G‘azoni yegani bo‘rilar keldi. Musulmon dunyosi qani?
Donald Tramp hokimiyatga keliboq, G‘azoni g‘azoliklardan tozalab, bu yerlarda nazorat o‘rnatishini aytdi. Bu – de-fakto sektorni Isroilga olib berish degani. Boshida buni ko‘pchilik jiddiy olmadi, muzokara taktikasi deya yaxshi gumon qildi. Lekin Tramp rostdan ham g‘azoliklarni ko‘chirish uchun joy izlayapti.
AQSh prezidenti bu maqsadiga erishish uchun arab davlatlariga qattiq bosim qilyapti. Ikki milliondan ortiq g‘azoliklarni ko‘chirib, bu yerlarni to‘liq Isroilga berish niyatida. Tarixda ko‘rilmagan bezbetlik, ochiq-oydin etnik tozalashga urinish.
G‘azo, Falastin mana 77 yildirki qon yig‘laydi. 1948 yilda tashkil topgan Isroil tinimsiz jabr-zulm qiladi. Isroil faqat kengayib bormoqda. Falastin esa shu paytgacha tashkil topmadi. Shu paytgacha Isroil “bir kun Falastin davlati tashkil topar, lekin hozir emas” deya aldab keldi. Bugun esa: “Umid qilmang, Falastin davlati hech qachon tashkil topmaydi” deb qo‘rqmasdan aytmoqda.
Isroil AQShga ishonadi, G‘arbga suyanadi, qo‘rqmaydi, bilganini qildi va qilyapti.
Xo‘sh, nega ikki milliarddan ortiq musulmon dunyosi jim? Nega G‘arb bu qadar qudratli bo‘lib ketdi? Uning qudrati zamirida nima turibdi? Nega musulmon dunyosi bu qadar strategik zaiflik, holsizlik holatiga tushib qoldi?
G‘arb liberalizm orqali kuchaydi. Erkinlik – juda qudratli tuyg‘u, uning aksi bo‘lmish – jabr-zulm, qaramlik va yoki qullik – inson qadr-qimmatini yerga uruvchi holat. Barcha xalqlar, sivilizatsiyalarda insonlar teng qobiliyatlar bilan tug‘ilishadi. Ba’zi xalqlarning miyasi tug‘ma kuchli, boshqalari tug‘ma ongi past bo‘lmaydi. Faqat o‘sha jamiyatlardagi, davlatlardagi vaziyat, siyosiy tizimlar, o‘rnatilgan o‘yin qoidalari bu xalqlarning ba’zilarini juda qudratli, ba’zilari zaif bo‘lishiga sababchi bo‘ladi. Jamiyatda insonlar o‘rtasidagi munosabatlarda erkinlik asosiy qoida bo‘lar ekan, jabr-zulmga yo‘l berilmas ekan, raqobatning asosida erkin insonlar munosabati turar ekan, jamiyatlar katta milliy boylik yaratishi – qonuniyat. Ushbu davlatlar iqtisodiy, siyosiy, harbiy qudrat o‘stirishi – qonuniyat.
G‘arb demokratiya orqali, huquqiy davlatchilik orqali, iqtisodiy va siyosiy liberalizm orqali kuchaydi, global qudratga erishdi. Aksariyat musulmon davlatlari esa haliga qadar o‘zining o‘zliklari, xavfsizlik, erkinlik va dunyoviy davlatchilik o‘rtasida muvozanat qura olgani yo‘q.
Davlatlar ham odamlarga o‘xshaydi. Tasavvur qiling, yo‘lda ketayotib, yo‘lidan ariq chiqsa, kimdir qo‘rqmasdan sakrab, yo‘lida davom etadi. Yana kimdir o‘zini o‘zi qo‘rqitib, “sakrab o‘tayotganimda ariqqa yiqilib tushsam nima bo‘ladi?” deya, ariq oldida qotib turaveradi.
Jamiyatga erkinlik berish, siyosiy plyuralizmni joriy qilish orqali davlat va jamiyat o‘zining taraqqiyotini, rivojlanishini tezlashtiradi. Jamiyatga erkinlik bera olmasdan qo‘rqqan davlatlar, o‘sha ariqdan sakray olmasdan, joyida depsinayotgan odamlarni eslatadi.
O‘zbekiston jamiyatida “demokratiya, liberalizm – G‘arbning quroli, bo‘ysundirish texnologiyasi” degan qarash bor. Aslida esa, mutlaq teskarisi. Demokratiyaga ko‘ra, jamiyatning qadriyatlari, manfaatlari nima bo‘lsa, ko‘pchilik nimani xohlasa – shu narsa ichki va tashqi siyosatda o‘z aksini topadi. Erkin jamiyat o‘z hokimiyatiga ichki va tashqi kursni o‘zi belgilab beradi. Erkin jamiyat ustida faoliyat yuritayotgan hokimiyat ham erkin, jo‘shqin va faol bo‘ladi. Natijada, erkin jamiyat ustida erkin davlat bo‘ladi, va agar vaziyat taqozo qilsa, G‘arb bilan ham, Sharq bilan ham bemalol bahslasha oladi.
Bu vaziyatni ifodalash uchun, Yaqin Sharqdagi avtoritar va nisbatan demokratik bo‘lgan ikki qutbni keltirish mumkin. Saudiya yoki Misr – avtoritar davlatlar. Bu davlatlar o‘z xalqidan hadiksiraydi, shuning uchun tashqi homiyga muxtoj. Turkiya esa, nisbatan demokratik – saylovlar xolis, siyosiy raqobat mavjud, hokimiyat almashib turadi, parlamentda muxolifat bor.
Xo‘sh, G‘azo va Falastin borasida nega Saudiya yoki Misr ko‘pincha jim va nega Turkiya ancha faol? Sababi oddiy. Turkiya nisbatan demokratik bo‘lgani uchun, xalqidan qo‘rqmaydi, xalqining istagini his qiladi, xalqiga tayanib, G‘arbga qarshi bora oladi. Saudiya yoki Misr esa, avtoritar bo‘lgani uchun, xalqi bilan tirashuvi chuqur bo‘lgani uchun ham, tashqi homiy – AQSh yoki G‘arbga mute.
Demokratiya – zaif davlatchilik degani emas. Demokratiya – bu xalq bilan hokimiyatning erkinlik asosidagi kuchli ittifoqi. Musulmon dunyosi o‘zining zaifligidan chiqishi uchun ham, o‘z xalqining irodasini ichki va tashqi siyosatda baralla ayta olishi uchun ham, vaqti kelib G‘arbga qarshi tura olishi uchun ham, demokratiyani qabul qilish kerak bo‘ladi.
Demokratiya – uni kim qabul qilsa, shu jamiyatning manfaatlari uchun ishlaydi. Kim ko‘pchilik bo‘lsa – ularning irodasi g‘alaba qozonadi, lekin kamchiliklarga ham jabr-zulm qilinmaydi.
AQSh – demokratik davlat. Amerikaliklar Trampga ovoz berdi. Trampning elektorati – xristian fundamentalistlar, xristian sionistlar. Isroil hokimiyatida – yahudiy ekstremistlar. Bular o‘z xalqining xohishini bajarib, g‘azoliklarning yerini, vatanini, uy-joyini tortib olmoqchi. Ikki milliardlik musulmon dunyosi esa – jim.
Biz ham qudrat bo‘lishimiz uchun, davlat va xalq birligiga, jamiyatning erkin va faol bo‘lishiga, davlatning qudratli va ovozi baland bo‘lishiga erishishimiz kerak. Aks holda, dunyoda boshlangan qudratlilar kurashida, yemish sifatida ko‘rilamiz. Buning uchun, eng avvalo, siz o‘z farzandlaringizga erkin va tanqidiy fikrlashni o‘rgating, unga ilm va siyosiy zehniyat bering. Bizga bog‘liq bo‘lgan birlamchi vazifa – mana shu.
Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos
Mavzuga oid

12:25
Isroil G‘azoga elektr energiyasi yetkazib berishni to‘xtatdi

21:58 / 09.03.2025
Isroil G‘azo bo‘yicha muzokaralarni davom ettirish uchun Dohaga delegatsiya yuboradi

18:20 / 07.03.2025
HAMAS Isroil harbiy harakatlar boshlasa, garovga olinganlarni o‘ldirish bilan tahdid qildi

12:50 / 06.03.2025