«Biz adolat talab qilamiz». Aliyev AZAL halokatida Rossiyani ayblab, aybdorlarni jazolashga chaqirdi
Ozarboyjon prezidenti 25 dekabr kuni Oqtovda ro‘y bergan aviahalokat yuzasidan yana bir necha keskin fikrlarini bildirdi.

Foto: Getty Images
Aliyev samolyot yerdan o‘qqa tutilishi oqibatida shikastlangani va radioelektron kurash vositalari orqali boshqarib bo‘lmaydigan holatga keltirilganini aytib, yana bir marta aviahalokat uchun aybni Rossiya vakillari zimmasiga yuklagan.
Ozarboyjon rahbari ekipajning omon qolgan vakillari va halok bo‘lgan a’zolarining oilalari bilan uchrashuvda aviahalokatni tekshirish ishlari borishini sharhlagan. Aviahalokatda bortdagi 67 kishidan 38 nafari halok bo‘lgandi. Qurbonlar orasida — samolyotning ikki uchuvchisi ham bor.
Bokudan Grozniyga reysni amalga oshirgan Embraer E190 avvaliga ikki bor Checheniston poytaxtiga qo‘nishga uringan, uchinchi urinish chog‘ida yo‘lovchilar portlashni eslatuvchi kuchli ovozni eshitishgan. Shundan keyin boshqaruvi qiyinlashgan samolyot Qozog‘istonning Kaspiy dengizi sohilidagi Oqtov shahriga yetib borib, favqulodda qo‘nishga uringanida yerga urilgan va qismlarga bo‘linib, yonib ketgan.
O‘sha vaqtda Rossiya havo hujumidan mudofaa vositalari ukrainlarning dronlari hujumlarini qaytarayotgandi va Grozniyda barcha havo kemalari zudlik bilan boshqa joyga ketishini ko‘zda tutuvchi «Kovyor» rejasi e’lon qilingandi.
«25 dekabr kuni Boku-Grozniy yo‘nalishida parvoz qilayotgan AZAL yo‘lovchi samolyoti Grozniy shahri yaqinida «tashqi ta’sirlar» oqibatida boshqaruvni yo‘qotib, shikastlangan va amalda boshqarib bo‘lmaydigan holga kelgan. Aynan uchuvchilarning professionalligi, qahramonligi va fidoyiligi tufayli samolyot Oqtov shahriga favqulodda qo‘nishga muvaffaq bo‘ldi. Ozarboyjon davlati uchuvchilar va barcha ekipaj a’zolarining harakatlarini yuqori baholadi va taqdirladi... Agar uchuvchilarning professionalligi va qahramonligi bo‘lmaganida, bu ofatdan omon qolganlar bo‘lmas edi», — degan Ilhom Aliyev.
Ozarboyjon rahbari so‘zlariga ko‘ra, hozir aviahalokat sabablarini aniqlash bo‘yicha Davlat komissiyasi tuzilib, faoliyat yuritmoqda. Ayni vaqtda Ozarboyjon prokuraturasi jinoiy ish qo‘zg‘atgan.
«Prokuraturaning ishchi guruhi Grozniy va Oqtov shaharlariga jo‘natilib, tezkor ishlar olib borildi. Tabiiyki, tergov yakunlangach, biz Ozarboyjon xalqiga to‘liq ma’lumot beramiz.
Biroq, bir jihatga yana bir bor e’tiboringizni qaratmoqchiman: Grozniy shahrida «Kovyor» operatsiyasi, ya’ni havo hududini yopish operatsiyasi samolyot yerdan o‘qqa tutilganidan keyin e’lon qilingan. Bu yana bir bor bu yerda jinoyat tarkibi borligini anglatuvchi juda jiddiy masalalarni ko‘rsatadi. Odatda, mamlakat havo hududida xavf tug‘ilganda, u darhol yopiladi. Bu barcha mamlakatlarda amal qiladi va turli nomlarga ega. Rossiyada bu operatsiya «Kovyor» deb ataladi. Agar Rossiya havo hududiga tahdid mavjud bo‘lsa, samolyot kapitaniga darhol xabar berilishi kerak edi. Havo hududi zudlik bilan yopilishi va samolyot orqaga qaytishi kerak edi.
Shuni ham ta’kidlashim kerakki, samolyot halokatidan taxminan 10 kun oldin Grozniy shahri yaqinida xuddi shunday voqea sodir bo‘lgan: AZAL samolyoti yarim yo‘ldan ortga qaytdi. Nega bu safar samolyot ekipaji ogohlantirilmadi? Tabiiyki, bu tergov orqali aniqlanadi. Yana bir bor aytmoqchimanki, bizda mavjud bo‘lgan ma’lumotlar haqiqatga asoslangan», — degan Ozarboyjon yetakchisi.
Avvaliga rossiyalik rasmiylar aviahalokatga harbiylarning harakatlari sabab bo‘lishi mumkinligini tan olmagandi, ammo hodisadan bir necha kun o‘tib RF prezidenti Vladimir Putin Aliyevdan «fojiali hodisa Rossiya havo kengliklarida ro‘y bergani» uchun so‘radi. Putin havo hujumidan mudofaa vositalari ishlagani haqida ham gapirgan, ammo Rossiya tomoni aybini to‘g‘ridan to‘g‘ri tan olmagan.
Ozarboyjon rahbari ayrim rossiyalik amaldorlar halokatga samolyot qushlar galasi bilan to‘qnashgani yoki bortda kislorod balloni portlashi sabab bo‘lganini aytganidan ayniqsa qattiq ranjigan.
«Men jinoyat ishining barcha materiallarini hozircha oshkor qilmoqchi emasman, birlamchi tergov va uning natijalari menga xabar qilingan, ammo ishonch bilan ayta olamanki, bu ofatda Ozarboyjon fuqarolari halok bo‘lishida ayb Rossiya Federatsiyasi vakillari zimmasida. Biz esa adolat talab qilamiz, aybdorlar jazolanishini, to‘liq shaffoflikni va insoniy xulq-atvorni talab qilamiz.
Rossiya davlat idoralarining ushbu voqeani yashirishga va bema’ni versiyalarda turib olishga urinishlari bizni hayratda va afsusda qoldirib, haqli ravishda ranjitmoqda. Begunoh odamlar halok bo‘ldi», — degan u.
Ozarboyjon yetakchisi samolyotning «qora qutilari» Braziliyada, Embraer 190 samolyoti ishlab chiqaruvchisi tomonidan o‘rganilishini ma’lum qildi.
- «Qora quti» – parvoz parametrlarini, ichki ko‘rsatkichlarni, uchuvchilar suhbatini avtomatik tarzda yozib boradi va aviahalokat sabablariga oydinlik kiritishi mumkin.
«Qora qutilar»ni ochish jarayoni boshlandi. Bizning talabimiz bilan bu jarayon Braziliyada amalga oshirilmoqda. Barcha taklif va talablarga qaramay, MDH Davlatlararo aviatsiya qo‘mitasi tomonidan «qora qutilar» ochilishiga qat’iyan e’tiroz bildirdik. Chunki bu yerda xolislik shubha ostiga olinishi mumkin edi. Huquqiy nuqtayi nazardan, bu yerda manfaatlar to‘qnashuvi bo‘lishi mumkin. Shu bois, Ozarboyjon, Qozog‘iston va Rossiya vakillari ishtirokida Braziliyada «qora qutilar» tahlili boshlandi va, ehtimol, yaqin orada bu haqda ma’lumot beriladi.
Tabiiyki, hali ochiq bo‘lmagan barcha savollar oshkor bo‘ladi. Samolyot radioelektron urush vositalari orqali boshqarib bo‘lmaydigan holga keltirilgani kundek ravshan. Samolyot yerdan o‘qqa tutilgani oqibatida zarar ko‘rgani ham ayon. Lekin nima uchun samolyot Oqtovga jo‘natildi? Bizda bu haqda hozircha ma’lumot yo‘q. Bu yoki mahalliy dispetcherlar qarori bilan bo‘lgan, yoki uchuvchilar Rossiya havo kengligidagi radioelektron kurash vositalari ularga qo‘nishga imkon bermasligini tushishgan va o‘zlari shunday qarorga kelishgan. Tabiiyki, «qora qutilar» ochilgandan so‘ng, bu ma’lumotlarning barchasi paydo bo‘ladi», — dedi Aliyev.
Aliyevning fikricha, agar Rossiya bunday holatlar uchun barcha zarur choralarni ko‘rganida, fojiadan qochish mumkin edi.
«Agar Grozniy shahrida Rossiya havo hududini o‘z vaqtida yopish choralari ko‘rilgan bo‘lsa, yer usti xizmatlari barcha qoidalarga rioya qilgan bo‘lsa, shuningdek, Rossiya qurolli kuchlari va fuqarolik aviatsiyasi xizmatlari o‘rtasida harakatlarni muvofiqlashtirish bo‘lganida, balki bu fojia sodir bo‘lmasdi», — degan Ozarboyjon prezidenti.
Ozarboyjon rahbari Moskvadan aybni rasman o‘z zimmasiga olishni, aybdorlarni jazolashni hamda tovon puli to‘lashni talab qilayotganini yana bir bor ta’kidladi.
Ozarboyjon rahbari aviahalokatda qurbon bo‘lgan ekipaj oila a’zolariga yana bir bor hamdardlik bildirib, bu ish va tergov oxirigacha yetkazilishiga va’da berdi.
Bekor qilinayotgan yo‘nalishlar
Aviahalokatdan keyin qator aviakompaniyalar Rossiyaga reyslarni bekor qila boshladi. Hozirgacha kamida oltita aviakompaniya ushbu mamlakatdagi yo‘nalishlar bo‘yicha parvozlariga cheklovlar kiritgan.
30 dekabrdan «Turkmenistan» aviakompaniyasi hech qanday izoh keltirmasdan Ashxobod — Moskva — Ashxobod yo‘nalishidagi parvozlarni bir oy muddatga to‘xtatdi. Aviakompaniya bu yo‘nalishda haftasiga ikki bor uchayotgandi.
O‘zbekistonning Qanot Sharq aviakompaniyasi esa 20 yanvardan 6 martga qadar bir qator reyslar, jumladan, Rossiyaning Moskva, Sankt-Peterburg va Nijniy Novgorod shaharlariga parvozlarni vaqtinchalik bekor qilgan.
Shuningdek, Qozog‘istonning Qazaq Air aviakompaniyasi Ostonadan Yekaterinburgga reyslarni bir oyga to‘xatib, buni «risklarni baholash» bilan izohlagan.
Embraer E190 borti tegishli bo‘lgan AZAL aviakompaniyasi ham Rossiyaning o‘nta shahriga uchishni to‘xtatgan. Bu shaharlar qatorida Sochi, Ufa, Vladikavkaz, Samara va boshqalar bor.
Shuningdek, Isroilning El Al va BAAning Flydubai aviakompaniyalari ham reyslarini qisqartirgan.
Mavzuga oid

12:10 / 03.06.2025
Aliyev: «Asr shartnomasi» mintaqadagi geosiyosiy va geoiqtisodiy vaziyatni o‘zgartirdi

15:49 / 24.05.2025
O‘zbekiston Shusha deklaratsiyasiga qo‘shilgani haqidagi xabarlar rad etildi

16:28 / 23.05.2025
Eron 2023 yilda Ozarboyjon elchixonasiga hujum qilgan erkakni qatl qildi

21:12 / 07.05.2025