Jahon | 15:55 / 17.01.2025
15912
7 daqiqa o‘qiladi

Armaniston G‘arbga yuzlanmoqda. Bundan xavotirga tushayotgan faqat Rossiya emas

Oxirgi bir haftada Armaniston G‘arb tomon ikkita katta qadam tashladi: avvaliga hukumat Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishga qaror qildi, so‘ng AQSh bilan strategik hamkorlik to‘g‘risida hujjat imzolandi.

9 yanvar kuni Armaniston hukumati Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi. Loyiha parlamentga kiritiladi, shuningdek, referendumga qo‘yilishi mumkin. Oldindan aytish mumkinki, aksariyat armanistonliklar YeIga qo‘shilishga rozi bo‘lishi aniq.

14 yanvar kuni Vashingtonda imzolangan “Strategik hamkorlik bo‘yicha xartiya” bilan esa, ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik juda yuqori darajaga ko‘tarildi. Ular o‘rtasidagi siyosiy muloqotlar, iqtisodiy va harbiy hamkorlik kuchayadi.

Xo‘sh, bu qadamlar nimani anglatadi, nima o‘zgaryapti?

Armaniston shu paytga qadar geosiyosatda, tashqi siyosatda Rossiya Federatsiyasiga oriyentir olardi. Yerevan Moskvani o‘zining katta akasi, bosh homiysi va geosiyosiy “qiblasi” sifatida ko‘rar edi. Lekin hammasi 2020 yilning kuzida o‘zgardi. Ya’ni Qorabog‘ urushidan keyin. O‘sha urushda Ozarboyjon o‘ziga tegishli Qorabog‘ hududini Armanistondan kuch bilan qaytarib oldi. Unga qadar Armaniston Qorabog‘ni rasman Ozarboyjon hududi deb hisoblasa-da, Qorabog‘dagi separatizm harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlab kelayotgan edi.

Asosiy maqsad – Qorabog‘ni Armanistonga qo‘shib olish edi. Lekin ko‘p yillik harbiy tayyorgarlikdan keyin, 44 kunlik urushda Ozarboyjon o‘zining Qorabog‘ hududini qaytarib oldi. Halqaro qonunchilikka ko‘ra, sobiq SSSR chegaralariga asosan, Qorabog‘ – Ozarboyjonning hududi edi. O‘sha 2020 yilgi urush kunlari Armaniston Rossiyaga murojaat qilib, urushga qo‘shilishni va Ozarboyjonga qarshi birga urishishni so‘radi.

Lekin Putin “agar urush Armaniston hududida bo‘lganida edi, KXShT va uning a’zosi RF Armanistonni aniq himoya qiladi, lekin hozircha urush Qorabog‘da, ya’ni Ozarboyjon hududida bo‘lmoqda” deb, Armanistonga rad javobi bergandi. Shundan buyon Armaniston Rossiyadan arazlagan, Moskva bilan aloqalarni susaytirib bormoqda.

Keyingi yillarda Armanistonning Rossiyadan uzoqlashuvi yanada kuchaydi. O‘tgan yillar davomida Armaniston o‘zi a’zo bo‘lgan va Rossiyaning strategik manfaatlarini ta’minlovchi Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotidagi ishtirokini, de-fakto to‘xtatib qo‘ydi. KXShTning o‘quv mashqlarida ishtirok etmayapti. Qolaversa, 2024 yilda AQSh va Yevropadagi harbiy o‘quv mashqlarida ham ishtirok etdi. Bu bilan, Armaniston Rossiyaning emas, G‘arbning komandasiga o‘tayotganini bildirdi.

Xo‘sh, Armanistonning AQSh va Yevropa Ittifoqchi bilan yaqinlashuvi, Janubiy Kavkaz geosiyosatini qanchalik o‘zgartira oladi? Bunga qaysi davlatlar norozilik bilan qaraydi? Uchta davlat borki, ular Armaniston bilan G‘arbning yaqinlashuvini sovuqlik bilan qabul qiladi. Bular – Rossiya Federatsiyasi, Turkiya va Ozarboyjon.

Rossiya va Turkiya Kavkaz mintaqasiga AQSh, Fransiya, NATOning kirib kelishini istamaydi. Turkiya – NATOning a’zosi, lekin ancha vaqtdan buyon NATO ichidagi ziddiyatli davlat. Erdo‘g‘an – mustaqil o‘yinchi sifatida, Vashingtonga ham, Bryusselga ham yo‘q deya oladigan davlatni shakllantirib ulgurdi. Qolaversa, Turkiya Armanistonga NATOning ko‘zlari bilan emas, Ozarboyjon manfaatlari orqali qaraydi.

Ozarboyjonga kelsak, haliga qadar Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasida tinchlik kelishuvi mavjud emas. Bu ikki davlat urush holatida. Lekin tinchlik muzokaralari bo‘yicha ishlar ketmoqda. Tomonlarning bildirishiga ko‘ra, tinchlik kelishuvi uchun kerakli 90 foiz ishlar qilingan. O‘rtadagi kelishilmagan masalalar hali bor. Ikki davlat ham o‘zaro hududiy yaxlitlikni, suverenitetni tan olishga tayyor. Ya’ni Armaniston Qorabog‘ni Ozarboyjon hududi sifatida tan olishga tayyor. Lekin keyingi bir yilda Ozarboyjon Armanistonga ikkita yangi talabni qo‘ydi.

Birinchi talab – Armaniston ham Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti qoshidagi Minsk guruhini tark etishi kerak. Minsk guruhi Qorabog‘ nizosini hal qilish uchun 1992 yilda tuzilgan bo‘lib, unda, Ozarboyjon va Armanistondan tashqari, uchta hamraislar bor, bular – Rossiya Federatsiyasi, Fransiya va AQSh. Rasmiy Boku bu guruhni tarqatib yuborish kerak deb hisoblaydi. Ozarboyjonning Fransiya bilan aloqalari juda yomon. Qolaversa, Ukraina urushi sabab, Rossiyaning AQSh va Fransiya bilan aloqalari deyarli to‘xtatildi.

Ikkinchi talab – Armaniston o‘zining Konstitutsiyasini o‘zgartirishi kerak. Chunki, Bokuga ko‘ra, Armaniston Konstitutsiyasining preampulasida, ba’zi moddalarida Qorabog‘ga shama, ishora va “qayta qo‘shilish” kabi g‘oyalar, mujdalar mavjud. Konstitutsiya o‘zgarmasdan Ozarboyjon bilan kelishuvga erishilsa, bu Konstitutsiyaga zid modda sifatida kelajakda o‘z kuchini yo‘qotishi, urush qaytadan boshlanishi mumkin.

Muammo shundaki, Armaniston Konstitutsiyasini o‘zgartirish uchun referendum o‘tkazishi kerak bo‘ladi. 2024 yil iyul oyida Gallup International Association o‘tkazgan so‘rovnomalarga ko‘ra, 80,3 foiz armanistonliklar Konstitutsiya o‘zgarishiga qarshi, 11,7 foiz aholi qisman o‘zgarishlarga rozi va faqat 3,3 foiz aholi har qancha o‘zgarishlarga rozi. Bu degani, Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasidagi tinchlik kelishuvlariga jiddiy to‘siqlar bor.

Qolaversa, Armanistonning Rossiya ta’siridan to‘liq chiqib ketishi oson bo‘lmaydi. Chunki Rossiya – Armanistonning eng birinchi savdo-iqtisodiy hamkori, taxminan 40 foiz tashqi savdosi Rossiya ulushiga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, Armaniston Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi a’zosi sifatida Rossiyadan arzon gaz va boshqa energiya mahsulotlarini oladi.

Bir so‘z bilan aytganda, Armaniston – Rossiya, Turkiya va Ozarboyjon qurshovida. Agar Ozarboyjon va Turkiya bilan kelishib, tinchlik sulhini imzolay olsa, Yerevan Moskvadan uzilishga va G‘arb tomon to‘liq o‘tishga hal qiluvchi qadamlarni tashlashi aniq. Hozircha esa, Armaniston o‘zining tashqi siyosatida ziddiyatlarni parvarishlab bormoqda.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

Mavzuga oid