Buxoroda 1800 dan ortiq yirik daraxtlarni ko‘chirish boshlandi – aholi bundan norozi
Viloyat Ekologiya boshqarmasi "G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beynau" avtomobil yo‘lining 20 kilometri ta’mirga tushgani, shu sabab hududdagi 1824 daraxtni ko‘chirish boshlangani haqida ma’lum qildi.

Foto: Videodan kadr
Ijtimoiy tarmoqlarda Kogon-Buxoro yo‘lida bir nechta yirik daraxtning ag‘darilib yotgani aks etgan video tarqaldi. Videodan ko‘rinishicha, aholi daraxtlar ko‘chirilayotganidan norozi. Holat bo‘yicha shahar aholisidan Kun.uz’ga ham norozilik murojaati kelgan. Unda yo‘l bo‘yidagi daraxtlarni joyida qoldirish so‘ralgan. “Kesilgan daraxtlar yonidan o‘tayotganimizda yonimizda sayyohlar ham bor edi. Ular bu holdan shokka tushishdi. Buxoroda o‘zi daraxt deyarli yo‘q. Borini ham yo‘q qilishyapti. Bu yerda yashovchilarning aytishicha, yo‘l qatnov qismini kengaytirish maqsadida daraxtlar olib tashlanayotgan ekan. Iltimos, daraxtlarni yo‘q qilishmasin”, – deyiladi murojaatda.
Holat bo‘yicha Ekologiya boshqarmasi rasmiy munosabat bildirgan. Unga ko‘ra, A-380 "G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beynau" avtomobil yo‘lining 218-228 km (20 km) qismi ta’mirga tushgan. “Hududdagi 1824 tup mevali hamda manzarali daraxtlar qonunchilik talablari asosida xoli hududlarga ko‘chirib o‘tqazilmoqda. Ushbu jarayon O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 22 avgustdagi 464-sonli qarori 5-bob 33-bandiga muvofiq amalga oshirilayotganini ma’lum qilamiz”, – deyilgan munosabatda.
Ma’lum bo‘lishicha, 1824 tup daraxtning 151 tupi Boqiy Buxoro majmuasi va Yangi O‘zbekiston bog‘iga ko‘chirib o‘tqazilgan va qolgan daraxtlar ham xoli hududlarga ko‘chiriladi.
Holat bo‘yicha Kun.uz muxbiri viloyat Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati Marjona Shukurova bilan bog‘landi. Unga ko‘ra, videoda ko‘ringan daraxtlar 15-17 yillik. Shukurova ko‘chirish davom etayotganini aytdi. Biroq qolgan daraxtlar qayerga ko‘chiriladi, ularni ko‘chirayotgan kompaniya daraxt ko‘chirib o‘tqazish bo‘yicha qancha tajribaga ega, daraxtlarning keyingi taqdiri qanday bo‘ladi kabi savollarni ochiq qoldirdi.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yilning may oyida Toshkentning Sayilgoh ko‘chasidagi 30-70 yoshli daraxtlar Qibray tumaniga ruxsatsiz ko‘chirilgani haqida Kun.uz material e’lon qilgan edi. Voqeadan 9 kun o‘tib prokuratura 53 tup ko‘p yillik daraxtlar noqonuniy ravishda ko‘chirib ketilganini nihoyat tasdiqlab, jinoyat ishi ochgandi.
Mavzuga oid

23:33 / 06.03.2025
Buxoroda sayyohlarga xizmat ko‘rsatuvchi turistik korxonalar soni 186 taga yetdi

21:53 / 05.03.2025
Ekologiya vazirligi daraxtlar kesilishi kamayib borayotganini e’lon qildi

18:08 / 05.03.2025
Olimlar XXI asrda Yerning rekord darajada yashillanishini bashorat qilmoqda

16:25 / 05.03.2025