“Psixoximik”ning oilaviy avantyurasi. “Gold terapi”ga aldanganlar nimalarni boshdan kechirdi?
Reklama – kuchli qurol, u tuzoq bo‘lishi ham mumkin. Shunday tuzoqqa ilingan bir qancha bemor vatandoshlar sog‘ayish ilinjida giyohvandga aylanishlariga bir baxya qoldi. “Gold Terapi” nomi ostida faoliyat yurituvchi, o‘zini “professor” deb atovchi shaxsga ishonib, dahshatli og‘riq va ruhiy qiynoqlarga duchor bo‘lganlar Kun.uz'ga boshdan kechirganlarini gapirib berdi.
“Ular oilaviy mafiya ekan”
Birinchi qahramonimiz – 2021 yilda parkinson tashxisi qo‘yilgan erkak.
“Kasallik rivojlanib borayotganini sezdim. 2024 yil boshlarida YouTube'dagi Chotki.tv kanalida intervyuni ko‘rdim. Unda Xayrulla Kasimov degan yigit “Gold terapi” klinikasidan ekanini, 17 ming dollarga Amerikadan apparat olib kelganini va u orqali miyaga to‘lqin jo‘natib, “perezagruzka” qilish orqali hamma kasallarni davolashini aytdi. Ko‘p kasalliklarni, parkinsonni ham davolaydi bu apparat, dedi.
Men bunga ishondim va darrov aloqaga chiqdim. “Gold terapi” klinikasida Rixsitilla degan yigit telefonga javob berdi. Bu Xayrullaning ukasi ekan. “Professor Xayrulla Qosimov bilan gaplashasiz. U sizni onlayn ko‘rib tashxis qo‘yadi”, dedi.
Odamning joni og‘rib turganda ko‘ziga pul ham ko‘rinmas ekan. Men 2000 dollarni maydalab, onlayn konsultatsiya uchun to‘ladim. Bu so‘mda 24 million bo‘ldi. “Gold terapi” ofisiga borib to‘ladim, kvitansiya berishdi.
Shundan keyin Xayrulla Qosimov bilan onlayn aloqaga chiqdik. Tailandda ekan, qisqa va lo‘nda qilib “parkinsonni davolayman, davolamasam gapirmayman, narxi 20 ming dollar bo‘ladi” dedi. 40 minut gaplashdik, shundan 35 minutida men, 5 minutida u gapirdi. 20 ming dollar to‘ladim”.
Ma’lumot uchun: professor Zarifboy Ibodullayevga ko‘ra, parkinson tashxisini to‘g‘ri aniqlash, uning sabablari va mavjud boshqa kasalliklarni topib, davolashni to‘g‘ri boshlash kerak. Davolashni faqat malakali shifokor olib boradi. Parkinson kasalligining asl sababini aniqlamasdan turib davolashga kirishilmaydi.
“Keyin Rixsitilla aloqaga chiqib, xorij pasportim bor-yo‘qligini so‘radi, tezda Tailandga uchib ketishim kerakligini aytdi. Men uchun Tailandga bilet olishgan, unda meni turist sifatida rasmiylashtirishgan. “2024 yilning avgust oyida aeroportda Rixsitilla bilan uchrashdik. Yonida onasi ham bor ekan. Onasining aytishicha, unda jigar sirrozi bo‘lgan va o‘g‘li uni davolab tuzatgan ekan.
Tailandga bordik, pasportim Rixsitillaning qo‘lida, ularning orqasidan yurdim. Begonalar kirishi taqiqlangan hududdan villani ijaraga olib o‘tirgan ekan. Mengayam xona berishdi. Ertasiga birdan yana bir ukasi Ubaydulla bilan kirib kelishdi. Ular oilaviy mafiya ekan: onasi bilan Rixsitilla ishonchga kiradi, Ubaydulla u yerda kutib oladi, Xayrulla amalga oshiradi. Pulni O‘zbekistonda olishadi.
Ukasi bilan kirib kelishdi-da: “mana buni hidlab yuboring”, dedi. Dori-darmonsiz davolashga va’da berganini eslatsam, “hidlang, hidlang”, deb burnimga nimadir hidlatishdi, keyin nimadir ichirishdi. O‘zi kasallikdan charchaganman, quvvatim yo‘q – o‘zimdan ketdim, juda og‘irlashib qoldim. Keyinchalik bilsam, bu ayauaska degan psixotrop modda ekan. Tailandda narkotik mumkin ekan, shuning uchun ular u yerga borishgan ekan”.
Ma’lumot o‘rnida: Ayauaska (Ayahuasca) – tropik o‘rmonlarda o‘sadigan o‘simliklardan tayyorlangan giyohvand ichimlik. Bu ichimlik kuchli ta’sir etuvchi psixotrop hisoblanadi. Tarkibida alkoloidlar, psixotrop moddalar bor va uni ichganda ongning o‘zgarishi, kuchli vizual ta’sirga tushish, ruhiyatda keskin o‘zgarish kuzatiladi. Hatto o‘lim yoki aqldan ozish darajasiga olib kelishi mumkin.
Ayauaska kuchli psixotrop ta’sir ko‘rsatadi. Ba’zi odamlarda uning iste’moli noxush ta’sirlar, masalan, xavotir, gallyutsinatsiyalar, qo‘rquv yoki depressiv holatlarini keltirib chiqaradi. Undan odatda shamanlar foydalanishgan. Ular buni boshqa dunyo bilan aloqa qilish, bashorat qilish deya ifodalashgan.
Qahramonimizning so‘zlariga ko‘ra, uni bir hafta davomida shu ichimlik bilan “siylashgan”. Ovqatlanish mumkin emas deb och va qarovsiz qoldirishgan, oqibatda uning ahvoli battar og‘irlashgan. Oxirgi kun nihoyat unga taom berilib, ularning sahifasi uchun intervyu berishini aytishgan. Bemor narkotik ichimlik ta’sirida intervyu berganini aytdi.
“Kamerada s’yomka qilishdi. Boshimga oddiy bir apparatni kiygizib qo‘ydi, hozir programma o‘zgaradi deb. Umuman ta’sir qilgani yo‘q bu. Dorilarsiz davolayman deganding, Toshkentda pulni olib, bu yerga olib kelib mening ahvolimni og‘irlashtiryapsan, buning oqibatiga kim javob beradi, desam: “hammasi zo‘r bo‘ladi”, dedi. Oradan bir hafta vaqt o‘tdi, u yerda meni ko‘tarib olib yurishdi. Intervyu berishimni so‘rashdi, davolanmaganim uchun nima deb intervyu beraman desam, gapni rosa aylantirdi. Bilib qo‘y, aql-hushim joyidamas, intervyu berishimga sabab – sizlardan tezroq qutulish, dedim”.
Bunday ko‘plab intervyularni siz ularning Instagram va YouTube sahifalarida ko‘rgan bo‘lishingiz mumkin. Bu sahifalar doimiy nazorat qilinadi va negativ fikrlar muntazam o‘chirib boriladi. Faqat ijobiy fikrlarning borligi kuzatuvchini ishonishga undaydi.
“Tanangizda shunaqa narsa bo‘ladiki, undan qutulish uchun hamma narsaga tayyor bo‘lasiz”
Ikkinchi qahramonimiz – ayol kishi. O‘zining psixologik holatini, salomatligini yaxshilash uchun shu klinikani reklama qilgan xonanda Samandar Hamroqulov va YouTube'dagi Chotki.tv kanaliga ishonib, u yerga murojaat qilgan. Konsultatsiya uchun 24 mln so‘m, davolanish uchun dastlab 16 ming dollar to‘lagan.
Bu bemorniyam yuqoridagi usulda bir hafta “davolashgan” va gallyutsinatsiya holatidagi bemordan intervyu olishgan. Ammo uyga qaytgandan keyin uni nimalar kutayotganini bilmas edi. Unda endi kuchli abstinensiya, ya’ni kuchli ta’sirga dorini ichish to‘xtaganidan keyingi “lomka” boshlanadi.
“Qaytganimdan 15 kun o‘tib tanamda nimadir bo‘lyapti, tushunmayman. Shunaqa qo‘rqinchli narsa – qo‘rquvmi, vahimami, bilmayman. Yig‘lab telefon qilsam, 3 oydan 6 oygacha shunaqa bo‘ladi, deyishdi. Vaholanki, bunaqa bo‘lishini aytishmagandi. Tanamda shunaqa dahshatli nimadir bo‘lyaptiki, qo‘rqib ketganimdan miyamga “ularga shogird tushib, menga ichirgan o‘sha ichimligi qanday tayyorlanishini o‘rgansam, balki o‘tib ketar, shunda o‘zimga yordam berarman” degan fikr keldi.
Chunki tanangizda shunaqa narsa bo‘ladi, undan qutulish uchun hamma narsaga tayyor bo‘lasiz. Shundan qutulish uchun yana shogirdlikka yozildim. 15 ming dollar to‘ladim. Terapiyasida o‘sha ichimlikni beradi, uni ichgan odam trans holatiga tushadi. Har xil savollar beriladi, ong ostiga ta’sir qilinadi. Shu bilan “davolash” tugaydi. Hozir hamma shogirdlari shunaqa ishlashadi. Men odamlarni alday olmayman, o‘zimda natija bo‘lmayapti, qanday qilib odamlarni aldayman, men ishlamayman, deb pulimdan kechib chiqib ketdim”.
“Hatto jonimga qasd qilishgacha borganman”
Oxirgi paytlarda “pulga ochilish, moliyaviy ochilish” degan illyuzion g‘oyalarni singdirish avj oldi. Xayrulla Qosimov ham navbatdagi qahramonimizga har oy 10 ming dollar topishini va’da qiladi. Uning sahifalarida shunday reklamalarni ko‘rgan ayol bunga chippa-chin ishonadi va 100 million so‘m qarz ko‘tarib, ularga to‘laydi.
“Samandar Hamroqulovning intervyusini ko‘rdim, unda moddiyati ochilgani, kasalliklardan xalos bo‘lgani aytilgan edi. Menda tanamda hech qanday kasallik yo‘q edi, maqsadim faqat moddiy tomondan ochilish edi.
Onlayn konsultatsiya uchun 3 mln 300 ming to‘ladim. Undan keyin 4 ta muolaja o‘tkazishni 100 million so‘m deyishdi. Bu pulni 21 kun ichida to‘lamasam, 2 baravarga oshar ekan. Navbat, odamlar ko‘pligini, tezroq harakat qilishim kerakligini aytishdi. Tanish-bilishlardan qarz olib, bordim. Qorong‘i xonada juda katta va’dalar berdi, oyiga 10 ming dollar topasiz deb.
Kichkina idishda nimadir ichirishdi, savol-javob qilishdi. Oddiy savollar, menga umuman qiziq bo‘lmadi. Faqatgina o‘ylantirgan narsa – men nima ichdim? Qo‘rqib ketdim.
Muolajalardan keyin yaxshi yurdim, xursand bo‘lib. 15 kun, 1 oylardan keyin menda stress, qo‘rquv, vahimaga tushib qolish boshlandi. Ta’m sezmay qoldim. Vaholanki men umuman kasallik bilan murojaat qilmaganman. Umrimda bunaqa og‘riq borligini bilmaganman, tanamda o‘tgan narsani so‘z bilan ta’riflay olmayman. Umidlarim so‘nib ketdi, ishonchim yo‘qoldi. Menga bergan eng katta narsasi – vahima kasalini orttirdim. Hatto jonimga qasd qilishgacha borganman”.
“Yaxshiman deb intervyu berganim uchun pulimni qaytarmadi”
Kun.uz'ga Xayrulla Qosimovning “muolajalari”ni olgan va yuqoridagi holatni boshdan kechirgan yana boshqa murojaatlar ham kelib tushgan.
“Qonimda virus aniqlangan edi. Xayrulla Qosimov 100 foiz kafolat berdi tuzalishimga. Jami 15 ming dollar to‘ladim. Tailandda mengayam nimadir ichirib, intervyu olishdi. Oqibatda kasalim battar zo‘rayib ketdi”.
“Men nevrozdan qutulish uchun murojaat qilganman. Orada o‘tga o‘xshagan narsani ichirishdi. Jami 17 ming dollar to‘ladim, lekin biror natija ko‘rmadim. Boshida agar sog‘aymasam pulim qaytarilishini aytgandi Xayrulla. Lekin foyda ko‘rmaganimni aytsam, siz yaxshiman deb intervyu bergansiz, deb pulni qaytarmadi”.
Jabrlanganlar orasida vafot etganlar ham bo‘lishi mumkin
Xo‘sh, Xayrulla Qosimov kim? Nega odamlar uning bitta konsultatsiyasi uchun 24 mln, davolashi uchun 20 ming dollarlab to‘lashyapti?
O‘zini professor, tabib, filantrop, psixoximik, Gold terapi asoschisi deb e’lon qilgan Xayrulla Qosimovning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari uning hashamatli hayoti, boylikka mashaqqatsiz erishish yo‘lida nima qilish kerakligi haqidagi safsatalari bilan to‘la.
Ham iqtisodiy, ham tibbiy, ham ijtimoiy muammolarni bittada yechish garantiyasini beradigan “professor”ning sahifasidagi imlo xatolardan ko‘z qamashadi.
Klinika adminstratorlari esa Qosimovning hatto qaysi ta’lim dargohida o‘qib kelganini ham bilmaydi. Uning hatto oliy ta’lim olgani ham so‘roq ostida. Chunki unda diplom emas, allaqanday sertifikat bor xolos.
Murojaatchilarning barchasi Samandar Hamroqulov va YouTube'dagi Chotki.tv kanalining reklamasi sabab ularga ishonib borishganini aytishyapti. Kanal ma’murlarining aytishlaricha, ular ham Qosimovning sehrli davolash usulidan bexabar. Yana bir ma’mur o‘sha intervyu o‘chirilganini, o‘chirishga sabab esa Qosimovning bemoridan tushgan shikoyat sabab bo‘lganini aytdi.
Murojaatchilarga ko‘ra, ularning bu noodatiy davolash usulidan jabrlanganlar soni talaygina, ammo turli sabablarga ko‘ra ular huquq-tartibot idoralariga shikoyat qilishdan istiholada. Jabrlanganlar orasida vafot etganlar ham borligi aytilyapti. Odamlarning ichki ishlar idoralariga, yuqori tashkilotlarga yozgan shikoyatlari javobsiz qoldirilayotgani esa tushunarsiz holat.
“Ariza yozdim, lekin bu yerda gap boshqa narsada ekan. Ular mas’uliyati cheklangan jamiyat (MChJ) ekan. Tadbirkor qiyofasidagi firibgarlar. Shu paytgacha yozyapman, portalga, Shayxontohur tumani ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilyapman. Chora ko‘rilmayapti. Ayolim ham ariza yozdi, men o‘zim uydan chiqa olmayman.
Men O‘zbekistonda qonunga ishonmasam, prokurorga ishonmasam, ichki ishlarga ishonmasam, unda chet elga ko‘chib ketaymi?” – deydi murojaatchilardan biri.
Kun.uz Xayrulla Qosimov bilan bog‘lanishga harakat qildi, ammo uning xorijdaligi sabab bog‘lana olmadi. Afsuski, uning reklamalari hamon davom etmoqda, haligacha ishonayotganlar topilsa ham ajab emas.
Biror tashkilot bularni o‘rganadimi yoki yo‘q, hozircha noma’lum.
Gulmira Toshniyozova,
Kun.uz muxbiri
Mavzuga oid

11:16 / 02.03.2025
Uchta hududda imtiyozli kredit olib berishini aytib odamlarning pullarini o‘zlashtirgan shaxslar ushlandi

18:44 / 24.02.2025
Samarqandda internet firibgarlarining asosiy qurbonlari yoshlar bo‘lmoqda

18:41 / 22.02.2025
Toshkent viloyatida yirik miqdordagi firibgarlikni sodir qilgan shaxs qamaldi

16:49 / 20.02.2025