayev: Bu yerda aslida turli faktorlar bor. Ya’ni bu davlat miqyosida qaror qabul qiluvchilar ta’sir qiladigan omillar bo‘ldi, shuning ta’sirida shunday bo‘ldi deb o‘ylayman. Birinchidan, biz mustaqil davlat sifatida ilm yo‘lidan ham jahon standartlari yo‘lidan borishni maqsad qilib, qadam tashlashni boshladik. Lekin ayni paytda PhD himoya qilgan olimni aytaylik, eski tizimdagi fan doktoriga tenglashtirilishi tabiiyki ichki jarayonda ma’lum bir ixtiloflarga, jiddiy e’tirozlarga sabab bo‘ldi.

Qo‘pol qilib aytganda, kechagina “tuxumdan chiqqan” olim bilan mening darajam teng bo‘ladimi degan keskin farq bu o‘rtada katta tafovutni keltirib chiqardi va asosiy konfliktlar shundan kelib chiqdi deb o‘ylayman. Bu bir faktor. Ikkinchisi 15 yil oliy ta’lim tizimida faoliyat yuritgan bo‘lsam, men bevosita “oshxonani” ichidan biladigan odam sifatida aytamanki, buni u yoki bu bilan bog‘lash nihoyatda qiyin. U yerdagi kengashlarning ichki intrigalari, umuman ilmiy muhitdagi sog‘lomlik darajalari – hammasining ta’siri o‘tdi deb o‘ylayman.

Endi dunyoda qanday desak, eng yaxshi rivojlangan davlatlar standarti bo‘yicha yo‘limizni tanlamoqchi ekanmiz, bunda ham turli xillikni ko‘rishimiz mumkin. Lekin asosan bizda etalon sifatida olishimiz kerak bo‘lsa, g‘arb va Amerika tizimini olsak, albatta, bir bosqichli tizim borligini ko‘rishimiz mumkin. Ularning DSc degan tushunchasi deyarli iste’molda yo‘q, chunki PhD himoya qilgandan keyin, zotan u kadr ilm yo‘lini tanladi, u ilm yo‘lida davom etishi, maqolalar va tezislar chiqarishi, monografiyalar, ilmiy qo‘llanmalar, shogirdlar yetishtirib chiqishi va hokazo. Bu kabi omillar tabiiyki ularning akademik salohiyati yuksalishiga hissa qo‘shadi.

Necha bosqichli tizim bo‘lishidan qat’i nazar, bu yerda muammo bunda emas. Bu alaloqibat oxirgi natijada DSc yoki PhD bo‘lsin, stol ustiga qo‘yayotgan ilmiy ishi qay darajada jamiyat, texnika rivoji uchun javob beradi, qay darajada ahamiyatli? – mana shu masalalar katta so‘roq ostiga olinmas ekan, bu tizim konveyerdan boshqa narsa bo‘lmaydi. Men misol uchun 15 yillik o‘ziga xos tan olish sifatida ham aytishim mumkinki, Yevropa, umuman dunyo tan olgan ta’lim tizimiga chiqqandan keyin shu xulosaga keldim, biz ilm uchun hech narsa qilmayotgan ekanmiz.

Shuningdek, suhbat davomida mutaxassislar doktoranturada ilmiy rahbarlar qanday bo‘lishi kerakligi, hozirgi Oliy attestatsiya komissiyasi yopilib, uning o‘rnida mustaqil va erkin tashkilot bo‘lishi lozimligini, tizimdagi korrupsion sxemaga barham berilishi shartligini bildirishgan. Intervyuning to‘liq shaklini yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi,
tasvirchi Mirvohid Mirrahimov,
montaj ustasi Nuriddin Nursaidov.

Mavzuga oid