“Yashirin davlat” nima? Tramp nega unga qarshi urush ochdi?
Siyosiy leksikonda inglizcha “deep state”, ruscha “glubinnoye gosudarstvo” degan atama tez-tez uchraydigan bo‘lib qoldi. Bu tushunchani o‘zbek tiliga “yashirin davlat”, “soyadagi kuchlar, “ko‘rinmas boshqaruv” deb tarjima qilish mumkin.
“Deep state” jumlasi birinchi marta 1997 yilda AQShda chiqadigan, eng ko‘p tirajga ega gazeta hisoblanmish New York Times'dagi maqolada ishlatilgan. Maqola Turkiya Respublikasiga bag‘ishlangan edi.
Maqolada Turkiyadagi “yashirin davlat” hodisasi haqida gap ketadi, mamlakatni saylangan bosh vazir, prezident va deputatlar emas, balki harbiylar va maxsus xizmatlar boshqarishi aytiladi. Turkiya Konstitutsiyasiga ko‘ra, davlatni demokratik institutlar va xalq tomonidan saylanadigan mulozimlar boshqarishi kerak. Lekin, maqola muallifiga ko‘ra, oxirgi so‘zni harbiylar va maxsus xizmatlar aytadi, prezident va bosh vazirning ularni tiyib turishga, o‘ziga bo‘ysundirishga qurbi, qudrati yetmaydi.
Shunday keyin “yashirin davlat” atamasining ishlatilish sarhadi faqat kengayib bordi.
“Yashirin davlat” deganda, davlatning yashirin qismi nazarda tutilmaydi. Misol uchun, har qanday davlatda maxsus xizmatlar, kuch ishlatar tizimlari bo‘ladi. Lekin davlatchilikka ko‘ra, bunday strukturalarning bo‘lishi va ma’lum darajada jamiyatdan yashirin bo‘lishi – bu tabiiy holat.
“Yashirin davlat” – bu siyosiy kuchlarning yashirincha, orqavarotdan ishlashi, ommaga ko‘rinmasdan katta ishlar va loyihalarni amalga oshirishi, jarayonlarni o‘zlari istagan o‘zanga bura olishi hisoblanadi.
“Yashirin davlat” nazariyasiga ko‘ra, deputatlar, senatorlar, vazirlar va davlat rahbarlari – yashirin siyosiy kuchlarning qo‘lida qo‘g‘irchoq bo‘ladi yoki vakolati cheklangan bo‘ladi.
“Yashirin davlat” tushunchasining yana bir tarkibiy qismi – bu rasmiy davlat organlarining prezident yoki bosh vazir siyosatini sabotaj qilishi, o‘zlarining mustaqil siyosiy kursiga ega bo‘lishidir.
“Yashirin davlat” atamasi bir vaqtlar demokratik bo‘lmagan, harbiylar va maxsus xizmatlarning nolegitim ta’siri yuqori bo‘lgan Turkiya, Pokiston, Misr kabi davlatlarga nisbatan ishlatilar edi. Bugun esa bu atama har qanday davlatdagi ma’lum siyosiy kuchlarning tabiatini ifodalash uchun ham ishlatilmoqda.
Misol uchun, har qanday jamiyatda Konstitutsiya va rasmiy siyosiy o‘yin qoidasi doirasida ifodalanmagan juda katta kapital egalari, siyosiy manfaatlar guruhlari bo‘ladi. Tabiiyki, bunday shaxslar va guruhlar, o‘zlarining manfaatlarini himoya qilish va oshirib borish uchun, ma’lum loyihalarni amalga oshiradi, va ko‘pincha, yashirin holda fikrlagani va ishlagani uchun ham, ularga nisbatan “yashirin davlat” atamasi ishlatilishi kuzatiladi.
Bugun demokratik davlatlarda ham bu atama juda keng iste’molda. “Deep state” – AQSh siyosiy maydonidagi eng ko‘p ishlatilayotgan tushunchalardan biri. 2017 yilda o‘tkazilgan so‘rovnomada, amerikaliklarning 50 foizdan ortig‘i “yashirin davlat” borligiga ishonishini aytgan. Amerikaliklarning ko‘pi 35-prezident Jon Kennedi o‘ldirilishida “yashirin davlat”ning qo‘li borligiga ishonadi.
AQShda “yashirin davlat” borligiga, demokratlar tarafdorlaridan ko‘ra ko‘proq respublikachilar tarafdorlari ishonadi. Demokratlar va respublikachilar tarafdorlarining “yashirin davlat” borasidagi talqinlari farq qiladi. Prezident Obama 2010 yilning avgust oyida amerika xalqiga videomurojaat qilib, “qudratli yashirin guruhlar” borligini, ularning boyligi nihoyatda katta ekani, ular yashirin yo‘llar bilan jamoatchilik fikrini shakllantirib, saylovlarni o‘zlari istagan o‘zanga burish qudratiga ega ekanini aytgandi. “Yashirin jamoalar” haqida, otib o‘ldirilgan Kennedi ham gapirgandi.
Bugungi AQSh prezidenti Trampning “yashirin davlat” haqida gapirmagan oyi yoki haftasi bo‘lmasa kerak. Tramp o‘zining birinchi to‘rt yilligida ham byurokratiyaga, o‘zining iborasi bilan aytganda “Vashington botqog‘i”ga qarshi, “yashirin davlat”ga qarshi urushini e’lon qilgan edi. Bugungi ikkinchi muddatida esa, Tramp bu borada katta qadamlar tashlamoqda.
2023-24 yillar davomida Tramp “Yoki biz yashirin davlatni yo‘q qilamiz, yoki yashirin davlat bizni yo‘q qiladi” deb ko‘p takrorladi. Trampning rejasiga ko‘ra, yashirin davlatni yo‘q qilish uchun: 1) barcha muhim davlat lavozimlariga sodiq tarafdorlarni tayinlash; 2) byurokratiyani, amaldorlarni, ayniqsa “yashirin davlat” tarafdori deya gumon qilinganlarni “joyiga qo‘yish”; 3) qonunlarni o‘zgartirib, “yashirin davlat”ning o‘sishi uchun imkoniyatni yo‘q qilish, mustaqilroq respublikachilarni ham zaiflashtirish kerak. Tramp bu rejani qat’iylik bilan amalga oshirib boshladi.
Dunyo tarixida uchramasa kerak, lekin Tramp AQShning razvedka xizmati hisoblanmish Markaziy razvedka boshqarmasini 8 oylik majburiy ta’tilga chiqarib yubormoqchi. AQShning “yumshoq kuchi”ni ifodalovchi USAIDni esa yopib tashladi. Ta’lim vazirligini ham yoptirish arafasida. Tramp va uning eng sodiq hamfikri Ilon Mask nazarida, MRB – “yashirin davlat”ning tarkibi hisoblanadi, USAID esa butun dunyo bo‘ylab so‘llarni, ya’ni demokratik partiya tarafdorlarini qo‘llab-quvvatlab keladi.
Trampning AQShdagi “yashirin davlat” bilan kurashuvi nimalarga olib keladi – buni to‘liq tasavvur qilish qiyin, lekin taxmin qilish mumkinki, Amerikaning ixotalanishi kuchayadi, uning dunyo ishlaridagi ulushi qisqaradi, yumshoq kuchi jiddiy so‘nadi. Natijada, dunyoda ko‘p qutblilik shaklllanishi ancha tezlashadi.
Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos
Mavzuga oid

22:00 / 10.03.2025
Ukraina dunyodagi eng yirik qurol importchisiga aylandi

20:32 / 10.03.2025
Tramp Zelenskiy iste’foga chiqmaguncha Ukrainaga yordam ko‘rsatishni tiklamaydi – OAV

19:40 / 10.03.2025
Bloomberg: Trampning maslahatchilari Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni yumshatish rejasini ishlab chiqmoqda

16:37 / 10.03.2025