Jahon | 21:45 / 14.02.2025
10919
7 daqiqa o‘qiladi

Ukraina bo‘yicha muzokaralarda yangi shaxslar - Stiv Uitkoff va Kirill Dmitriyev 

«Meduza» ular kimligi - va Yaqin Sharq ularni qanday bog‘lashi haqida hikoya qildi.

Sergey Karpuxin / TASS / Profimedia; David Paul Morris / Bloomberg / Getty

Stiv Uitkoff Donald Tramp bilan do‘stlashganiga 40 yildan oshdi — ular ikkisi ham ko‘chmas mulkka investitsiya kiritish bilan shug‘ullanib kelgan. Uitkoff hatto 2024 yil dekabrda tug‘ilgan nabirasiga Tramp sharafiga Don ismini qo‘ygan.

Trampning ikkinchi prezidentlik muddati boshlanganida Uitkoff kutilmaganda jahondagi eng muhim diplomatlardan biriga aylandi. U Trampning Yaqin Sharqdagi maxsus vakili sifatida 2025 yil yanvarida Isroil va Hamas o‘rtasida G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv imzolanishida muhim rolni bajardi. Buning ortidan Tramp unga Ukrainada qariyb uch yildan buyon davom etayotgan urushni yakunlash uchun Rossiya bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yishni topshirdi.

11 fevral kuni Uitkoff giyohvand moddalar kontrabandasi uchun Rossiya qamoqxonasida o‘tirgan amerikalik maktab o‘qituvchisi Mark Fogelni olib ketish uchun xususiy biznes-jyetda Moskvaga uchib keldi. Buning evaziga AQSh BTC-e kriptovaluta birjasining hammuassisi Aleksandr Vinnikni ozod qildi — u pul yuvish bo‘yicha jinoyatini tan olgan.

Donald Tramp va Mark Fogel, 2025 yil 11 fevral
Kevin Lamarque / Reuters / Scanpix / LETA

O‘zining qisqa tashrifi davomida Uitkoff Rossiya rasmiylari vakillaridan biri bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘lgan. Qaytganidan keyin jurnalistlarning savollariga u shunday dedi: Rossiyadan kelgan bir jyentlmen bor, uning ismi Kirill, u bunga bevosita aloqador. U ikki tomon o‘rtasida ko‘prik qurgan juda muhim vositachi edi».

Taxminlarga ko‘ra, gap Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi (RFPI) bosh direktori Kirill Dmitriyev haqida ketmoqda. U Stenford va Harvard bitiruvchisi, yoshligida McKinsey va Goldman Sachs’da ishlagan, 2007 yildan 2011 yilgacha Ukrainaning taxminan milliard dollarlik kapitalga ega Icon Private Equity investitsiya fondini boshqargan — bu asosan Ukrainaning sobiq prezidenti Leonid Kuchmaning kuyovi Viktor Pinchukning puli edi. Pinchuk Kirill Dmitriyevni VEB davlat korporatsiyasi rahbari Vladimir Dmitriyevga tavsiya qilgan (ular qarindosh emas). 2011 yilda ikki Dmitriyev o‘sha paytdagi prezident Dmitriy Medvedev va bosh vazir Vladimir Putinni suveren investitsiya fondini yaratishga ko‘ndirishadi va unga Kirill Dmitriyev rahbarlik qiladi.

RFPI investitsiya kiritgan eng mashhur loyiha kovidga qarshi «Sputnik V» vaksinasi bo‘ldi.

Dmitriyev Putin oilasiga yaqin. Uning rafiqasi Natalya Popova — prezidentning kenja qizi Katerina Tixonovaning kursdoshi va dugonasi — 2012 yildan beri «Innopraktika» fondida uning o‘rinbosari. Dmitriyning o‘zi esa bir necha yil Tixonovaning o‘sha vaqtdagi turmush o‘rtog‘i Kirill Shamalov bilan birga «Sibur» direktorlar kengashida bo‘lgan.

Dmitriyev Yaqin Sharqda katta aloqalarga ega. RFPIning eng yirik hamkorlari qatoriga Qatar, Saudiya Arabistoni va BAA suveren fondlari kiradi. Ushbu jamg‘armalarning boshqaruv va direktorlar kengashlarida davlat va hukumat rahbarlari hamda ularning qarindoshlari o‘tiradi — ularning barchasi Dmitriyevning doimiy suhbatdoshlari hisoblanadi.

2017 yilda, Donald Trampning birinchi inauguratsiyasidan biroz oldinroq, Dmitriyev Seyshel orollarida BAAning ba’zi amaldorlari va bir guruh amerikalik tadbirkorlar, jumladan, Blackwater xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi Erik Prins va ko‘p o‘tmay Tramp ta’lim vaziri etib tayinlagan Betsi Devosning ukasi bilan uchrashgan. Keyinchalik, Rossiyaning Amerika saylovlariga aralashuvini tergov qilgan maxsus prokuror Robert Myuller bu Rossiya rasmiylari va Tramp ma’muriyati o‘rtasida norasmiy aloqalarni o‘rnatishga qaratilgan uchrashuvlardan biri bo‘lganini taxmin qildi.

Trampning birinchi inauguratsiyasidan keyin Dmitriyev Davos iqtisodiy forumida Amerika prezidenti maslahatchisi Entoni Skaramuchchi bilan uchrashadi.

Yaqin Sharq davlatlari keng ko‘lamli Rossiya-Ukraina urushi boshlanganidan beri muntazam ravishda populyar va populyar bo‘lmagan tinchlik tashabbuslari bilan chiqmoqda. Saudiya Arabistoni Ukraina tomonida jang qilgan va Rossiya asirligiga tushgan xorijliklarni ozod qilishda vositachilik qildi. 2023 yilda u yerda Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik o‘rnatish bo‘yicha xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi, biroq Rossiya unda ishtirok etmadi. 2023 yil dekabr oyida Putin BAA va Saudiya Arabistoniga safar qildi.

Qatar 2024 yilda Rossiya va Ukraina o‘rtasida xususiy masala bo‘yicha vositachilik qilishga uringan: Ukraina energetika infratuzilmasining daxlsizligi evaziga Rossiya neft infratuzilmasining daxlsizligi. Kelishuv muvaffaqiyatsizlikka uchragan.

2024 yil avgust oyida Kirill Dmitriyev Mark Fogelni Aleksandr Vinnikka almashish bo‘yicha muzokaralarda ishtirok etdi. Shuningdek, unda valiahd shahzoda, bosh vazir va Saudiya Arabistonining amaldagi hukmdori Muhammad bin Salmon ham qatnashgan.

Stiv Uitkoffning ham Yaqin Sharqdagi ulkan aloqalari bor — va u ham birinchi navbatda suveren investitsiya fondlari bilan bog‘liq. Masalan, 2013 yildan 2023 yilgacha u Birlashgan Arab Amirliklari fondi bilan birga Manhettendagi Park Lane mehmonxonasiga egalik qilgan va keyin uni Qatar fondiga sotgan. 2018 yilda, Trampning birinchi prezidentlik muddatida Qatar tomonidan yollangan lobbistlar Qatar rasmiylarining «Trampga ta’sir o‘tkaza oladigan» 250 kishi, jumladan, Uitkoff (o‘sha paytda hali diplomat emas, shunchaki yirik tadbirkor edi) bilan uchrashuvlarini tashkillashtirgan. 2024 yilda Uitkoff Qatar iqtisodiy forumida ishtirok etgan.

2025 yil 12 fevralda Vladimir Putin va Volodimir Zelenskiy bilan telefon suhbatlaridan so‘ng Tramp jurnalistlarga Rossiya prezidenti bilan Saudiya Arabistonida uchrashish niyatida ekanini aytdi.

Dmitriyevning tanishi ta’kidlaydi: uni muzokarachi deb atash noto‘g‘ri, uning vazifasi faqat aloqa o‘rnatishga yordam berish. Trampning birinchi prezidentlik muddatidan boshlab Jared Kushner (Amerika prezidentining kuyovi va Yaqin Sharq bo‘yicha sobiq maslahatchisi) bilan aloqasi saqlanib qolgan. Dmitriyevning tanishiga ko‘ra, aynan Kushner orqali Uitkoff Dmitriyev bilan aloqa o‘rnatgan, keyin esa u orqali Fogelning Vinnikka almashtirilishini ham, Trampning Putin bilan telefon suhbatini ham tashkillashtirgan «boshqa odamlar» bilan aloqa o‘rnatgan.

Mavzuga oid