Jamiyat | 15:52 / 15.02.2025
18332
5 daqiqa o‘qiladi

Kamaz tagidan butun chiqqan, kichik jussali katta inson – rishtonlik Sherqo‘zi hikoyasi

Sherqo‘zi Otaboyev juda kichkina tug‘ilgan. 40 yoshni qoralagan qahramonimiz g‘isht ishlab chiqarish zavodida ishlaydi. Bo‘yi 1,30 sm, turmush o‘rtog‘ining ham bo‘yi o‘ziga mos: 1,20 sm. “Kenja o‘g‘lim juda kichik bo‘lgani uchun telpak ichida katta qildik”, – deydi Sherqo‘zining onasi Kimsanoy opa Otaboyeva.

“Rishton tumanining Oq yer qishlog‘ida yashaymiz. O‘g‘lim juda kichkina tug‘ilgan. Bizning avlodda bo‘yi past yo‘q edi. Keyinchalik bo‘yi qanaqa o‘sar ekan deb rosa o‘ylanganman. Doktorga ko‘rsatsam, “bolani bo‘yi kichkina, pensiyaga chiqartirib qo‘yamiz”, deyishdi. Lekin dadasi bunga rozi bo‘lmadi.

Kimsanoy Otaboyeva, Sherqo‘zining onasi

O‘g‘lim kichik bo‘lgani uchun telpak ichida katta qilganmiz. O‘g‘limga mos kelin topildi. Xudoga shukur. Kelinim Ra’noxonning bo‘yi ham Sherqo‘ziga mos. Ular baxtli oilalardan biri”, – deydi Sherqo‘zining onasi Kimsanoy Otaboyeva.

“Hali ona qornida ekanimda onam qattiq stressga tushganida homilaga ta’sir qilgan ekan. Shu sabab bo‘yim o‘smagan. Oilada katta farzandman. 2010 yilda sovchi bo‘lib borishdi. Sherqo‘zi akam bilan ko‘rishdik. Bir-birimizga ma’qul tushdik. Ularni birinchi marta ko‘rganimda Allohning ishlariga lol qoldim. Bo‘yimiz bir-birimizga juda mos edi.

Ra’noxon Otaboyeva, Sherqo‘zining turmush o‘rtog‘i

To‘yimiz bo‘ldi, farzandli bo‘ldik. 2011 yilda Feruzbek o‘g‘limiz tug‘ildi. O‘g‘limiz ham o‘zimiz kabi kichkina tug‘ilgan. Hozirda 6-sinfda o‘qiydi.

Oilaviy ko‘chaga, bozorga chiqsak hamma bizga hayron bo‘lib qaraydi. Kimlardir havas qiladi.

Men kelin bo‘lib kelganimdan keyin, tandirlari baland ekan. Tandirga bo‘yim yetmagani uchun uni buzib bo‘yimga moslab kichik tandircha yasab berishdi. Bo‘yim yetadi hozir, bemalol yopaman nonlarni.

Orzu-niyatlarimiz ota-onalarimizni Hajga jo‘natish, mashinalar olish, xalq xizmatida bo‘lish”, – deydi Sherqo‘zining turmush o‘rtog‘i Ra’noxon Otaboyeva.

“Sovchilikka borganimizda otasi qizini berarmikan degan o‘y bo‘lgan. Hatto o‘sha kuni kechasi bilan uxlolmay chiqqanman.

Sherqo‘zi Otaboyev

Mana hammasi yaxshilik bilan tugadi. To‘y ham bo‘ldi. Farzandli bo‘ldik. Maktab paytida sevgan qizlarim bo‘yim pastligi uchun ham yaxshi munosabatda bo‘lishmas edi. Ayrimlar “pakana” deb ustimdan kulardi. Bugunga kelib o‘z ishim, oilam bor. Ro‘zg‘orimizni tebratib yuribmiz”, – deydi Sherqo‘zi Otaboyev.

“O‘g‘lim Sherqo‘zi 1 kg 700 gr tug‘ilgan. Bo‘yi esa shu kichik telefonday edi. Tez yordam mashinasi yetib kelmay ko‘chada dunyoga kelgan. Yoshligida nihoyatda sho‘x bo‘lgan. O‘g‘li ham o‘ziga o‘xshagan juda sho‘x hozir.

Abdulla Otaboyev, Sherqo‘zining otasi

4-5 yashar vaqtida, katta asfalt ko‘chaga qo‘shnimiz yanchgani somonini olib chiqib yoyib qo‘ygan ekan. Sherqo‘zi shu somon tagiga kirib yotib olgan. Shag‘al olib o‘tayotgan katta kamaz mashinasi buni ko‘rmay ustidan o‘tib ketgan.

Yaxshiyamki, Sherqo‘zi ikki g‘ildirak orasida qolib joni omon qolgan”, – deydi Sherqo‘zining otasi Abdulla Otaboyev.

Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Operator va montajchi – Sardor Mamirov.

Mavzuga oid