Jahon | 15:35 / 22.02.2025
11115
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Putin va Zelenskiyni uchrashishga chaqirdi

AQSh prezidenti Donald Trampning fikricha, Rossiya va Ukraina yetakchilari Vladimir Putin va Volodimir Zelenskiy urushni tugatish uchun «uchrashishi kerak».

Foto: AP

AQSh prezidenti Donald Tramp 21 fevral, juma kuni Oq uyda jurnalistlarga Vladimir Putin va Volodimir Zelenskiy Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni tugatish uchun uchrashishi kerakligini aytdi. «Menimcha, prezident Putin va prezident Zelenskiy uchrashishi kerak. Bilasizmi, nima uchun? Chunki biz millionlab odamlarning o‘ldirilishini to‘xtatmoqchimiz», — dedi Tramp. O‘sha kuni u Fox News Radio'ga Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini tugatish bo‘yicha Zelenskiyning muzokaralarda ishtirok etishiga hojat yo‘qligini aytdi. Shu bilan birga, Amerika yetakchisi har ikki tomon bilan muloqotni davom ettirishini ta’kidladi.

Tramp 9 may kuni Moskvaga bormaydi

Bundan tashqari, jurnalistlar bilan o‘sha uchrashuvda Tramp 9 may kuni Moskvaga tashrif buyurishi haqidagi OAV xabarlarini rad etdi. Rossiyada Ikkinchi jahon urushidagi G‘alaba kunini nishonlashda ishtirok etadimi, degan savolga Oq uy rahbari: «Yo‘q, bormayman», deb javob berdi.

Fransiyaning Le Point jurnali avvalroq nomi oshkor etilmagan manbalarga tayanib, Tramp Moskvadagi paradda ishtirok etishi va u Rossiya poytaxtida Vladimir Putin bilan uchrashishi haqida xabar bergan edi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Trampning 9 may bayramini nishonlash uchun Moskvaga tashrifi hozircha rejalashtirilmaganini aytdi. Jurnalistlarning tomonlar tashrif borasida kelishib oldilarmi, degan savoliga Peskov salbiy javob berdi.

Mavzuga oid