Jahon | 08:52 / 25.01.2025
11015
3 daqiqa o‘qiladi

FT Trampning Daniya bosh vaziri bilan agressiv suhbati haqida ma’lum qildi

AQSh prezidenti Daniya bosh vaziri bilan Grenlandiya masalasida agressiv tarzda telefon suhbati o‘tkazdi, deb yozadi Financial Times. Aytilishicha, Tramp Daniya orolni sotishdan bosh torsa, yuqori bojlar bilan tahdid qilgan.

Foto: Thomas Traasdahl/Ritzau Scanpix/IMAGO

AQSh prezidenti Donald Tramp o‘tgan hafta Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen bilan telefon suhbatida Grenlandiyani qo‘lga kiritish niyati jiddiyligini ta’kidladi, deb yozadi Financial Times 24 yanvar, juma kuni. Shu bilan birga, Tramp suhbatni baland ovozda olib bordi, deya qo‘shimcha qiladi nashr Yevropa Ittifoqining yuqori martabali rasmiylariga tayanib.

Qayd etilishicha, Tramp va Frederiksen o‘rtasidagi suhbat 45 daqiqa davom etgan. Oq uy bu borada hech qanday rasmiy izoh bermadi. O‘z navbatida, Daniya bosh vaziri AQSh prezidentiga Skandinaviya qirolligining avtonom hududi bo‘lgan orol AQShning «katta manfaatdorligi»ga qaramay, «sotilmasligini» tushuntirganini aytdi.

«Yevropa Ittifoqining amaldagi va sobiq besh nafar yuqori martabali mulozimlari suhbat juda yomon o‘tganini aytishdi», — deyiladi FT xabarida. Qayd etilishicha, AQSh prezidenti Frederiksenning Daniya va AQSh o‘rtasidagi harbiy bazalar va foydali qazilmalarni o‘zlashtirish bo‘yicha hamkorligini mustahkamlash bo‘yicha takliflariga qaramay, o‘zini agressiv tutgan va qarama-qarshi kayfiyatda bo‘lgan.

Transatlantik munosabatlardagi keskinlik kuchaymoqda

«Qo‘ng‘iroq tafsilotlari Yevropaning Trampning hokimiyatga qaytishi transatlantik munosabatlarni har qachongidan ham taranglashishiga sabab bo‘lishi mumkinligi borasidagi xavotirlarini kuchaytiradi, chunki AQSh prezidenti ittifoqchilarga hududdan voz kechish uchun bosim o‘tkazmoqda», deb ta’kidlaydi mualliflar Grenlandiya, Panama kanali va hatto Kanadani egallab olish fikrini eslatib.

Daniya sobiq amaldorining so‘zlariga ko‘ra, Tramp agar Grenlandiyani sotishdan bosh torsa, Daniyaga qarshi maxsus choralar ko‘rish, masalan, ayrim tovarlarga yuqori bojlar joriy qilish bilan tahdid qilgan. Daniyaliklar Trampning harakatlaridan «shunchaki hayratda», deya qo‘shimcha qildi manba.

Ayni paytda, Daniya bosh vazirligi idorasi «anonim manbalar tomonidan berilgan suhbat talqinini qabul qilmasligini» aytdi.

Mavzuga oid