Marko Rubio Putinni qotil va harbiy jinoyatchi deb atagandi. Endi «Rossiya bilan hamkorlik uchun aql bovar qilmaydigan imkoniyatlar» haqida gapirmoqda
Yil davomida uning ritorikasi qanday o‘zgarib bordi?

Leon Neal / Getty Images
2022 yil fevralida Rossiya va Ukraina o‘rtasida keng ko‘lamli urush boshlanganida, Marko Rubio Floridadan saylangan senator va Senatning razvedka bo‘yicha qo‘mitasi raisi o‘rinbosari edi. U o‘shanda juda keskin bayonotlar bergandi: AQSh Ukrainani bor kuchi bilan qo‘llab-quvvatlashi shartligini ta’kidlagan, Vladimir Putinni yolg‘onchi va harbiy jinoyatchi deb atagan, u bilan muzokaralar olib borishga uringanlarni masxara qilgandi. Uch yil o‘tgach, Rubio AQSh davlat kotibi bo‘ldi va uning ritorikasi o‘zgardi.
2022 yil 24 fevral
↓
Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlangandi.
2022 yil 25 fevral
↓
Shunday gap ommalashdi: «Agar biz Ukrainani NATOga qabul qilmaslikka rozi bo‘lganimizda, bularning barchasidan qochish mumkin edi». Bu umuman unday emas. Putin o‘z shartlarini e’lon qildi. Va bu shartlardan biri — 1997 yildan keyingi davrda NATOga a’zo bo‘lgan barcha davlatlar undan chiqishi kerak. Yoki hech bo‘lmaganda, NATO qo‘shinlari 1997 yildan keyin alyansga qo‘shilgan barcha mamlakatlarni tark etishi kerak. Bu Ruminiya, bu Litva, Boltiqbo‘yidagi barcha mamlakatlar. Bundan uning istaklari tushunarli: balki bu mamlakatlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri boshqarmas, lekin ular Belarusga o‘xshash bo‘lishi — uning ta’sir doirasida bo‘lishi kerak. O‘ylaymanki, bunday bo‘lmaydi, deb qat’iy aytishimiz kerak.
Fox News telekanaliga intervyudan
2022 yil 26 fevral
↓
Ko‘proq ma’lumot berishni istardim, lekin hozircha faqat shuni ayta olaman: Putinda nimadir noto‘g‘ri ekani ko‘pchilikka ayon. U doimo qotil bo‘lgan, ammo hozir uning muammosi boshqa — va muhim. Putin besh yil oldin qanday reaksiya ko‘rsatgan bo‘lsa, hozir ham shunday bo‘ladi, deb o‘ylash xato bo‘lardi.
2022 yil 2 mart
↓
Putin uchun «muzokaralar» — uning arsenalidagi yana bir quroldir. U ulardan o‘z raqibiga zarar yetkazish va o‘zining holatini yaxshilash uchun foydalanadi.
2022 yil 5 mart
↓
Ukrainaga bosqingacha ham bo‘lgani kabi, xorijiy davlatlar yetakchilari Putin bilan gaplashish uchun Moskvaga uchishda davom etmoqda. U esa ularni barmog‘ida aylantirishda davom etmoqda.
2022 yil 7 mart
↓
Rossiyaning Ukrainaga bosqiniga o‘n kun — va bir narsa barchaga ayon: Putin bu mamlakatni osonlik bilan ishg‘ol etolmaydi va uni boshqara olmaydi. Rossiyaliklar u yerda ekan, ularni bombalar, merganlar va o‘lim kutib oladi.
2022 yil 9 mart
↓
G‘arbda ko‘pchilik hali ham Putin — yolg‘onga usta ekanini tushunmaydi. Uning «gumanitar» mulohazalar bilan ishi yo‘q. Hatto qandaydir «o‘t ochishni to‘xtatish» bo‘lsa ham — bu faqat u bundan o‘zi uchun qandaydir strategik yoki taktik foyda topgani uchundir.
2022 yil 10 mart
↓
Tez orada Rossiyada hamma narsa o‘zgara boshlaydi. Import qilish imkoni yo‘qligi sanoatni falajlamoqda. Bizneslar yopiladi, ishsizlik tez o‘sadi. Putin ularga [rossiyaliklarga] Ukraina haqida yolg‘on gapirishi mumkin, ammo u iqtisodiyot haqidagi haqiqatni yashira olmaydi.
2022 yil 17 mart
↓
Biz Ukrainani Rossiyani mag‘lub etishga yordam berish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilishga e’tibor qaratishimiz kerak. [...] Putin yutqazishi kerak. Va menimcha, u yutqazadi — strategik nuqtayi nazardan u aniq yutqazadi va bu oxir-oqibat uning qulashiga olib kelishi mumkin.
Fox News telekanaliga intervyudan
2022 yil 25 mart
↓
Ukrainada harbiy jinoyatchi Putin yetkazgan azob-uqubatlar barchaga ayon. Ammo oldinda bizni kutayotgan xavf-xatarlar ko‘pchilik o‘ylaganidan ham jiddiyroqdir.
2022 yil 19 may
↓
Rubio Senatda Ukrainaga favqulodda yordam paketi ajratish to‘g‘risidagi qonunni yoqlab ovoz berdi.
2022 yil 22 sentabr
↓
Ukrainaning ishg‘ol etilgan hududlarida ularning Rossiyaga qo‘shilishi bo‘yicha «referendumlar» o‘tkazilishi arafasida Marko Rubio bir guruh senatorlar tarkibida bo‘lajak anneksiyani tan olmaslik to‘g‘risidagi qonun loyihasini kongressga kiritdi. Qonun loyihasi harakatsiz qoldi.
Hech qanday propaganda va siyosiy intriga Ukrainada sodir bo‘layotgan reallikni o‘zgartira olmaydi. Vladimir Putin — bu urushda haqiqiy agressor va u suveren demokratik mamlakatni asossiz egallab olishga harakat qilmoqda. AQSh Putinning da’volarini tan ololmaydi: bu Xitoy Kommunistik partiyasi kabi boshqa avtoritar rejimlar uchun xavfli pretsedent yaratishi mumkin.
Qonun loyihasini kiritishdagi bayonot
2023 yil 16 mart
↓
Ukrainadagi vaziyat — biz uchun eng jiddiy tahdid emas, lekin uni umuman muhim emas deb ham bo‘lmaydi. Bu shunchaki boshqa qit’adagi urush emas — bu Amerikaga qanchalik ishonish mumkinligini tekshirib ko‘rishdir. Xitoy bizga zarba berib, dunyodagi eng qudratli davlatga aylanmoqchi. Va ular butun dunyo bo‘ylab Amerika — ishonchsiz ittifoqchi, biz ilgari buyuk davlat bo‘lganimiz, endi esa tanazzulni boshdan kechirayotganimiz, yetakchilarimiz keskin bayonotlar berishni yaxshi ko‘rishi, lekin ularni harakatlar bilan mustahkamlamasligi va noxushliklarning dastlabki belgilari bo‘lishi bilanoq shunchaki qochib ketishimiz va ittifoqchilarimizni tark etishimiz haqidagi da’volarni tarqatmoqda. Va raqiblarimiz ham bunga ishonishadi. Aynan shuning uchun Putin Ukrainaga bostirib kirib ham suvdan quruq chiqaman, deb hisoblagan. [...] Shunday qilib, ha, 1 dan 10 gacha bo‘lgan shkalada Ukraina 10 emas, lekin nol ham emas. Ishonchli ekanimiz va nufuzimizni tasdiqlash uchun Ukrainaga o‘zini himoya qilishda yordam berish — bizning manfaatlarimizga mos keladi.
2023 yil 19 sentabr
↓
Marko Rubio va yana ikki respublikachi senator kongressga Halting Enrichment of Russian Oligarchs and Industry Allies of Moscowʼs Schemes to Leverage its Abject Villainy Abroad Act (Moskva rejalarini qo‘llab-quvvatlovchi rus oligarxlari va sanoatchilarining xorijdagi pastkashliklarini to‘xtatish uchun ularning boyishini cheklash to‘g‘risidagi) qonun loyihasini taqdim etdi. Nomning qisqartmasi — HEROIAM SLAVA. Qonun loyihasi hali ham kongressda harakatsiz turibdi.
AQSh hech qachon Putinni va uning axloqsiz urushini qo‘llab-quvvatlamaydi. Bizning axloqiy burchimiz va milliy xavfsizligimiz manfaatlari shundan iboratki, Rossiya rejimi Amerika pullari bilan boyib ketmasligi uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilishimiz kerak. Bu qonun loyihasi Putin va uning malaylarini Amerika kapitaliga yaqinlashtirmaslik va undan yovuzlik yo‘lida foydalanmaslik uchun kerak.
Qonun loyihasini kiritishdagi bayonot
2024 yil fevral
↓
Rubio Ukrainaga 60 milliard dollarlik yordam ajratilishiga qarshi ovoz bergan respublikachi senatorlar qatorida edi. Ular Ukrainaga yordam ko‘rsatishni AQShning Meksika bilan chegarasini mustahkamlashni moliyalashtirish bilan bog‘lashgan.
2024 yil 3 mart
↓
Rossiya Federatsiyasi Putin avvalboshdan xohlaganidek Ukrainani — butun Ukrainani yoki Ukrainaning yarmini — egallab olishi imkonsiz. Boshqa tomondan, reallik shundaki, Ukraina Rossiyaga nisbatan o‘lchamlari va u bilan raqobatlasha olish qobiliyati jihatidan kichik. Ideal ma’noda hech bir tomon g‘alabaga erisha olmaydi.
Men uzoq vaqt bunday ochiq gapirmaslikka harakat qildim, chunki bu Amerika ittifoqchisi — urush olib borayotgan Ukrainaning pozitsiyasini zaiflashtirishi mumkin edi.
Agar Putin o‘zini ustunlikka ega deb his qilsa va qandaydir kuch bilan Ukrainani amalda satellit-mamlakatga aylantira olishini his qilsa, ukrainlar undan hech narsa ololmaydi — u aynan shuni xohlaydi.
Menimcha, biz Ukrainaga yordam berishimiz kerak, faqat chegaralarimizni mustahkamlab, Amerikaga yordam berganimizdan keyingina.
Fox News telekanaliga intervyudan
2024 yil 5 noyabr
↓
Donald Tramp AQSh prezidentligi saylovlarida g‘alaba qozondi. Rubio saylov kampaniyasi boshidan buyon uni qo‘llab-quvvatladi.
2024 yil 6 noyabr
↓
Urush kimga kerak? U [Tramp] urush tugashini xohlayotganini aytmoqda. Biznesmen sifatida u sizga o‘zining muzokaralar olib borish taktikasi haqida gapirib bermaydi. Lekin nega bu urush tugashini istamasligimiz kerakligini tushunmayapman. Urush tugashini istash uchun Vladimir Putinning muxlisi bo‘lish shart emas. [...] Urush realligi bor. Bayden ma’muriyati buni ochiq tan olmaydi, lekin ularning o‘zlari ham sizga aytishadi: biz umidsiz holat uchun to‘layapmiz. Ukrainlar Rossiyaga katta jasorat bilan qarshilik ko‘rsatishdi, ammo urush boshi berk ko‘chaga kirib qoldi, biz buning uchun pul to‘layapmiz — va bu vaziyatga yechim topish kerak. [...] Bu Vladimir Putinning ishlariga qoyil qolishimiz kerak degani emas, lekin qandaydir sog‘lom fikr kerak.
2024 yil 13 noyabr
↓
Donald Tramp Rubioni AQSh davlat kotibi etib tayinlamoqchi ekanini e’lon qildi.
2025 yil 18 fevral
↓
Rubio Ar-Riyodda Rossiya bilan muzokaralarda Amerika delegatsiyasiga rahbarlik qildi.
Har qanday nizoni to‘xtatish uchun barcha tomonlar yon berishi kerak.
Agar bu mojaro maqbul tarzda yakunlansa, Rossiya bilan hamkorlik uchun aql bovar qilmaydigan imkoniyatlar ochiladi: o‘zaro manfaatli masalalar bo‘yicha geosiyosiy va, to‘g‘risini aytganda, butun dunyoga foyda keltiradigan va uzoq muddatli istiqbolda bu ikki muhim davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilaydigan iqtisodiy hamkorlik.
Muzokaralar yakunidagi brifingda
Mavzuga oid

23:00 / 10.03.2025
FXX ukrainaliklarning Rossiya kirishini 50 yilgacha taqiqlashni boshladi

22:00 / 10.03.2025
Ukraina dunyodagi eng yirik qurol importchisiga aylandi

20:32 / 10.03.2025
Tramp Zelenskiy iste’foga chiqmaguncha Ukrainaga yordam ko‘rsatishni tiklamaydi – OAV

17:28 / 10.03.2025