Jahon | 14:25 / 14.02.2025
3626
9 daqiqa o‘qiladi

HAMASga ultimatum qo‘ygan Isroil, Trampdan xafa bo‘lgan Zelenskiy va Myunxendagi namoyishchilarga hujum - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Isroil HAMASga ultimatum qo‘ydi

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu agar 15 fevral kuni tushga qadar HAMAS barcha garovga olinganlarni qaytarmasa, G‘azo sektorida urushni yanada kuchaytirishini e’lon qildi.

«Garovga olinganlar ozod etilmasa, o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi bekor qilinadi. Isroil armiyasi HAMAS to‘liq yo‘q qilinguniga qadar harbiy harakatlarni davom ettiradi», — deyiladi Netanyahuning bayonotida.

Bu bayonot AQSh prezidenti Donald Trampning so‘zlariga mos keladi. U ham Isroil HAMASga berilgan muddatni uzaytirmasligi kerakligini aytgan edi.

Hozirgacha HAMAS 21 nafar garovdagilarni ozod qildi, ular o‘nlab falastinlik mahbuslar bilan almashtirildi.

Bu orada HAMAS esa 15 fevralda 3 nafar garovdagi shaxsni ozod qilishini ma’lum qildi va Isroilni sulh kelishuvini buzganlikda aybladi.

HAMAS vakillari Qatar va Misr vositachiligida sulh bo‘yicha to‘siqlarni bartaraf etish ustida ish olib borilayotganini aytdi. Ammo Isroil hukumatidan bu bayonotlarga rasmiy munosabat bildirilmadi.

Isroilning humanitar yordam yetkazilishiga to‘sqinlik qilayotgani ham da’vo qilinmoqda. Janubdan shimolga qaytishga urinayotgan G‘azo aholisiga qarata artilleriya va o‘qotar qurollar bilan hujumlar qilinayotgani ham tanqid ostiga olindi.

Isroil harbiylari Suriyaga o‘rnashmoqda

Isroil armiyasi jangchilari Suriyaning Kuneytra viloyatidagi Kudna qishlog‘ida kuzatilgani ma’lum qilindi. Harbiylar zirhli texnikada harakatlanib, mahalliy yo‘llarda patrullikni amalga oshirgan.

Suriya manbalari qo‘shni Saida qishlog‘ida ham Isroil harbiy konvoyi kuzatilganini, unda 12 ta harbiy texnika va shaxsiy tarkib joylashganini ma’lum qildi.

Isroil mudofaa vaziri Israel Kats Jo‘lan tepaliklari yaqinida harbiylar soni oshirilishini e’lon qildi. Uning ta’kidlashicha, «Janubiy Suriyada tozalangan mudofaa hududi tashkil etiladi», shuningdek, Isroil armiyasi qish mavsumini strategik ahamiyatga ega Ash-Shayx tog‘ida o‘tkazishi rejalashtirilgan.

Isroil Eronning yadro inshootlariga zarba bermoqchi

Isroil hukumati 2025 yil oxirigacha Eronning yadro inshootlariga aviazarbalar berish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda The Wall Street Journal nashri yozdi.

Amerika razvedka ma’lumotlariga asosan, ushbu ssenariy avval Jo Bayden prezidentligi davrida muhokama qilingan va Donald Tramp Oq uyga qaytganidan keyin ham dolzarbligicha qolmoqda.

Amerika harbiylarining fikricha, Isroilning bunday zarbalari AQSh ko‘magi bilan amalga oshirilishi mumkin. Tramp ma’muriyati qo‘l ostida bunday hujum ehtimoli Bayden davridagidan ham yuqori.

Isroil rasmiylari bu masala yuzasidan izoh berishdan bosh tortgan. 2024 yilda Bayden ma’muriyati Isroilni faqat Eronning havo hujumidan va raketa hujumidan himoya tizimlariga zarba berish bilan cheklanishga ko‘ndirgandi. Ammo Tramp kelishi bilan bu cheklovlar qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.

Eron esa o‘z yadro dasturi faqat tinch maqsadlarga qaratilganini ta’kidlab kelmoqda.

Husiychilar: «yahudiylar AQShga ko‘chsin»

Yaman husiychilari AQSh prezidenti Donald Trampni Isroil aholisini Amerikaga ko‘chirishga chaqirdi. Ularga ko‘ra, AQShda keng va aholi yashamaydigan hududlar bor, shuning uchun bu taklif amaliyroq bo‘ladi. Bu borada husiychilar yetakchisi Abdulmalik al-Husiy bayonot bergan.

Husiy shuningdek, Isroil hukumati G‘azo sektoridagi sulh kelishuvini buzsa, Isroil va uning bilan bog‘liq kemalarga hujumlar qayta boshlanishini eslatib o‘tdi.

Trampning G‘azo sektorini falastinliklardan «tozalash» taklifi oldinroq Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchiy tomonidan ham tanqid qilingan edi. U AQShni isroilliklarni Grenlandiyaga ko‘chirishga chaqirib, bunga «bir o‘q bilan ikki quyonni urish», deb ta’rif bergandi.

Tramp Putinni Saudiyaga chaqirdi

AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan Saudiya Arabistonida uchrashish niyatida ekanini ma’lum qildi.

Ukrainadagi urushni «fojia» va «qonli halokat» deb atagan Tramp Putin bilan asosan telefon orqali muloqot qilishi, lekin uchrashishni kutayotganini aytgan. «U bu yerga keladi, men ham u yerga boraman. Shuningdek, ehtimol, Saudiya Arabistonida ham uchrashamiz», — degan u.

Tramp, shuningdek, Ukrainaning NATOga qo‘shilishi haqida realistik fikrda emasligini aytdi: «Rossiya Ukraina NATOga qo‘shilishi mumkin emasligini uzoq vaqtdan beri ta’kidlab kelyapti va men bu fikrga qo‘shilaman», — dedi u.

Britaniya Ukrainani NATOga chorlamoqda

London AQShning Ukraina NATOga a’zo bo‘lmasligi kerak, degan pozitsiyasiga qarshi chiqdi. Britaniya mudofaa vaziri Jon Hili Kiyevning Shimoliy alyansga qo‘shilish huquqi borligini ta’kidladi.

Bu bayonot AQSh mudofaa vaziri Pit Hegsetning Ukraina NATOga kirishi «reallikdan uzoq» degan so‘zlariga zid bo‘ldi. Daniya ham Kiyevning a’zolik imkoniyatiga ishonishini bildirdi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy esa NATO ularga o‘z eshiklarini yopsa, Ukraina o‘z mudofaa ittifoqini tuzishi mumkinligini ta’kidladi. Shu bilan birga, bo‘lajak muzokaralarda Putin Trampdan Ukrainaga neytral maqom berilishini talab qilishi ham istisno etilmayapti.

Ukraina parda ortida o‘tgan muzokaralardan norozi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Kiyev Moskva va Vashington o‘rtasida Ukraina ishtirokisiz kelishuvlarga rozi bo‘lmasligini ma’lum qildi. U Xmelnitskiy AESiga tashrifi davomida bu haqda bayonot berdi.

«Yevropa davlatlari ham bu jarayonning to‘liq ishtirokchisi hisoblanadi», — dedi Zelenskiy. Unga ko‘ra, Vladimir Putin muzokaralarni ikki tomonlama shaklda o‘tkazishga harakat qilmoqda.

Zelenskiy Trampning diplomatik aloqalarida Rossiyaga ustuvor ahamiyat bergani haqidagi da’volarni rad etdi. Lekin u Trampning avval Putin, so‘ngra o‘zi bilan gaplashgani unga yoqmaganini aytdi.

Tramp chorshanba kuni Putin bilan suhbatdan so‘ng Zelenskiy bilan gaplashdi va Rossiya rahbari bilan «urushni tugatish bo‘yicha yaqindan hamkorlik qilish» haqida kelishib olganini aytdi. Zelenskiy Trampning tinchlikka bo‘lgan qiziqishi uchun minnatdorlik bildirib, AQSh Rossiyaga bosim o‘tkazish imkoniyatiga ega ekanini ta’kidladi.

Moldova Rossiyaning madaniy markazini yopdi

Moldova hukumati poytaxt Kishinyovdagi «Russkiy dom» madaniy markazini yopishga qaror qildi va Rossiya elchisi Oleg Ozerovni dronlarning mamlakat hududiga uchib kirgani bo‘yicha tushuntirish berishi uchun chaqirdi.

Rossiya Ukrainaga hujum qilgandan so‘ng, Moldova va Ruminiya chegarasida Rossiya dronlari kuzatilgani haqida xabarlar ko‘paygan. Moldova prezidenti Mayya Sandu Rossiyaning harakatlarini qoralab, dronlarning Moldova fuqarolari hayotiga xavf tug‘dirganini ta’kidladi.

Rossiya elchisi Ozerov esa dronlar Rossiyaniki ekaniga shubha bildirib, hodisani «uchinchi tomonlarning provokatsiyasi» deb atadi. Biroq Moldova chegara politsiyasi bir necha dronning mamlakat havo hududini kesib o‘tganini tasdiqlagan.

Bu Moldova bilan Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarning yomonlashishidan darak beradi.

Eslatib o‘tamiz, yaqinda Ozarboyjon ham Bokudagi «Russkiy dom» markazini yopgan edi. Bu qaror Moskva va Boku o‘rtasidagi munosabatlar taranglashgan bir paytga to‘g‘ri keldi — Ozarboyjon 2024 yil dekabrida Grozniy shahri osmonida o‘qqa tutilgan va yakunda halokatga uchragan uchog‘i uchun Rossiyani aybdor deya da’vo qilmoqda.

Myunxenda namoyishchilarga avtomobilda hujum

Germaniyaning Myunxen shahrida Mini Cooper rusumli avtomobil ish tashlash norozilik namoyishini o‘tkazayotgan Verdi kasaba uyushmasi ishchilariga ustiga haydaldi.

Hodisada 28 kishi jabrlangan, ulardan bir nechtasining ahvoli og‘ir.

Gumonlanuvchi 24 yoshli afg‘onistonlik migrant bo‘lib, u politsiya tomonidan qo‘lga olingan. Ma’lumotlarga ko‘ra, haydovchi avval ham o‘g‘rilik va giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlarda gumon qilingan.

Hodisa Myunxen xavfsizlik konferensiyasi boshlanishi arafasida sodir bo‘lgan. Politsiya haydovchini to‘xtatish uchun bitta o‘q uzgan va u hibsga olingan.

Bavariya bosh vaziri Markus Zyoder bu hodisa qasddan amalga oshirilgan hujum bo‘lishi mumkinligini aytdi.

Mavzuga oid