Tramp: «Zelenskiyni oval kabinetda kutib olaman»
Kecha, 24 fevral kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Oq uyda Fransiya prezidenti Emmanuel Makronni qabul qildi. Angela Merkel ketganidan keyin Yevropada aynan Makron yetakchilikni qo‘lga olgan. AQSh urush muzokaralarida Yevropani ochiqchasiga chekkaga chiqarib qo‘ygan bir vaqtda Vashingtondagi bu uchrashuv ayniqsa ahamiyatli bo‘ldi.
Uchrashuv davomida Donald Tramp bir qator bayonotlar berdi. Xususan, Ukraina prezidenti Zelenskiy mineral resurslar to‘g‘risidagi kelishuvni imzolashini aytdi: «Zelenskiy shu hafta yoki kelasi hafta kelishi mumkin. Men uni jon deb oval kabinetda kutib olgan bo‘lardim», dedi Tramp. Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington va Kiyev mineral resurslar, shuningdek, boshqa masalalar bo‘yicha kelishuvga erishishga yaqin.
Tramp tomonlar resurslar bo‘yicha kelishuv ustida ishlayotganini aytdi. Aftidan, Zelenskiy AQSh moliya vaziri olib borgan birinchi kelishuvni imzolamasligini aytgandan keyin AQSh va Ukraina uni yumshatish ustida ishlayotgan ko‘rinadi.
Tramp navbatdagi marta urushda yosh, chiroyli odamlar o‘layotgani, uni to‘xtatish kerakligini ta’kidladi. «Menimcha, urushni bir necha haftada tugata olamiz, agar aqlli bo‘lsak. Aqlli bo‘lmasak, barchasi davom etadi, biz yosh, chiroyli odamlarni yo‘qotaveramiz. Ular o‘lmasligi kerak, biz buni istamaymiz», dedi AQSh prezidenti Makron bilan uchrashuv vaqtida. «Men eskalatsiya davom etishiga va uchinchi jahon urushi boshlanishiga yo‘l qo‘ymayman», deb qo‘shimcha qildi respublikachi.
Ko‘pchilik Tramp urushni tugatish bo‘yicha yangi muddat – «ushbu haftada» deyishga odatlanganiga e’tibor qaratdi. Xuddi saylov kampaniyasi vaqtida urushni bir kunda tugataman degani kabi. Jurnalistlar bu borada Kiyev va Moskvadan izoh so‘rashdi. Kremlda bu masalada Oq uydagilar tushuntirish berishi ma’qulligini aytishdi. Zelenskiy esa 23 fevral kuni urush aniq bu hafta tugamasligini aytgandi.
Makron nimalar dedi?
Tramp Ukrainadagi urush muzokaralarini faol boshlab, ochiqchasiga Rossiyaga yoqadigan pozitsiya egallaganidan keyin Makron boshchilik yevropaliklar Ukrainaga bundan keyin ham AQShdan mustaqil tarzda yordam berishda davom etish bo‘yicha kelishib olgandi. Tramp Zelenskiyga tahdid qila boshlagach, Makron Yevropa liderlarini favqulodda uchrashuvga chaqirib, qit’adagi xavfsizlik masalalarini muhokama qilgandi.
Makron Tramp bilan uchrashuvni yaxshi baholadi, AQSh prezidenti urushni tugatishga kirishganini olqishladi, lekin uning gaplaridan Trampning oxirgi vaqtdagi ritorikasiga qarshi ekani sezilib turdi. Masalan, Makron «muzokaralar vaqtida ehtiyot bo‘lish kerakligini» aytdi. «Ukraina uch yil juda qiyin kunlarni boshdan kechirdi. Ular o‘z hududi va suverenitetini himoya qilmoqda. Biz tinchlik xohlaymiz. Prezident Trampning tashabbuslari ijobiy. Lekin muzokaralar vaqtida ehtiyot bo‘lish lozim, biz Ukrainaga aniq nimadir berishimiz kerak», dedi Makron.
Shuningdek, Makron va’da qilganidek Fransiya va Buyuk Britaniya Ukrainaga tinchlik kafolati berishga tayyorligi haqidagi rejani Trampga taqdim etgan. «Biz Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari rejasini ishlab chiqdik. Bunda ish harbiylarni yuborishgacha borishi mumkin, ular front chizig‘iga borishi ham shart emas, shunchaki kafolat o‘laroq yuboriladi», dedi Makron.
«9 may – juda erta»
Bir necha kun avval AQSh prezidenti 9 may kuni g‘alaba paradida Moskvaga borarkan, o‘sha yerda Putin Tramp ishtirokida Rossiya Ukraina ustidan g‘alaba qozongani haqida e’lon qilarkan degan xabarlar chiqqandi. Tramp bu gaplarni o‘sha kunning o‘zidayoq rad qilgandi. Undan Makron bilan uchrashuv vaqtida ham shu haqda so‘rashdi. «Moskvaga hammasi joyiga tushganda boraman. 9 may – juda erta», dedi Tramp.
AQSh prezidentidan tinchlik kelishuvida Ukraina o‘z yerlaridan voz kechishi qayd etiladimi, deb so‘rashdi. Tramp bu hozircha ma’lum emasligi, lekin Ukraina bir qism yerlarini qaytarishiga umid qilishini aytdi.
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.
Mavzuga oid

20:53
Tramp Kanadadan po‘lat va alyuminiy importiga 50 foizgacha qo‘shimcha bojlar joriy etadi

19:53
Yevropa nimadan qo‘rqmoqda: mintaqa o‘zini himoya qila oladimi?

19:47
Trampning tinchlikka intilishi - AQSh zaifligining tan olinishi. Ekspert Amerika prezidenti tashqi siyosati haqida

18:09