Jahon | 08:21 / 20.02.2025
4092
3 daqiqa o‘qiladi

Shols: Trampning Zelenskiy haqidagi so‘zlari «noto‘g‘ri va xavfli»

«Haqiqat shuki, Volodimir Zelenskiy Ukraina davlatining qonuniy saylangan rahbari», dedi Olaf Shols haftalik Der Spiegel nashriga bergan intervyusida.

Foto: Bernd Elmenthaler/IMAGO

Germaniya kansleri Olaf Shols AQSh prezidenti Donald Trampning Ukraina yetakchisi Volodimir Zelenskiyni diktator degan da’vosini keskin rad etdi. 19 fevral, chorshanba kuni Shols haftalik Der Spiegel nashriga bergan intervyusida: "Prezident Zelenskiyning demokratik qonuniyligi yo‘q, deyish shunchaki noto‘g‘ri va xavfli", dedi.

«Haqiqat shuki, Volodimir Zelenskiy Ukraina davlatining qonuniy saylangan rahbari hisoblanadi. Urush sharoitida to‘g‘ri saylovlarni o‘tkazishning iloji yo‘qligi Ukraina konstitutsiyasi va saylov qonunlari qoidalariga to‘g‘ri keladi. Va buning aksini da’vo qilishga hech kimning haqqi yo‘q», — deya ta’kidladi Germaniya hukumati rahbari.

U Ukrainaga qarshi urushni aynan Vladimir Putin boshchiligidagi Rossiya boshlaganini esladi. «Ukraina qariyb uch yildan beri Rossiyaning shafqatsiz tajovuzidan o‘zini himoya qilmoqda. Har kuni», — deydi Shols.

Trampning Zelenskiy haqidagi bayonotlari Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok va federal iqtisodiyot vazirligi rahbari, vitse-kansler Robert Xabek tomonidan ham tanqid qilindi. «Agar siz ijtimoiy tarmoqlarda shoshqaloq postlar yozmasangiz, balki real dunyoga diqqat bilan qarasangiz, Yevropada kim diktatura ostida yashashga majbur bo‘lganligi ayon bo‘ladi: bular Rossiyadagi odamlar, Belarusdagi odamlar», dedi Berbok ZDF ommaviy-huquqiy telekanaliga bergan intervyusida. «Ukrainaliklar har kuni o‘zlarining erkin demokratiyasi uchun kurashadilar va biz, yevropaliklar, demokratik davlatlarimizni birgalikda mustahkamlash uchun ularni Yevropa Ittifoqiga boradigan yo‘lda qo‘llab-quvvatlaymiz», — deya qo‘shimcha qildi Germaniya TIV rahbari.

«AQSh prezidentining bayonoti hayratga soladi. Bu voqelikni misli ko‘rilmagan buzib ko‘rsatish va o‘ta xavfli ritorika. Haqiqat shuki, Putin demokratik Ukrainaga hujum qildi», deb yozdi Robert Xebek o‘z navbatida X ijtimoiy tarmog‘ida.

Trampga ko‘ra, Zelenskiyning Ukrainadagi reytingi atigi 4 foiz

Bir kun avval Donald Tramp Zelenskiyni Ukrainada prezidentlik saylovlarini o‘tkazishga chaqirib, Ukraina yetakchisining reytingi to‘rt foizga tushib ketganini da’vo qilgan edi. Zelenskiy bunga javoban Trampning bayonotini «Rossiyadan kelgan» dezinformatsiya deb atadi. Ukraina prezidenti matbuot anjumani chog‘ida Kiyev xalqaro sotsiologiya instituti o‘tkazgan so‘rovga tayanib, 2025 yil fevral holatiga ko‘ra, fuqarolarning 57 foizi unga ishonishini ta’kidladi.

Mavzuga oid