Jahon | 19:29 / 25.02.2025
2320
2 daqiqa o‘qiladi

Ukrainani tiklash uchun 500 mlrd yevrodan ortiq mablag‘ kerak bo‘ladi. Bir yil ichida ushbu summa 7 foizga oshdi

Mamlakatdagi uy-joy, transport, energetika, savdo va ta’lim sohalari eng ko‘p zarar ko‘rgan. Birgina tozalash va vayronalarni ajratish uchun kamida 12,6 mlrd yevro kerak bo‘ladi.

Foto: Reuters

Jahon banki, BMT, Yevropa komissiyasi va Kiyev hisob-kitoblariga ko‘ra, keyingi o‘n yilda Ukrainani tiklash uchun 506 milliard yevro talab etiladi.

Institutlarning qo‘shma tadqiqoti binolar va boshqa infratuzilmalarga to‘g‘ridan to‘g‘ri yetkazilgan jismoniy zararni, odamlarning hayoti va turmush tarziga ta’siri hamda qayta qurish xarajatlarini inobatga olgan. Ushbu summa 2024 yil 31 dekabr holatiga ko‘ra keltirilgan va bu Ukrainaning o‘tgan yildagi yalpi ichki mahsulotidan qariyb 2,8 baravarga ko‘p.

Rossiya hujumlari oqibatida bevosita Ukrainaga yetkazilgan zarar 2024 yilning fevralidan beri 138 milliarddan 170 milliard yevrogacha oshgan. Tadqiqotda aytilishicha, uy-joy, transport, energetika, savdo va ta’lim sohalari eng ko‘p zarar ko‘rgan.

Institutlarning baholashicha, Ukrainadagi umumiy uy-joy fondining 13 foizi (2,5 milliondan ortiq xo‘jalik) shikastlangan yoki vayron bo‘lgan. Birgina tozalash va vayronalarni ajratish uchun kamida 12,6 milliard yevro kerak bo‘ladi.

2024 yil boshida Ukrainani tiklash uchun 486 milliard dollar kerak bo‘lishi aytilgan edi. O‘tgan bir yil ichida esa bu 7 foizdan ziyodga oshdi.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil mayda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy urushdan so‘ng mamlakatni tiklash uchun 600 milliard dollar kerak bo‘lishini aytgandi. Joriy yilning fevral oyida esa Rossiya muzlatilgan 300 milliard dollarlik aktivlari Ukrainani tiklash uchun yo‘naltirilishiga rozi bo‘lishi, biroq mablag‘larning bir qismi RF nazorat qilayotgan hududlarga sarflanishini talab qilishi mumkinligi to‘g‘risida xabar berilgan edi.

Mavzuga oid