Jahon | 23:28 / 30.12.2024
3544
2 daqiqa o‘qiladi

Moldova aksiyalarining asosiy qismi «Gazprom»ga tegishli «Moldovagaz»ni milliylashtiradi

«Gazprom» 2025 yil 1 yanvardan Moldovaga gaz yetkazib berishni to‘xtatadi. Mamlakat bosh vazirining aytishicha, hozirda aksiyalarining 51 foizi «Gazprom»ga tegishli «Moldovagaz» qachonlardir tortib olingan.

Foto: Point

Moldova bosh vaziri Dorin Rechan hukumatga «Moldovagaz» kompaniyasini milliylashtirishga tayyorgalikni boshlash bo‘yicha topshiriq berdi, deb yozadi Reuters. Ushbu kompaniya aksiyalarining nazorat paketi (51 foizi) «Gazprom»ga tegishli.

Hukumat yig‘ilishida Rechan adliya vaziriga qonunchilikka milliylashtirishni amalga oshirish imkonini beradigan o‘zgartirishlarni tayyorlashni buyurgan. 

«Ushbu obektlar [«Moldovagaz»] ham bizdan qachonlardir tortib olingan. Va biz ularni davlat ixtiyoriga qaytarishimiz kerak», — degan Rechan.

Rossiya Moldovaga har yili 2 milliard metr kubga yaqin gaz yetkazib beradi. «Gazprom»dan tashqari «Moldovagaz» aksiyalari Moldova hukumatiga (35,33 foiz), shuningdek, tan olinmagan Dnestrbo‘yi mulklarini boshqarish qo‘mitasi (13,44 foiz) va minoritarga tegishli.

28 dekabr kuni «Gazprom» 2025 yil 1 yanvardan «Moldovagaz» tomonining qarzdorligi sabab Moldovaga gaz yetkazib berishni to‘xtatishini ma’lum qildi. 2021 yilda «Gazprom» va «Moldovagaz» besh yillik shartnoma imzolagan edi. «Kommersant»ning eslatishicha, uning shartlaridan biri Moldova tomonidan qarzdorlikni yopish bo‘lgan. Rossiya kompaniyasi qarzdorlikni jarima va penyalari bilan birga 709 million dollarga baholamoqda. Moldova bosh vaziri Dorin Rechan 2023 yil sentabrda Kishinyov faqat 8,6 million dollar qarzi borligini tan olishi va «mavjud bo‘lmagan qarzlarni» to‘lash niyatida emasligini ma’lum qilgandi. Noyabr oyida u yana Moldova Rossiyaga 709 million dollar to‘lamoqchi emasligini aytgan.

Mavzuga oid