Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eron zarbasini kutib: AQSh Isroildagi diplomatlariga cheklov qo‘ydi, O‘zbekiston elchixonasi ogohlantirish berdi
Britaniya va Rossiya fuqarolarini bu hududga borishdan qaytarmoqda.

Foto: AFP
Yaqin Sharqdagilar Damashqdagi konsulxonaga qilingan hujumga javoban Eron Isroil bo‘ylab zarba yo‘llashini kutishmoqda. AQSh, Britaniya, Rossiya va boshqa mamlakatlar diplomatlarining Isroil bo‘ylab harakatlanishini cheklamoqda hamda o‘z fuqarolariga ushbu mintaqaga bormay turishni tavsiya etmoqda.
Vashington AQShning Isroildagi elchixonasi xodimlari va ularning oila a’zolarining mamlakat bo‘ylab harakatlanishini cheklagan.
Amerika elchixonasi xodimlariga «xavfsizlik nuqtayi nazaridan» Tel-Aviv, Quddus va Beer-Shevadan tashqariga chiqish taqiqlangan. Elchixona saytida aytilishicha, bu cheklov «keyingi xabarnomagacha» amal qiladi.
«Amerika rasmiy shaxslari ogohlantirishicha, hozirda gap Eron javob qaytarishi yoki qaytarmasligi haqida emas, qachon javob qaytarishi haqida ketmoqda», — deya qayd etadi BBC’ning Yaqin Sharqdagi korrespondenti Hyugo Bachega.
O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi ushbu mamlakatda bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarni o‘z yashash joyini tark etmaslikka chaqirgan.
«O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi mintaqadagi vaziyat tufayli Isroil hududida bo‘lib turgan fuqarolardan ehtiyotkorlik va xavfsizlik chora-tadbirlarini ko‘rish hamda doimiy ravishda hushyorlik zarurligini eslatadi.
Ushbu ziddiyatli kunlarda shaxsiy xavfsizlikka tahdid solishi mumkin bo‘lgan holatlarning oldini olish uchun zaruratsiz yashab turgan joyingizni tark etmaslikni tavsiya qilamiz», deyiladi xabarda.
Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirligi ham «Isroilga Eron tomonidan hujum bo‘lishi ehtimoli» to‘g‘risida xabar e’lon qilgan. Buyuk Britaniya o‘z fuqarolarini o‘tgan yil oktyabridan buyon Isroilga safar qilish xavfli ekani to‘g‘risida ogohlantirib keladi.
Rossiya TIV rossiyaliklarga Isroil, Livan, Falastin hududlari va umuman ushbu mintaqaga sayohat qilmaslikni tavsiya etgan.
«Biz Rossiya fuqarolariga o‘ta zarurat bo‘lmaganda ushbu mintaqaga, ayniqsa Isroil, Livan va Falastin hududlariga sayohat qilishdan tiyilishni qat’iy tavsiya qilamiz», — deya TIV rasmiysi Mariya Zaxarovadan iqtibos keltirgan nashrlar.
Shu bilan birga, tavsiya Iordaniyaga taalluqli emas: Zaxarovaning so‘zlariga ko‘ra, TIV «harbiy harakatlar G‘azo sektoridan qirollik hududiga ko‘chishi» ehtimolini deyarli yo‘q deb hisoblaydi.
Zaxarova Eronga safarlar borasida hech narsa demagan.
Lufthansa aviakompaniyasi Tehronga parvozlarni to‘xtatib turish muddatini 13 aprelga qadar uzaytirgan.
7 aprel kuni Tehron Eronning Suriyadagi konsulxonasiga hujumdan keyin Isroil elchixonasi xavfsiz joy hisoblanmasligini aytgandi.
Eronning Damashqdagi konsulligiga hujum
Eron 1 aprel kuni Suriya poytaxti Damashq shahridagi konsulxonasiga yo‘llangan aviazarbaga qat’iy javob qaytarishni va’da qilgan.
Zarba oqibatida 13 kishi halok bo‘lgandi: Islom inqilobi muhofizlari korpusining yetti vakili hamda olti nafar suriyalik.
O‘ldirilganlar orasida — brigada generali, korpusning «Quds» maxsus topshiriqli bo‘linmasidagi muhim shaxs Muhammad Rizo Zohidiy ham bor edi, u xorijdagi amaliyotlar uchun mas’ul bo‘lgan.
Eron va Suriya hujumda Isroilni ayblagan, isroilliklar esa izoh bermagan.
Eronning Suriyadagi diplomatik missiyasiga hujum turli mamlakatlar diplomatlarining Yaqin Sharqdagi mojaro kengayishini to‘xtatishga urinishlari fonida sodir bo‘ldi.
Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron Damashqdagi konsulxonaga zarbadan keyin eronlik hamkasbi Husayn Amir Abdollohiyon bilan bog‘lanib, Tehron Yaqin Sharqdagi mojaro kengayishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlardan tiyilishga chaqirgan.
«Men xatolik zo‘ravonlik yanada kuchayishiga olib kelishi mumkinligidan qattiq xavotirdaman», — degan Kemeron.
AQSh prezidenti Jo Bayden 10 aprel kuni Eron Isroilga «jiddiy hujum» bilan tahdid qilayotganini aytgandi. Shu bilan birga, u AQSh Isroil tomonida turishidan ogohlantirib, ushbu mamlakatga «temir» qo‘llov va’da qilgandi.
BBC’ning Vashingtondagi muxbiri Uill Vernon ta’kidlashicha, Oq uy shu tariqa Tehronga prezident Bayden va Isroil bosh vaziri Netanyahu o‘rtasida G‘azodagi urush borasida yuzaga kelgan kelishmovchiliklarga qaramay, Isroilga qilinadigan har qanday hujum Vashingtonning qat’iy javobini keltirib chiqarishi haqida signal bermoqda.
Payshanba kuni AQSh Markaziy qo‘mondonligi rahbari general Erik Kurilla mamlakat rahbariyati bilan xavfsizlik masalalarida muzokaralar o‘tkazish uchun Isroilga kelgandi.
Pentagonning bayonotiga ko‘ra, Kurillaning tashrifi oldindan rejalashtirilgandi, ammo Yaqin Sharqdagi so‘nggi voqealar tufayli oldinroqqa surilgan.
Isroil mudofaa vaziri Yoav Galant Pentagon vakillari bilan muzokaralarda Isroilga har qanday to‘g‘ridan to‘g‘ri hujum «Isroilning Eronga tegishli javobini talab qilishi»ni aytgan.
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken avvalroq Xitoy, Saudiya Arabistoni va Turkiya tashqi ishlar vazirlari bilan muzokaralar o‘tkazib, tomonlarning hech biri mojaro kengayishidan manfaatdor emasligini qayd etgandi.
Hafta boshida esa Saudiya Arabistoni, BAA, Qatar va Iroq tashqi ishlar vazirlari vaziyatni yumshatish uchun eronlik hamkasbi bilan uchrashgandi. Vazirlardan Baydenning Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha katta maslahatchisi Brett Makgerkning deeskalatsiya zarurati to‘g‘risidagi xabarini Eron tomoniga yetkazish uchun so‘ralgandi.
Tavsiya etamiz
„Uchastkavoy“ prezident bilan uchrashuvda kapitanga aylandi
O‘zbekiston | 15:27 / 11.07.2025
Tramp: NATO Ukraina uchun AQShdan qurol sotib oladi
Jahon | 11:21 / 11.07.2025
Eldor Shomurodov Turkiya klubiga o‘tdi
Sport | 11:12 / 11.07.2025
Taekvondochi Ulug‘bek Rashidov ikki yilga diskvalifikatsiya qilindi
Sport | 11:00 / 11.07.2025
So‘nggi yangiliklar
-
AQSh bosh prokurori Trampga qarshi ishlarga aloqador 20 dan ortiq xodimni ishdan bo‘shatdi
Jahon | 19:50
-
Air India Boeing 787 halokati bo‘yicha dastlabki hisobotni e’lon qildi
Jahon | 19:30
-
Shimoliy Koreya Ukrainadagi urush vaqtida Rossiyaga 12 milliondan ortiq snaryad yetkazib berdi
Jahon | 18:58
-
SpaceX Isroilga tegishli aloqa sun’iy yo‘ldoshini orbitaga olib chiqdi
Jahon | 18:49
Mavzuga oid

18:31
Isroilning G‘azoga zarbasi oqibatida suv uchun navbatda turgan bolalar halok bo‘ldi

15:28
Eron prezidenti Isroilning iyun oyidagi hujumida yaralangan - Fars

20:08 / 12.07.2025
Putin Eronga uranni boyitishni to‘liq to‘xtatishni taklif qildi – OAV

23:05 / 11.07.2025