Jahon | 15:59 / 16.02.2025
4722
12 daqiqa o‘qiladi

Maskni qo‘llagan Japarov, qimmatlagan ajrim va qotil bog‘cha tarbiyachisi – Markaziy Osiyo hafta ichida

Yakuniga yetgan haftada Qirg‘iziston prezidenti Japarov Tramp va Maskning yonini olib, “Ozodlik radiosi” yopilishini yoqlab chiqdi. Turkmanistonda ajrim uchun davlat boji 5 baravarga oshirildi, Qozog‘istonda esa onlayn savdo platformalari soliqqa tortildi. Tojikiston hukumati Rog‘un GESini qurib tugatish uchun xalqaro yordam izlamoqda.

Sadir Japarov: «Ozodlik» yangiliklariga hech kim muhtoj emas

Qirg‘iziston prezidenti Tramp administratsiyasidagilar va Ilon Maskning “Ozodlik radiosi”ni yopish tashabbusini oqlab chiqdi. Gap shundaki, Ilon Mask AQShning maxsus missiyalar bo‘yicha elchisi Richard Grenellning Xʼdagi postiga javoban “Ozodlik radiosi” va “Amerika ovozi” ni yopish kerakligini yozgandi. Milliarder ikki media ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgani, ular har yili 1 milliard dollarni havoga uchirib, o‘zlari bilan o‘zlari gaplashadigan aqldan ozganlar deya ikki nashr vakillariga haqoratomuz fikrini yozib qoldirdi. Qirg‘iziston prezidenti Japarov esa bu fikrni ijobiy qabul qilib, endi «Ozodlik»ka hech kim muhtoj emasligini aytdi.

Donald Tramp va Ilon Mask mening tashabbuslarimga muhtoj emas. Ikkalasi ham milliarder. Ular pul osmondan tushmasligini juda yaxshi biladi. Ular amerikaliklarning pullarini behuda sarflashini to‘xtatmoqchi va mutlaqo to‘g‘ri qiladi. Hozir XXI asr. Har qanday ma’lumot besh daqiqada butun dunyoga tarqaladi. 20-30 yil oldin «Ozodlik»ni hamma kutgan, eshitgan, ishongan. Chunki u paytda internet, smartfonlar yo‘q edi. Hozir odamlar «Ozodlik» yangiliklariga muhtoj emas. Hamma ma’lumotni internet orqali oladi”, - dedi prezident.

Sadir Japarovning fikricha, xalq yangiliklarni tahlil qilishni o‘rgangan, hamma narsaga ham ishonmaydi. Odamlar qaysi xabarlar ishonchsiz ekanini tushunadi.

Fuqarolar murojaatini vaqtida ko‘rmagan amaldorlar jarimaga tortiladi

Qirg‘izistonda endi fuqaro murojaatini kech hal qilgan amaldorlar jarima to‘laydi. Respublikada amaldorlarning jazolarini monetizatsiya qilish rejalashtirilmoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, hayfsan tarzidagi intizomiy jazo olish amaldorlarga ta’sir qilmasa, ular mukofotdan mahrum qilinadi. Maoshi esa kesib tashlanadi. Hozirda Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksga tegishli tuzatishlar ishlab chiqilmoqda.

“Biz fuqarolar murojaatlarining sifati va muddatlarini buzganlik uchun jazo joriy qilmoqchimiz. Bu murojaatlarni lozim darajada ko‘rib chiqmagan mansabdor shaxsga nisbatan moliyaviy cheklovlarni keltirib chiqaradi”, deyiladi xabarlarda.

Avvalroq Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov internetda haqorat va tuhmat uchun jarimalar to‘g‘risidagi qonunni imzolagandi. Jarima miqdori jismoniy shaxslar uchun 20 ming somgacha, yuridik shaxslar uchun 65 ming somgacha belgilangan. Bundan tashqari, endilikda Qirg‘izistonda to‘y va dafn marosimlarida ortiqcha xarajat qilganlar 100 ming somdan 300 ming somgacha (salkam 15 million so‘mdan 45 million so‘mgacha) jarimaga tortilishi mumkin.

Turkmaniston fuqarolari endi ajrashish uchun 3,500 dollardan qimmatroq boj to‘laydi

Turkmanistonda endi rasman ajrashish moddiy qiyinchilik tug‘dirishi tayin. Chunki davlatda ajrashish to‘lovi birdaniga 5 baravarga qimmatladi. Lekin bu qaror ijobiy ahamiyat kasb etish o‘rniga odamlarni ajrashishni keyinga qoldirishga majbur qilmoqda.

“Nikohni bekor qilish to‘g‘risidagi ariza bilan sudga kim murojaat qilishidan qat’iy nazar, 6000 manat, ya’ni 3 500 dollardan ortiq miqdorida davlat boji to‘lash talab qilinmoqda. Fuqarolarning ishlari to‘lovdan keyingina ko‘rib chiqilishi aytilmoqda”, deydi ashxobodliklar.

Taxminan olti oy oldin boj miqdori 1200 manat - salkam 706 dollar edi. Fuqarolarga bojlar qachon oshirilgani haqida aniq tushuntirish berilmagan.

Nikohni bekor qilish tartibi Turkmaniston Oila kodeksining 5-bobida belgilangan. Agar er-xotindan biri ajrashishga rozi bo‘lmasa yoki oilada voyaga yetmagan yoxud mehnatga layoqatsiz farzandlar bo‘lsa, ajrashish ariza beruvchining yashash joyidagi tuman yoki shahar sudi tomonidan amalga oshiriladi.

Nikohdan ajratish er-xotinning birgalikdagi arizasi asosida, ariza berilgan kundan e’tiboran ikki oy o‘tgach amalga oshiriladi. Turkmanistonda iqtisodiy qiyinchiliklar va keng tarqalgan ishsizlik sharoitida nikohni bekor qilishga qaror qilgan ko‘plab fuqarolar 5 baravar qimmatlashgan davlat bojini to‘lay olmayapti.

“Nikohni bekor qilish to‘g‘risidagi ariza bilan sudga murojaat qilgan ko‘plab er-xotinlar davlat bojini to‘lash uchun zarur bo‘lgan mablag‘ni yig‘maguncha ajrashishni kechiktirishga majbur. Chunki odamlar oyiga 1500-2000 manatdan oladi va zo‘rg‘a kun kechiradi”, deydi ashxobodlik turkmanlar.

Ma’lum bo‘lishicha, so‘nggi yillarda ajrashishga qaror qilgan oilalar soni sezilarli darajada oshib bormoqda va aksariyat hollarda bunday oilalar Turkiya yoki Rossiyada yurgan migrant muhojirlaridan tarkib topgan.

 

«Tolibon» BMTning afg‘on xodimlariga soqol o‘stirishni buyurdi

Manbalarga ko‘ra, «Tolibon» rasmiylari Hirotdagi Islom Qal’a markaziga tashrif buyurib, erkak xodimlarni soqol oldirish yoki qisqartirish qamoq jazosiga olib kelishi haqida ogohlantirgan. Ogohlantirish Afg‘onistondagi gumanitar operatsiyalar uchun qiyinchiliklar ortib borayotgan bir paytda e’lon qilindi. 2023 yil aprel oyida esa «Tolibon» ayollarga BMT tashkilotida ishlashni taqiqlagan edi. Mazkur qiyinchiliklar fonida 72 ta insonparvarlik loyihasi to‘xtatilgan, ikkita tashabbus butunlay bekor qilingan va bitta muassasa yopilgan.

2021 yilda «Tolibon» hokimiyatga kelishi bilan Afg‘onistonda erkaklarga soqol olishni taqiqladi. Tegishli bayonotida sartaroshxona va jamoat hammomlarida soqol olish hamda musiqa chalish qat’iyan taqiqlanishi aytilgan.

“Agar sartaroshxona yoki umumiy hammomda kimdir soqolini oldirgani yoki u yerda musiqa chalgani aniqlansa, aybdorlarga nisbatan shariat qonunlariga muvofiq ish ko‘riladi va ularning shikoyat qilishga haqqi bo‘lmaydi”, deyilgandi bayonotda.

2023 yil Afg‘onistonda soqol o‘stirish buyrug‘iga bo‘ysunmagan va shu bilan islom qonunlariga rioya etmagan 280 dan ortiq politsiyachi ishdan bo‘shatilgan. Shu yili «Tolibon» o‘qituvchilarning soqoli yo‘qligi uchun ikkita maktabni yopgandi. Maktablarni yopish to‘g‘risidagi qarorning yana bir sababi o‘qituvchilarning hijob o‘rash me’yorlariga rioya qilmagani ham bo‘lishi mumkin.

Tojikistonga yana pul kerak

Tojikiston hukumati Rog‘un GESini qurib bitkazish uchun mablag‘ izlashda davom etmoqda. Yakuniga yetgan haftada 812 million dollarlik shartnoma imzolangan. Bu haqida moliya vaziri Fayziddin Qahhorzoda 14 fevral kuni matbuotga ma’lum qilgan. Aytilishicha, Italiya hukumati, Yevropa investitsiya banki, Abu-Dabi taraqqiyot jamg‘armasi, Osiyo taraqqiyot banki bilan muzokaralar davom etmoqda. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Rog‘un GESi qurilishini yakunlash uchun ajratilayotgan 812 million dollarning 462 millioni kredit, 350 million dollar esa grant hisoblanadi. Olingan barcha kreditlar yuqori imtiyozli va uzoq muddatli – ya’ni 25 yildan 30 yilgacha, deydi vazir Qahhorzoda. U Rog‘un GESi to‘liq qurib bitkazilgach, bu mablag‘lar kreditorlarga o‘z vaqtida qaytarilishiga va’da berdi.

Eslatib o‘tamiz, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon parlamentga qilgan so‘nggi murojaatida hukumat ushbu strategik obektni o‘z vaqtida moliyalashtirish uchun barcha manbalardan foydalanishini aytgandi. Rahmon yana 3 mlrd dollar mablag‘ qurilishga tikilishi uchun qator xalqaro moliya tashkilotlari bilan gaplashilayotganini ta’kidlagan. Shuningdek, oxirgi ikki yilda GES qurilishi uchun budjetdan 830 million dollarga yaqin pul ajratilgan. Loyiha 2035 yilgacha batamom bitishi uchun jami yana 6,4 milliard dollar kerak bo‘ladi. GESning navbatdagi gidroelektr bloki 2025 yilda ishga tushiriladi.

Stansiyaning mashina xonasiga har biri 600 MVt quvvatga ega jami 6 ta blok o‘rnatiladi. Yakuniy blok 2029 yilda ishga tushirilishi kutilmoqda.

 

Onlayn savdo platformalari soliqdan qocholmaydi

Avvalgi dasturlarimizda Qozog‘iston onlayn savdo platformalarini soliqqa tortishi, buning uchun xorijiy kompaniyalar yangi yildan e’tiboran ro‘yxatda o‘tishi lozimligini xabar qilgandik. Talabga muvofiq jami 101 ta onlayn savdo platformalari – jumladan, Temu, Pinduoduo, Alibabalar ham soliq undirish uchun ro‘yxatdan o‘tkazildi. Bu haqda Moliya vazirligi vakillari bosh vazir Oljas Bektenov bilan ekspertlar hamda ishbilarmonlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qildi. Tadbirda Moliya vazirligining yirik ma’lumotlarni tahlil qilish tizimi taqdim etilgan. Unda 55 ta davlat ma’lumotlar bazasi yuklangan bo‘lib, ularning soni yil oxirigacha 100 taga yetkaziladi. Ushbu ma’lumotlar asosida soliq to‘lovchilarning raqamli profillari shakllantirilmoqda. Ayni paytda yuridik shaxslarning 569 mingta, yakka tartibdagi tadbirkorlarning 1,8 milliondan ortiq profillari yaratilgan.

Onlayn savdo platformalari xususida so‘z borarkan, bu tizimda ishlayotgan fuqarolar soni ortib borayotgani aytilgan. Qozog‘istonda ro‘yxatdan o‘tmagan internet savdo kompaniyalari ishlashiga ruxsat berilmaydi. Avvalroq Qozog‘iston Vazirlar Mahkamasi vakillari soliq islohoti nimaga olib kelishini tushuntirish uchun mamlakat viloyatlariga borgan edi.

Bog‘cha tarbiyachisi bolani bo‘g‘ib o‘ldirdi

Olmaotadagi xususiy bog‘chada tarbiyacha bolani kaltaklab, bo‘g‘ib o‘ldirib qo‘ydi. Olmaota ta’lim boshqarmasining aniqlashicha, bu bog‘cha davlatniki emas va davlat mablag‘larisiz ishlab kelgan. Hattoki, bu muassasa milliy ta’lim tashkilotlari tarmog‘idan ham ro‘yxatdan o‘tmagani ma’lum bo‘ldi. Internetning qozoq segmentida bolani bo‘g‘ib turgan tarbiyachi kadrlari tarqaldi, unda ko‘rinishicha boshqa tarbiyachilar voqeaga e’tibor ham bermagan, tarbiyachi esa bolakayning og‘zini zich yopib turgan. 4 yoshli bola tarbiyachisining qo‘lidan qochib qutulolmagan va nafas yetmay halok bo‘lgan. Olmaota politsiya departamenti voyaga yetmagan bolani tarbiyalash bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaganlik uchun jinoiy ish qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi. Bu bog‘cha mana, bir necha kundirki qo‘shni davlat fuqarolarining keskin muhokamasi va tanqidlariga sabab bo‘lyapti. Bog‘cha rahbariyati voqea yuzasidan fikr bildirishdan bosh tortgan, tarbiyacha qamoqqa olingan. U qamalishi va bog‘cha katta miqdorda jarimaga tortilishi kutilmoqda.

Shohrux Majidzoda tayyorladi.

Mavzuga oid