Jahon | 13:16 / 15.02.2025
5568
10 daqiqa o‘qiladi

Muqobil taklif kutayotgan Vashington, Chernobil AESga zarba va Qizil dengizga qaytgan kemalar - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Vashington muqobil taklif kutyapti

AQSh davlat kotibi Marko Rubio arab davlatlarini G‘azo bo‘yicha o‘z yechimlarini taklif qilishga chaqirdi hamda ularni loqaydlik va befarqlikda aybladi. Vashingtonda hozircha yagona aniq taklif sifatida Tramp rejasi ko‘rilmoqda, unda G‘azo aholisini sektordan chiqarib yuborish nazarda tutilgan.

«Agar arab davlatlari bunga qarshi bo‘lsa, aniq bir muqobil taklif taqdim etishi kerak», — dedi diplomat.

Rubio Saudiya Arabistoni, BAA va Isroil rahbarlari bilan bu masalani muhokama qilish uchun Yaqin Sharqqa safar qilishni ko‘zlamoqda.

Misr Tramp taklifini rad etib, G‘azo tiklanishi bo‘yicha o‘z tashabbusi ustida ish olib borayotganini tasdiqladi. Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, Qohira rejasi politsiya va boshqaruv tizimini o‘zgarishsiz qoldirish, nazoratni HAMASsiz, mahalliy rahbarlar qo‘liga nazoratni topshirishni o‘z ichiga oladi.

Kemalar Qizil dengizga qayta boshladi

Yamanlik husiychilarning hujumlari qisqargani sababli ayrim dengiz yuk tashish kompaniyalari Qizil dengiz orqali tranzitni tiklamoqda.

Markel sug‘urta kompaniyasining ma’lumotiga ko‘ra, yangi yildan so‘ng kemalarga hujumlar kuzatilmagan, bu esa yuk tashish narxlarining pasayishiga olib kelmoqda.

Biroq xavfsizlik holati hanuz noaniq. Ko‘plab yirik konteyner operatorlari hali ham Qizil dengizga qaytishga shoshilmayapti. Ular to‘liq o‘t ochishni to‘xtatishni kutib, xavfli hududlarni aylanib o‘tmoqda.

Mutaxassislarning aytishicha, husiychilar vaqtincha tanaffus olgan bo‘lishi mumkin. Ular Yamanning Qizil dengiz bo‘ylab joylashgan hududlarida kuch to‘playotgani va hujumlarni qayta boshlashi ehtimoli bor.

2023 yil noyabridan beri xusiychilar Suvaysh kanali orqali o‘tuvchi kemalarga 100 dan ortiq hujumlar uyushtirgan, bu esa dunyo savdosining 12 foizi va jahon konteyner yuk tashishining 20 foizini tashkil etuvchi muhim tranzit yo‘lini tahdid ostiga qo‘ygan.

Myunxenda xavfsizlik bo‘yicha anjuman boshlandi

Germaniyaning Myunxen shahrida an’anaviy 61-xavfsizlik anjumani start oldi.

1963 yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan mazkur anjumanning asosiy maqsadi diplomatik muloqot orqali mojarolarning oldini olishdir. Bu yilgi forumda Ukrainadagi urush, Yaqin Sharqdagi vaziyat va Yevropa xavfsizligi asosiy mavzulardan biri bo‘ladi.

Tadbirda AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens, Germaniya kansleri Olaf Shols, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy, NATO bosh kotibi Mark Ryutte va boshqa yuqori martabali shaxslar ishtirok etmoqda.

Konferensiya davomida G‘arb va Xitoy munosabatlari, savdo urushlari, Sudan va Kongo demokratik respublikasidagi nizolar, iqlim muammolari, energetika va oziq-ovqat xavfsizligi, sun’iy intellekt va texnologiyalar tartibga solinishi kabi mavzular muhokama qilinadi. 16 fevralgacha davom etadigan forumda 350 ga yaqin panel muhokamalari o‘tkaziladi.

Zelenskiy muzokara uchun shartlarini aytdi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya bilan muzokaralar o‘tkazish uchun yagona shart — Ukraina, Yevropa va AQSh umumiy rejaga ega bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Bu haqda u Myunxen xavfsizlik konferensiyasida ma’lum qildi.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev avval ham Moskva bilan o‘t ochishni to‘xtatish va asirlarni almashish bo‘yicha kelishgan, lekin Rossiya bu kelishuvni bajarmagan.

Ukraina prezidentining ta’kidlashicha, ularga vositachi kerak emas, chunki bu urush shunchaki ikki davlat o‘rtasidagi nizo emas, balki bir davlatning boshqa davlatga hujumi.

Zelenskiy AQSh vitse-prezidenti Jyeyms Vens bilan Amerika harbiy yordamini Ukraina resurslariga almashish masalasini muhokama qilishga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, u Donald Tramp u bilan shaxsiy aloqaga chiqishi mumkinligini aytganini ham ma’lum qildi.

«Men faqat Rossiya rahbari Putin bilan uchrashaman. Faqat Tramp, Yevropa va Ukraina umumiy rejaga ega bo‘lgandagina muzokaralar o‘tkazishim mumkin», — deb ta’kidladi Zelenskiy.

Pekin vositachilik taklifini bildirdi

Xitoy AQShga Moskva va Vashington o‘rtasida muzokaralar tashkil qilish uchun vositachi bo‘lish taklifini berdi. The Wall Street Journal manbalariga ko‘ra, Pekin muzokaralar Volodimir Zelenskiy ishtirokisiz o‘tkazilishini istamoqda.

Xitoy Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi ehtimoliy sulhdan so‘ng tinchlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga tayyor, biroq AQSh va Yevropa buni shubha bilan qabul qilmoqda.

Avvalroq Tramp Putin bilan Ukraina mojarosini hal etish haqida uzoq va samarali suhbat o‘tkazganini, shaxsiy uchrashuv haqida kelishib olganini aytgan edi.

Vashingtonda Xitoy tashabbusi amalga oshishi qiyin, deya baholandi. WSJ tahliliga ko‘ra, Pekin bu orqali AQSh bosimini yumshatishni xohlamoqda, lekin Rossiya bilan yaqin aloqalarni saqlab qolishdan ham voz kechish niyati yo‘q.

Vens Yevropa siyosatchilarini tanqid qildi

Jyey Di Vens Yevropa siyosatchilarini sovet ittifoqi uslubidagi ritorikadan foydalanishda aybladi: «AQSh va Yevropada Rossiyaning demokratiyaga aralashuvi mubolag‘a qilinayapti», — dedi u Myunxen anjumanida.

Vensga ko‘ra, noqonuniy migratsiya demokratiya uchun Moskvaning saylovlarga aralashuvidan ko‘ra katta tahdid tug‘diradi.

«Agar 200 ming dollarlik internet reklamasi demokratiyaning qulashiga olib kelsa, bu jamiyat haqiqiy xalq xohishini aks ettirayotganiga shubha bor», — dedi Vens.

U Yevropa hukumatlarida muhofazakor va migratsiyaga qarshi partiyalarning inkor qilinishi xalq xohishini chetga surish bilan teng ekanini ta’kidladi.

AQSh rasmiysi Rossiya muzokaralarni sabotaj qilsa, Moskvaga qarshi iqtisodiy va harbiy bosim kuchaytirilishini ta’kidladi.

Rossiya droni Chernobil AESga urildi

Ukraina Chernobil AES hududiga Rossiya droni zarba berganini ma’lum qildi. Bu haqda prezident Volodimir Zelenskiy o‘z Telegram-kanalida yozdi.

Fugasli zarbdor dron AESning 4-energobloki ustiga qurilgan muhofaza sarkofagiga tekkani xabar qilinmoqda.

«Bu inshoot Ukraina Yevropa, AQSh va boshqa davlatlar bilan birga qurgan obektdir», — dedi Zelenskiy. Uning so‘zlariga ko‘ra, yadroviy obektlarga hujum qiluvchi, atom elektr stansiyalarni egallab oluvchi, oqibatlarga qaramasdan harbiy harakatlar olib boruvchi dunyodagi yagona davlat bu — bugungi Rossiya.

Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik ham hodisani tasdiqladi. Agentlik mutaxassislari sarkofag hududida portlash ovozini eshitgan.

Hozircha sarkofagning ichki tuzilmasiga zarar yetmagani va hech kim jabrlanmagani ma’lum qilindi.

Tramp yadroviy qurollarni qisqartirmoqchi

AQSh prezidenti Donald Tramp Xitoy va Rossiya bilan mudofaa xarajatlarini 50 foizga kamaytirish va yadroviy qurollarni qisqartirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

«Biz milliardlab mablag‘ni behuda sarflayapmiz», — dedi Tramp, Pekin va Moskva ham bu pozitsiyani qo‘llab-quvvatlayotganini ta’kidlab. Unga ko‘ra, AQSh, Xitoy va Rossiya har yili 1 trln dollardan ortiq mudofaa xarajatlari uchun mablag‘ sarflaydi.

Tramp Ukraina va Yaqin Sharqdagi mojarolar hal etilganidan keyin bu masala muhokama qilinishi mumkinligini aytdi. U Putin bilan yadro qurollarini kamaytirish haqida ham gaplashganini va Rossiya rahbari bunga katta qiziqish bildirganini ta’kidladi.

Uning tashabbusi Yevropa va Ukrainada tashvish uyg‘otmoqda. Kiyev AQSh, Xitoy va Rossiya ortidan muhokamalardan chetda qolishdan xavotirda.

Olaf Shols katta siyosatni tark etmoqchi

Germaniya kansleri Olaf Shols lavozimidan ketgach, siyosatni tark etishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kanslerlik muddati tugagach, boshqa lavozimlarga da’vo qilmaydi va oddiy fuqaro sifatida hayot kechirmoqchi.

Shols 23 fevral kuni bo‘lib o‘tadigan saylovlar arafasida hozircha kanslerlikda qolishni istashini ta’kidladi. F.A.Z. nashriga bergan intervyusida u «bundan keyin siyosiy faoliyatimni davom ettirmayman», deb ta’kidladi.

Germaniyaning Angela Merkeldan avvalgi sobiq kansleri Gerxard Shryoder lavozimidan ketgandan so‘ng ruslarning «Shimoliy oqim» gaz quvuri loyihalarida lobbist sifatida faoliyat yuritgan edi. Ammo Shols aslo bunday yo‘l tutmasligini aytdi.

66 yoshli siyosatchi hozirda Bundestag saylovlarida ishtirok etyapti. Ammo uning rahbarligidagi Sotsial-demokratik partiya saylovoldi so‘rovlarda orqada qolmoqda, shuning uchun Sholsning yana kanslerlikka qaytish ehtimoli juda past.

Mavzuga oid