Tramp Putin va Zelenskiyga telefon qildi. Asosiy ma’lumotlar
Amerika prezidenti Rossiya-Ukraina urushini yakunlash bo‘yicha muzokaralar boshlanayotganini e’lon qildi.

Foto: Aaron Schwartz / CNP / ZUMA Press Wire / Scanpix / LETA
AQSh prezidenti Donald Tramp 12 fevral kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, suhbat deyarli bir yarim soat davom etgan. Kreml ma’lumotlariga ko‘ra, suhbat chog‘ida «Ukrainadagi vaziyatni tartibga solish mavzusi muhokama qilingan» va Tramp «jangovar harakatlarni tezroq to‘xtatish va muammolarni tinch yo‘l bilan hal qilishni yoqlagan».
«Vladimir Putin, o‘z navbatida, mojaroning asl sabablarini bartaraf etish zarurligini aytib o‘tdi va Donald Tramp bilan uzoq muddatli kelishuvga tinch muzokaralar yo‘li bilan erishish mumkinligiga rozi bo‘ldi. Rossiya prezidenti, shuningdek, Amerika davlat rahbarining mamlakatlarimiz birgalikda ishlash vaqti kelgani haqidagi asosiy tezislaridan birini qo‘llab-quvvatladi», —deyiladi Kreml xabarida.
Rossiya prezidenti ma’muriyati xabarida aytilishicha, Putin va Tramp «shaxsiy aloqalarni davom ettirishga, jumladan, shaxsiy uchrashuvlarni tashkil etishga kelishib olgan», shu bilan birga, Rossiya prezidenti amerikalik hamkasbini Moskvaga taklif qilgan. Avvalroq «Meduza»ning Rossiya prezidenti ma’muriyatiga yaqin manbasi Trampni 9 may kuni Moskvaga taklif qilishmoqchi ekanini aytgandi.

Tramp Putin bilan muzokaralardan so‘ng Ukraina bo‘yicha muzokaralarni zudlik bilan boshlashga kelishib olganini aytdi. U o‘ziga tegishli Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Putin bilan «uzoq va juda samarali muloqot» o‘tkazgani haqida yozdi. AQSh prezidentining so‘zlariga ko‘ra, ular «Ukraina, Yaqin Sharq, energetika, sun’iy intellekt, dollar kuchi va boshqa turli mavzular»ni muhokama qilishgan.
«Biz mamlakatlarimizning qudrati va hamkorlik bir kun kelib bizga beradigan ulkan foyda haqida gaplashdik. Lekin, birinchi navbatda, ikkalamiz ham kelishib olganimizdek, biz Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushda ommaviy qirg‘inni to‘xtatmoqchimiz. Prezident Putin hatto mening saylovoldi kampaniyamdagi asosiy shiorimni ishlatdi: „Oqilona yondashuv“, biz ikkalamiz ham bunga chin dildan ishonamiz», — deb yozdi u.
AQSh prezidenti Putin bilan «birgalikda ishlash, jumladan, mamlakatlarimizga o‘zaro tashrif buyurish»ga kelishib olganini ta’kidladi.
«Shuningdek, biz o‘z jamoalarimizga muzokaralarni zudlik bilan boshlashga ko‘rsatma berishga kelishib oldik. Birinchi qadam Ukraina prezidenti [Volodimir] Zelenskiyga qo‘ng‘iroq qilib, uni bu suhbat haqida xabardor qilish bo‘ladi — men hoziroq bu bilan shug‘ullanaman», — degan Tramp.
Tramp davlat kotibi Marko Rubio, Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Jon Retkliff, milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Maykl Uolts hamda maxsus elchi Stiv Uitkoffdan muzokaralarga rahbarlik qilishni so‘raganini aytdi. U muzokaralar muvaffaqiyatli o‘tishiga ishonch bildirgan.
«Millionlab odamlar urushda halok bo‘ldi, bu agar men prezident bo‘lganimda yuz bermagan bo‘lardi, lekin bu sodir bo‘lgan ekan, uni to‘xtatish kerak. Boshqa hech kim o‘lmasligi kerak!» — dedi Amerika prezidenti.
Tramp Zelenskiy bilan ham telefon orqali suhbatlashdi, deya ma’lum qildi jurnalistlarga Ukraina prezidenti maslahatchisi Dmitro Litvin. Uning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar bir soatga yaqin davom etgan. Zelenskiy ijtimoiy tarmoqlarda Tramp bilan «tinchlikka erishish imkoniyatlari, jamoalar darajasida birgalikda ishlashga tayyorlik haqida uzoq suhbat» o‘tkazgani haqida yozdi.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Tramp unga «Putin bilan suhbati tafsilotlari haqida» ma’lumot bergan. «Ukraina hammadan ko‘proq tinchlikni xohlaydi. Rossiya tajovuzini to‘xtatish va ishonchli, uzoq muddatli tinchlikni kafolatlash uchun Amerika bilan birgalikdagi qadamlarimizni belgilab olmoqdamiz. Prezident Tramp aytganidek, letʼs get it done (keling, buni bajaramiz)».
Zelenskiy 12 fevral kungi murojaatida Tramp bilan «diplomatik, harbiy, iqtisodiy kabi ko‘plab nyuanslar»ni muhokama qilganini aytdi. «Prezident Tramp menga Putin unga nima deganini ma’lum qildi. Ishonamizki, Amerikaning kuchi biz bilan, barcha hamkorlar bilan birgalikda Rossiya va Putinni tinchlikka undash uchun yetarli», —dedi Ukraina prezidenti.
Tramp va Zelenskiy urush tugashi bilan zudlik bilan jamoalar ishini boshlashga kelishib oldi, dedi Ukraina prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak Ukraina ommaviy axborot vositalariga.
Tramp Zelenskiy bilan suhbatdan so‘ng Ukraina prezidenti ham «prezident Putin kabi sulh tuzishni xohlayotgani»ni aytdi. «Biz urush bilan bog‘liq ko‘plab mavzularni muhokama qildik, lekin asosan — juma kuni [14 fevral] Myunxenda bo‘lib o‘tadigan uchrashuv, unda vitse-prezident Jyey Di Vens va davlat kotibi Marko Rubio [AQSh] delegatsiyasiga rahbarlik qiladi. Umid qilamanki, ushbu uchrashuv natijalari ijobiy bo‘ladi», — deb yozgan Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.
«Yoppasiga va mutlaqo keraksiz o‘lim hamda vayronagarchiliklar sodir bo‘layotgan bu bema’ni urushni to‘xtatish vaqti keldi. Xudo Rossiya va Ukraina xalqini yorlaqasin!» — degan Tramp.
Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt jurnalistlar uchun brifing chog‘ida Tramp Putin va Zelenskiy bilan «juda pozitiv» muzokaralar o‘tkazganini aytdi. U jurnalistlarning Yevropa davlatlari muzokaralarda ishtirok etadimi, degan savoliga javob bera olmadi.
Rossiya va AQSh 11 fevral kuni yangi mahbuslar almashinuvining birinchi bosqichini o‘tkazdi. Tomonlar Rossiya AQSh hukumati tomonidan pul yuvishda ayblanib hibsga olingan rossiyalik Aleksandr Vinnik evaziga giyohvand moddalar kontrabandasida ayblanib, 14 yilga qamalgan amerikalik maktab o‘qituvchisi Mark Fogelni ozod qilishga kelishib oldi. Fogel allaqachon AQShga qaytgan. AQSh Vinnikni ozod qilishi haqida 12 fevral kuni ma’lum bo‘ldi. Vinnikning advokati uni tez orada Rossiyaga topshirishlarini kutmoqda.
AQSh va Rossiya 11 fevral kuni Trampning Yaqin Sharqdagi maxsus vakili Stiv Uitkoff Moskvaga tashrif buyurganidan keyin almashinuv bo‘yicha kelishib olgan. CNN muxbiri Aleyna Trin o‘z manbasiga tayanib xabar berishicha, Uitkoff Moskvada Putin bilan maxfiy uchrashuv o‘tkazgan. Jurnalist Uitkoffdan Putin bilan uchrashgan-uchramaganini so‘raganida, diplomat shunday javob qaytargan: «Buni prezident izohlashi kerak».