Jahon | 14:05 / 20.02.2025
4009
10 daqiqa o‘qiladi

G‘azo bo‘yicha muzorakalarga ko‘ngan va Zelenskiyni «diktator» deb atagan Tramp hamda u bilan uchrashuvga tayyor Putin - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Tramp G‘azo bo‘yicha muzokaralarga ko‘ndimi?

Misr va Iordaniya AQSh prezidenti Donald Trampni falastinliklarni majburiy ko‘chirish g‘oyasidan voz kechishga ko‘ndirishga muvaffaq bo‘lganiga ishonch bildirmoqda. Middle East Eye nashri yuqori martabali misrlik manbaga tayanib, Tramp Misrning G‘azoni tiklash rejasini qo‘llab-quvvatlashga rozi bo‘lganini xabar qildi.

Manbaning ta’kidlashicha, bu jarayonda hal qiluvchi rolni Iordaniya qiroli Abdulloh II’ning Vashingtonga tashrifi o‘ynagan. U Trampga bu g‘oya mintaqada ekstremizmning kuchayishiga va AQSh ittifoqchilari hukumatlarining qulashiga olib kelishi mumkinligini tushuntirgan.

Misr Tramp ishonchini mustahkamlash maqsadida Isroil va HAMAS o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, olti nafar isroillik asirni ozod etishga yordam bergan. Bu esa kelishuvda ko‘zda tutilgan miqdordan ikki barobar ko‘p. Isroil buning evaziga G‘azoga og‘ir qurilish texnikasi va mobil uylarni kiritishga ruxsat berdi.

Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisiy payshanba kuni Ar-Riyodda mintaqaning yetakchilari bilan G‘azoning urushdan keyingi boshqaruv rejasini muhokama qilishni rejalashtirmoqda.

Misr rejasiga ko‘ra, G‘azo nazorati yangi Falastin hukumatiga o‘tadi. Unda HAMAS ham, G‘arbiy sohildagi Falastin ma’muriyati yuqori martabali amaldorlari ham qatnashmaydi.

G‘azoni tiklash uchun 50 milliard dollardan ortiq mablag‘ talab etiladi. Misr tiklash jarayonida Qatar va BAA kabi ko‘rfaz davlatlarini investitsiya kiritishga jalb qilishga harakat qilmoqda.

Zelenskiyning katta matbuot anjumani

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 19 fevral kuni brifing o‘tkazib, AQSh va Rossiya vakillarining Saudiya Arabistonidagi muzokaralari hamda Donald Trampning bayonotlariga javob berdi. U Trampning da’volari va Rossiya bosimiga nisbatan munosabat bildirdi.

Zelenskiy o‘zining ishonch reytingi 4 foizgacha pasaygani haqidagi gaplarni Rossiya tarqatgan dezinformatsiya, deb atadi. «Biz bu raqamlar Rossiya va Amerika o‘rtasida muhokama qilinganini bilamiz», — dedi u va AQSh prezidenti Rossiyaning yolg‘onlariga uchayotganiga ishora qildi.

«Men Tramp jamoasida ko‘proq haqiqat bo‘lishini xohlardim. Chunki bu ishlar Ukrainaga ijobiy ta’sir qilmayapti. Ular Putinni izolyatsiyadan olib chiqayotgani esa aniq. Fikrimcha, Putin ham, rossiyaliklar ham bu vaziyatdan juda xursand. Kecha allaqachon Rossiya jabrlanuvchi degan ishoralar paydo bo‘ldi. Bu — qandaydir yangi narsa», — dedi Zelenskiy.

Zelenskiy AQSh Ukrainaga umumiy yordamning 90 foizini bergani haqidagi gaplarni rad etdi: «Bizning umumiy xarajatlarimiz 320 mlrd dollar, shundan 120 mlrd dollarini ukrainaliklar to‘ladi».

Zelenskiy Vashington taklif qilgan noyob metallar bo‘yicha bitim xavfsizlik kafolatlarini o‘z ichiga olmaganini tanqid qildi va bu masala yuristlar muhokamasiga olib chiqilishini aytdi.

Tramp: Zelenskiy «diktator» va «komik»

Zelenskiyning bu gaplarini eshitgan AQSh prezidenti Donald Tramp quyushqondan chiqdi va o‘ziga tegishli «Truth» ijtimoiy tarmog‘ida Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiyni balchiqqa beladi. U Zelenskiyni mamlakatda saylov o‘tkazishdan bosh tortgan diktator, deb atadi.

«Ukrainadagi so‘rov natijalariga ko‘ra, uning reytingi juda past. U faqat Baydenning qulog‘iga «skripka chalish» bo‘yicha mohir edi. Saylovsiz diktator, Zelenskiy tezroq harakat qilishi kerak, aks holda u mamlakatidan ajraladi», — dedi Tramp.

Tramp Zelenskiyni «biroz muvaffaqiyat qozongan komik» deb atadi va Ukraina rahbarini «pul oqimi davom etishini ta’minlash» istagida aybladi. «Men Ukrainani yaxshi ko‘raman, lekin Zelenskiy urushni boshlab yomon ish qildi: mamlakat vayron bo‘ldi, millionlab odamlar behuda halok bo‘ldi – va bu davom etmoqda…» — dedi u.

Donald Tramp AQSh Ukrainaga 350 mlrd dollar, Yevropa esa 150 mlrd dollar sarflaganini ta’kidladi. Tramp Yevropa mablag‘lari kafolatlanganini, AQSh esa buning evaziga hech narsa olmayotganini bildirdi. U Zelenskiy «pullarning yarmi yo‘qolgani»ni tan olganini iddao qildi.

Tramp Rossiya bilan muzokaralar olib borayotganini ma’lum qilib, Bayden bunga urina olmaganini tanqid qildi. U Zelenskiyni Ukrainada tinchlik o‘rnatish o‘rniga, AQShdan moliyaviy yordam talab qilishda aybladi.

Ukraina prezidenti bu da’volarni rad etib, AQSh va Yevropadan jami 200 mlrd dollar yordam olinganini ma’lum qildi. So‘nggi so‘rovlarga ko‘ra, 57 foiz ukrainaliklar unga ishonch bildirmoqda.

Putin Tramp bilan uchrashishga tayyor

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 18 fevralda Ar-Riyodda bo‘lib o‘tgan Rossiya-AQSh muzokaralari natijasini ijobiy baholadi. «Menga [muzokaralar haqida] ma’lumot berildi, men buni yuqori baholayman, natija bor», — dedi u Sankt-Peterburgda dronlar ishlab chiqarish zavodiga tashrifi chog‘ida.

Rossiya yetakchisi Donald Tramp bilan shaxsiy uchrashuvga tayyorligini bildirib, bu kabi muhim muloqotni puxta tayyorlanish kerakligini ta’kidladi.

Putin shuningdek, Saudiya Arabistonida diplomatik vakolatxonalar faoliyatini qayta tiklash bo‘yicha erishilgan kelishuvga to‘xtalib, diplomatlarni chiqarib yuborish «hech qanday yaxshilikka olib kelmasligini» aytdi.

Eslatib o‘tamiz, Ar-Riyod muzokaralariga 12 fevral kuni Putin va Tramp o‘rtasidagi telefon muloqoti zamin yaratgan edi. Unda Rossiya-Ukraina urushi muhokama qilingan. Muzokaralar natijasida tomonlar Ukraina bo‘yicha ishchi guruh tuzish vakillarini tayinlashga kelishib oldilar.

AQSh Rossiyaga qarshi sanksiyalarni bekor qiladimi?

AQSh davlat kotibi Marko Rubio Yevropa ittifoqchilariga Rossiyaga qarshi sanksiyalar Ukraina bo‘yicha tinchlik kelishuvi tuzilmaguncha saqlanishini tasdiqladi. Bu bayonot prezident Donald Trampning Vladimir Putin bilan fevral oxirigacha uchrashib, mojaroni hal etish istiqbollarini muhokama qilish haqidagi so‘zlaridan so‘ng berildi.

Rubio 18 fevral kuni Yevropa diplomatlari bilan yopiq telefon suhbatida sanksiyalar saqlanishini tasdiqladi. U bu muloqotdan avval Saudiya Arabistonida Rossiya delegatsiyasi bilan yuqori darajadagi muzokaralarda ishtirok etgan edi.

Rossiya va AQSh muzokaralari Ukraina va Yevropaning ishtirokisiz o‘tgani Bryussel va Kiyevning noroziligiga sabab bo‘ldi. Bloomberg xabariga ko‘ra, Yevropa rahbarlari Tramp urushni tez yakunlash maqsadida Ukraina hududiy yaxlitligini e’tiborga olmasligi mumkinligidan xavotirda.

Tramp bu xavotirlarga barham berish o‘rniga Rossiya «bitimga tayyor» ekanini aytdi va Ar-Riyod muzokaralaridan keyin kelishuvga erishilishi mumkinligini ta’kidladi. U Ukraina rahbariyatini urushda ayblab, Kiyev mojaroni kelishuv yo‘li bilan hal qilish imkoniyatiga ega bo‘lganini aytdi.

Rossiya migrantlarga viza joriy etmoqchi emas

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Markaziy Osiyodan kelayotgan muhojirlarga vizalar joriy etish Rossiya manfaatlariga zid ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, muhojirlarning xatti-harakati ustidan nazoratni kuchaytirish kerak, lekin ularga to‘siq qo‘yish yoki vizalar joriy etish mos variant emas.

Bu bayonot 22 mart kuni «Krokus Siti Xoll»da sodir etilgan teraktdan so‘ng migrantlarga nisbatan nazorat kuchaytirilganidan keyin berildi. Rossiya IIV ma’lumotlariga ko‘ra, 5 fevraldan beri 95 mingdan ortiq qoidabuzar muhojirlar aniqlangan.

Avgustda Vladimir Putin imzolagan qonun asosida Rossiyada muhojirlarning maxsus reyestri joriy etilgan. Ushbu tizim ikki bosqichda amalga oshirilib, avval davlat ma’lumotlar bazasidan foydalanish, so‘ngra qonunbuzar muhojirlar haqidagi ma’lumotlarni qo‘shishni ko‘zda tutadi.

Gurjiston prezidenti: «Bizga bosim o‘tkazishdi»

Gurjiston prezidenti Mixail Kavelashvili Ukrainadagi urush boshlanganidan keyin Tbilisiga jiddiy bosim bo‘lganini va mamlakatni Rossiya bilan to‘qnashuvga jalb qilishga uringanliklarini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Gurjistonga qurol taklif qilingan, yevropaparast faollar esa hukumatni urushga kirishga da’vat qilgan. Kavelashvili Gurjiston NATO yoki Yevropa Ittifoqi a’zosi emasligini va hududining 20 foizi Rossiya tomonidan okkupatsiya qilinganini ta’kidlab, mamlakat tinchlik yo‘lini tanlaganini aytdi.

Shuningdek, u sobiq prezident Salome Zurabishvili Kiyev va Kishinyov siyosatini qo‘llab-quvvatlaganidan afsusda ekanini bildirib, Donald Tramp ma’muriyatining siyosati Gurjistonga nisbatan AQSh va Yevroittifoq pozitsiyasini o‘zgartirishidan umidvorligini aytdi.

Mavzuga oid