Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Energetikada yangi cheklov. Elektromobillarni zaryadlash stansiyalari ham tarmoqdan uzilmoqda
Hech qanday huquqiy asos ko‘rsatmagan holda elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini ham o‘chirib qo‘yish boshlandi. Quyi bo‘g‘indagi mas’ullar holatni “tepadan shunday buyruq bo‘ldi” degan jumla bilan izohlayapti. “Gaz hozir muammo, benzin qimmat, endi buyam muammo bo‘lsa, odamlar nima qilsin?” deydi Kun.uz bilan bog‘langan elektromobil haydovchilaridan biri.

Foto: Christian Charisius / dpa / Picture Alliance
Shu kunlarda O‘zbekistondagi elektromobillarni quvvatlash uchun o‘rnatilgan stansiyalarni o‘chirib qo‘yish boshlangan. Bu borada Kun.uz'ga murojaatlar kelib tushdi.
“Men yaqinda BYD olgandim, o‘zim Sergelida yashayman. Qish boshlanganidan keyin mashinamni zaryadlash muammo bo‘lyapti. Atrofimimizdagi stansiyalar ishlamayapti. Spectre, Megawatt, Tok Bor firmalarinikiyam o‘chirilgan. Joy egalaridan so‘rasam, sababini bilmaymiz deyishyapti. Bilasiz, gaz hozir muammo, benzin qimmat, shu sababdan elektromobil sotvolgandim. Endi buyam muammo bo‘lsa, odamlar nima qilsin?” – deydi murojaatchilardan biri.
Boshqa bir murojaatchi esa uyi yaqinidagi 2 ta stansiya ishlamayotganini aytdi. Shundan keyin u xizmat ko‘rsatayotgan stansiya topgan, lekin 2 soat navbatda turishga majbur bo‘lgan. “Mendan keyin ham uzun navbat bor edi”, deydi u.
“Tepadan shunday buyruq bo‘ldi”
Kun.uz holatga aniqlik kiritish uchun quvvatlash stansiyalari bozoridagi kompaniyalar bilan bog‘landi. Ularning ta’kidlashicha, barcha hujjatlar joyida bo‘lishiga qaramay, hududiy elektr ta’minoti korxonalari xodimlari kelib, hech qanday izohsiz stansiyalarni tokdan uzib qo‘yyapti.
“Hududiy elektr ta’minotidan kelishib, hech qanday sababsiz stansiyalarimizni o‘chirib tashlashyapti. Nima sababdan o‘chiryapsan, bu transformator qonuniy yoqilgan, deyapmiz. Ular esa “tepadan shunday buyruq bo‘ldi” deyishyapti. Boshqa hech qanday gap yo‘q. Raqobatchi kompaniyalar bilan ham xuddi shunday bo‘lyapti, bitta bizda emas.
Odamlardan murojaatlar ham ko‘payib ketdi. Ular 5-6 soatlab navbatda turganini aytyapti. Mijozlarimiz 6-7 km yo‘l bosib borishganida, stansiya o‘chiqligiga guvoh bo‘lyapti. Instagram, Telegram profillarimizning kommentariya qismida bu bo‘yicha ko‘plab izohlar qoldirilgan.
Bizni o‘chirish bo‘yicha ogohlantirishayotgani ham yo‘q, keyin bilyapmiz. “RES”ga borganimizdan keyin bu narsalar chiqib kelyapti. Ularga hujjatlarimizni taqdim etganimizdan keyin ham kutinglar deyishyapti. Mana shunaqa vaziyat. Oldin umuman bunaqa bo‘lmagan”, – deydi bozordagi yetakchi kompaniyalardan birining vakili.
Uning qo‘shimcha qilishicha, bu holat Toshkent shahrining barcha tumanlarida kuzatilyapti. Viloyatlarda ham stansiyalar uzilgan, ammo talab Toshkentdagidek yuqori bo‘lmagani uchun jiddiy muammolarni yuzaga keltirmayapti. “Toshkent shahrida jiddiy muammolar bo‘lyapti”, deydi u.
Quvvatlash stansiyalari elektrdan uzilayotganini bozordagi boshqa bir yirik kompaniya vakillari ham Kun.uz'ga tasdiqladi.
Energetika vaziri elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha hech qanday muammo yo‘qligini aytgandi
Roppa-rosa bir yil oldin energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekistonda elektr energiyasi ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari 2024 yilda talab eng yuqori bo‘ladigan paytlarda ham ehtiyojni 100 foiz qondira oladigan darajaga yetishini aytgandi.
“Albatta, tizimda qayerdadir tarmoq uzilishi, transformator kuyishi, yonishi yoki nosozlik kelib chiqishi kabi hodisalar bo‘ladi, lekin generatsiya tarafidan biz keyingi yildan 100 foiz o‘zimizning ichki ehtiyojimizni qoplash imkoniyatimiz paydo bo‘ladi. Buni ta’minlaymiz va shunday vazifa bizga qo‘yilgan. Agar qo‘yilgan vazifani bajara olmasak, nafaqat men, balki tizimimizdagi barcha mas’ullar ishlashga noloyiqmiz deb o‘ylayman”, – degandi vazir.
Mirzamahmudov oktyabr oyida “Lolazor” podkastidagi chiqishida “qishda svet o‘chmaydimi” degan savolga javoban, bu yil elektr energiyasi ishlab chiqarish keskin oshganini aytgandi. Bir tarafdan generatsiya ko‘paygani, ikkinchi tarafdan narxlar oshirilgach aholi svetni tejay boshlagani tufayli, elektr energiyasi taklifi hajmi talab hajmidan oshib ketdi, degandi u.
Vazirning matbuot kotibi Hasan Toshxo‘jayev ham bir necha kun oldin Kun.uz'ga bergan intervyusida elektr energiyasi yetishmovchiligi muammosi yo‘qligini aytgandi.
“O‘zbekiston ayni paytda generatsiya bo‘yicha vazirimiz aytib o‘tganidek o‘z ehtiyojini to‘liq qoplash imkoniyatiga ega. Ayni paytda bizda generatsiya bo‘yicha hech qanday muammo yo‘q. Endi, joylarda elektr energiyasining o‘chishlari yetkazib berish va taqsimlash tarmoqlaridagi muammolar bilan bog‘liq. 30-40 yildan beri ishlatilayotgan asbob-uskunalar ko‘p. Ularni bir kun ichida almashtirib bo‘lmaydi”, – degandi Toshxo‘jayev.
Vazirlik rasmiysi, shuningdek, metan-shoxobchalardagi navbatlar haqida gapira turib, aholiga elektromobilning afzalliklari haqida aytib o‘tgandi.
“Bizda hozir mana, elektromobillar ham nihoyatda ko‘p kirib kelgan. Viloyatlarda ham sotib olayotgan haydovchilarimiz bor. Elektromobilni quvvatlash ancha arzon. Benzin bilan to‘liq bakni to‘ldirish 200-300 ming so‘mga tushadigan bo‘lsa, elektromobilda 60-80 ming, boring ana, uzog‘i 90 ming so‘m bo‘ladi”, – degandi u.
Ushbu intervyuda Toshxo‘jayevning haydovchilarga “gaz yo‘q bo‘lsa, benzin olish” haqidagi maslahati ijtimoiy tarmoqlarda o‘n minglab salbiy izohlarga sabab bo‘ldi.
Avvalroq energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov jamoatchilik faoli Otabek Bakirov ustidan huquq organlariga ariza bergani ma’lum bo‘lgandi.
Tavsiya etamiz
Navoiyni kimlar zaharlayapti? – ekologiya vaziri izoh berdi
O‘zbekiston | 11:23 / 25.07.2025
Ishdagi ishqning yakuni: selektorda “qo‘lga tushgan” amaldor ishdan olindi
O‘zbekiston | 10:42 / 25.07.2025
Fransiya Falastin davlatini tan oladi - Makron
Jahon | 09:46 / 25.07.2025
Nihoyat: kelayotgan haftada salqin havo oqimi kirib kelishi kutilmoqda
O‘zbekiston | 20:03 / 24.07.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Maldiv – Muslim friendly formatida dam olish uchun ideal tanlov
Jamiyat | 19:00 / 25.07.2025
-
Kechki va masofaviy ta’lim shakliga tavsiya etish huquqiga ega bo‘lgan idoralar tasdiqlandi
Ta’lim | 21:40
-
Rossiyaning yagona aviatashuvchisi «Admiral Kuznetsov» konservatsiya qilinadi
Jahon | 21:19
-
Ozarboyjon Rossiyadan AZAL samolyoti halokati uchun javobgarlikni tan olishni talab qildi
Jahon | 21:14
Mavzuga oid

23:59 / 25.07.2025
Svet o‘chmagan kun yo‘q: Toshkent elektrsiz qiynalmoqda

18:40 / 25.07.2025
Vazir o‘rinbosari Toshkentning bosh rejasi o‘zgarishini rad etdi. Lekin aks bayonotlar va loyihalar ko‘p

17:48 / 25.07.2025
Toshkentda 670 mingdan ortiq xonadonga aqlli suv hisoblagichlar bepul o‘rnatiladi

22:49 / 24.07.2025