Farzandini noqonuniy diniy ta’lim olishga jalb etganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi
O‘zbekistonda endi farzandini noqonuniy diniy ta’lim olishga jalb etgan ota-onalar BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarimaga tortiladi.
Prezident «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga bola huquqlari himoyasini yanada mustahkamlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi. Qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga bola huquqlari himoyasini yanada mustahkamlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
Xususan, «Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z bolasini shaxsiy e’tiqodlariga muvofiq diniy va axloqiy jihatdan tarbiyalash huquqiga egaligi, ular tomonidan o‘z bolasini qonunga xilof ravishda diniy ta’lim olishga jalb etishga, ya’ni bolani ro‘yxatdan o‘tkazilmagan yoki litsenziyaga ega bo‘lmagan tashkilotlarga yoxud maxsus diniy ma’lumotga ega bo‘lmagan va diniy tashkilotlarning O‘zbekiston bo‘yicha markaziy boshqaruv organining ruxsatisiz diniy ta’limni amalga oshirayotgan shaxslarga diniy ta’lim olish uchun topshirishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilandi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan o‘z bolasini qonunga xilof ravishda diniy ta’lim olishga jalb etish BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilandi.
Shuningdek, mazkur huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Mavzuga oid

15:45 / 17.08.2024
Senat bolani noqonuniy diniy ta’limga jalb qilganlik uchun javobgarlik ko‘zda tutilgan qonunni ma’qulladi

15:09 / 25.06.2024
O‘zbekistonda bolani noqonuniy diniy ta’lim olishga jalb qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanishi mumkin

16:32 / 25.07.2022
Oliy diniy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarining sanasi ma’lum qilindi

20:15 / 14.06.2022