Jahon | 11:41 / 14.02.2025
6519
3 daqiqa o‘qiladi

«Bu Ukraina, Rossiya va boshqa tomonlar». Tramp - urushni yakunlash bo‘yicha muzokaralar ishtirokchilari haqida

U xavfsizlik bo‘yicha Myunxen konferensiyasida ham Rossiya va Ukraina vakillari uchrashishini ma’lum qilgan.

Foto: CBS News

AQSh prezidenti Donald Tramp 13 fevral kuni Oq uyda jurnalistlarga Ukraina «shubhasiz» Rossiya-Ukraina urushini yakunlash bo‘yicha muzokaralarning bir qismi bo‘lishi haqida gapirdi. Trampning bu haqdagi so‘zlarini CNN telekanali keltirgan.

CNN muxbiri Keytlan Kollinzning Ukraina tomoni ham muzokaralar stolida bo‘ladimi, deya berilgan savoliga javoban Tramp shunday degan: «Albatta, bo‘ladi, demoqchimanki, ular buning bir qismi. Bu Ukraina, Rossiya, boshqa tomonlar bo‘lishi kerak... Bu o‘yinda ayrilishlar ko‘p, men shunday degan bo‘lardim. Bu juda qiziq holat, lekin Ukrainadagi urush tugashi kerak».

U shuningdek 14 fevral kuni Germaniyada boshlanadigan xavfsizlik bo‘yicha Myunxen konferensiyasida amerikalik rasmiylar Rossiya va Ukraina vakillari bilan uchrashishini ma’lum qilgan.

«Ular ertaga Myunxenda [Rossiya bilan] uchrashuv o‘tkazadi. Rossiya u yerda bizning odamlar bilan birga bo‘ladi. Darvoqe, Ukraina ham taklif qilingan. U yerda aynan qaysi davlatlardan kimlar bo‘lishini bilmayman. Ammo Rossiya, Ukraina va AQShdan kelgan yuqori darajadagi rasmiylar bo‘ladi», deya Trampning 13 fevral kungi so‘zlarini keltirgan TASS.

Faridaily manbasi qayd etishicha, «agar Tramp hech narsani chalkashtirib yubormagan bo‘lsa, bu Rossiya va Ukraina rasmiylarining 2022 yildan buyon ilk bor oshkora uchrashishi bo‘ladi».

Myunxen konferensiyasi rasmiy dasturida esa Tramp aytgan uchrashuvlar o‘rin olmagan.

  • Donald Tramp 12 fevral kuni avval Rossiya prezidenti Vladimir Putin, keyin esa — Volodimir Zelenskiy bilan telefon orqali muloqot qildi. Tramp urushni yakunlash bo‘yicha muzokaralarni boshlashga kelishib olinganini ma’lum qildi. Kremldagilar muzokaralarda «asosiy tomon — AQSh» ekani, shu bilan birga «ikkitomonlama Rossiya-Amerika treki»ga parallel ravishda Ukraina ham jalb etilgan muzokaralar o‘tkazilishini bildirdi.
  • Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 13 fevral kuni Kiyev AQSh va Rossiya o‘rtasida Ukraina ishtirokisiz kechadigan kelishuvni qabul qilmasligini aytdi. U shuningdek muzokaralarda Yevropa vakillari ham bo‘lishiga umid bildirgan.
  • Xavfsizlik bo‘yicha Myunxen konferensiyasi 14–16 fevral kunlari Myunxenda bo‘lib o‘tadi. Unda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy hamda AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens uchrashishi kutilmoqda. Rossiyalik mulozimlar Myunxen konferensiyasiga 2022 yildan buyon tashrif buyurmagan.

Mavzuga oid