Tramp geografiyasi. Meksika ko‘rfazi nomi rasman Amerika ko‘rfazi deb o‘zgartirildi
Navbatda prezidentning boshqa tashabbuslari.

Foto: Bloomberg
AQShning yangi ma’muriyati Meksika ko‘rfazini Amerika ko‘rfazi sifatida qayta nomladi. Donald Trampning «Amerika buyukligi merosi sharafiga» nomlarni tiklash to‘g‘risidagi farmoni ijro etilganini AQSh ichki ishlar vazirligi e’lon qilgan.
Tramp 20 yanvar kuni inauguratsiya nutqida Meksika ko‘rfazining nomini o‘zgartirish niyatini bildirgandi.
«Avval Meksika ko‘rfazi sifatida ma’lum bo‘lgan Amerika ko‘rfazi mamlakat tarixi va iqtisodiyotidagi eng muhim boyliklardan biri», — deyilgan AQSh ichki ishlar vazirligi bayonotida.
Florida gubernator Ron DeSantis yangi nomni ishlata boshlagan. Xususan, shtat meteoxizmatining ob-havo bo‘yicha so‘nggi prognozida Amerika ko‘rfazi nomi ishlatilgan.
Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum bunga javoban Amerikani Meksika Amerikasi (América Mexicana) deb nomlashni taklif qilgan.
Ammo ko‘rfazning qayta nomlanishi xalqaro miqyosda tan olinishi dargumon. Avvalroq Meksika rasmiylari Meksika ko‘rfazi nomi butun dunyo bo‘ylab tan olinishi hamda yuzlab yillar davomida dengiz navigatsiya belgisi sifatida ishlatib kelingani haqida aytishgandi.
Alyaskadagi tog‘ va Trampning boshqa da’volari
Shu kunlarda AQShning federal organ hisoblanadigan Geografik nomlar bo‘yicha kengashi prezident Trampning Alyaskadagi tog‘ cho‘qqisiga sobiq prezident Uilyam MakKinli nomini qaytarish bo‘yicha farmonini ijro etish ustida ish boshlagani ma’lum bo‘lgandi.
Bu Shimoliy Amerikadagi eng baland nuqta bo‘lib, avvaliga 1901 yilda o‘ldirilgan prezident Uilyam Mak-Kinli sharafiga nomlangan.
Ammo 2015 yilda Barak Obama Mak-Kinlini mahalliy amerikaliklar foydalanadigan Denali nomiga o‘zgartirgan edi. Bu Alyaskada yashovchi aholining talabi va ikki asosiy partiya vakillari qo‘llovi bilan ro‘y bergandi.
Juma kuni esa Tramp ma’muriyati Obamaning qarorini MakKinliga «haqorat» deb baholadi hamda cho‘qqiga oldingi nomini qaytarish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
Alyaskada yashovchilarning ko‘pchiligi, jumladan shtat gubernatori bunag qarshi, ammo Tramp ma’muriyati buni inobatga olmayapti.
Donald Tramp saylovoldi kampaniyasi vaqtida Panama kanali ustidan nazoratni AQShga qaytarish niyatini bildirgan, bu esa Panamani qo‘llov so‘rab BMTga murojaat qilishga undagan.
Shuningdek, u Kanada qo‘shib olinishi va Grenlandiya kuch bilan egallanishini istisno qilmagan.
Mavzuga oid

20:32 / 10.03.2025
Tramp Zelenskiy iste’foga chiqmaguncha Ukrainaga yordam ko‘rsatishni tiklamaydi – OAV

01:10 / 10.03.2025
Tramp: Ukraina AQSh yordami bilan ham omon qolmasligi mumkin

19:14 / 09.03.2025
Tinchlik metallari: AQSh, Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi resurs kelishuvining nimasi g‘alati?

01:44 / 08.03.2025