Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Tuproqni qoplarga solib tashirdik” – Katta Farg‘ona kanali qazilishida ishtirok etgan 111 yoshli Salimaxon momo hikoyasi
Oltiariq tumanining Jo‘rak mahallasida 111 yoshli Salimaxon aya Yusupova istiqomat qiladi. Aya 45 kun ichida qurib bitkazilgan Katta Farg‘ona kanali bunyod etilishida ishtirok etgan. “Chelak, qanor qopga tuproq-loy solib, tepalikka tashirdik. Uyga kelsak kelardik, bo‘lmasa, kanalning ichida tunab qolardik”, deydi momo o‘sha kunlarni eslab.

Katta Farg‘ona kanali qazilishida odamlarning jasorati va o‘tmishni Salimaxon aya shunday xotirlaydi:
“17-18 yoshimdan kolxozda ishladim. Uch o‘g‘il, bir qizim bor edi. O‘g‘illarimdan biri 40 yil o‘qituvchilik qilib, umri qisqa ekan, vafot etdi. Boshimizdan ko‘p qiyinchiliklar o‘tdi. Xaltada un, buxanka non tashib, farzand boqdim. Hozir endi hammasi uyli-joyli, bola-chaqasi bilan chiroyli ro‘zg‘or qilib o‘tirishibdi. Nevara-chevaralarim yuztaga boradi.

Katta Farg‘ona kanali qazilishida ishladim. Chelak, qanor qopga tuproq-loy solib tepalikka tashirdik. Uyga kelsak kelardik, bo‘lmasa, kanalning ichida tunab qolardik. Qurilishida erkaklar bilan tengma-teng ishlaganmiz. Ketmon va belkurak bizning asosiy ish qurolimiz edi. Kanal ichida qozon osib ovqat qilardik.
Tuproq ortilgan etaklarni erkag-u xotin tepalikka olib chiqar edik. Tuproqni qopga solib tepalikka tashiyotgan odamlarning kiyimlari qop ishqalanaverganidan yirtilib ketardi. Deyarli barcha xonadondan hasharchilar chiqqan. Biz — xotin-qizlar uzun ko‘ylaklarni kiyib chiqar edik. Ko‘ylaklarimizning etagi og‘ir mehnat ortidan titilib ketardi. Erkaklar asosan qopda, ayollar esa chelakda tuproq tashirdik. Kanalda men bilan birga ishlagan tanishlarimning ko‘pi olamdan o‘tib ketdi.
O‘sha kunlari Oxunjon qiziq, Yusufjon qiziq, Ma’murjon Uzoqov, Jo‘raxon Sultonov, Mukarrama Turg‘unboyeva kabi san’atkorlar kelib, hasharchilarning kayfiyatini ko‘tarib turishgan. Kanal bitgach, kolxozda 4-5 raisning qo‘lida ishladim”, — deya hikoya qildi u.
1912 yilda tug‘ilgan aya 4 nafar farzand ko‘rgan — 3 o‘g‘il, bir qiz. Bir o‘g‘li olamdan o‘tgan.
“Bir o‘g‘lim kolxozchi, yana biri esa shifokor bo‘lib ishlab, nogiron bo‘lib qoldi. “Bir etak” nevara, chevara, evaralarim bor. Ular uyimga kelsa, sig‘ishmaydi ko‘pligidan”, – deydi suhbat chog‘ida Salimaxon Yusupova.
Salimaxon ayaning 73 yoshli o‘g‘li Rahmonali Abdullayev onasining shu yoshida ham ancha tetikligini ta’kidlaydi:

“Yaratganga shukr, onajonimiz 111 yoshga kirdi. Bizning baxtimiz, davlatimiz shu onamiz. U kishi bor ekan, bizdan boy odam yo‘q.
Yaxshi eslayman, markazda non sotadigan do‘kon bo‘lardi. Bir kishiga bitta non berilardi, onam bilan non olay deb borardim, ikkimiz ikkita non ko‘tarib qaytardik.
Onamning ko‘zlari haligacha juda yaxshi ko‘radi, birovning qorasi ko‘rinsa, taniydi. Yirikroq yozuvli gazetalarni ham o‘qiy oladigan. Xotiralari ham yaxshi, mening esimda yo‘q narsalarni ham yodda saqlab yuradi.
Bosh bo‘lib yuribdilar bizga. Hozir ham bilmagan narsalarni o‘rgatadi kelinlarga. Tomorqa, ekinlarni parvarish qilish bo‘yicha ham bir nimalarni tayinlab turadi”.
Salimaxon aya Yusupova 2020 yilda prezident farmoniga binoan “Shuhrat” medali bilan mukofotlangan.
Sarvar Ziyoyev,
Kun.uz
Montaj ustasi: Nuriddin Nursaidov
Tavsiya etamiz
Tramp qamchini qo‘lga olyaptimi?
Jahon | 09:05 / 31.07.2025
Yangi eskrou tizimi. Bu uy-joy narxini yanada qimmatlashtiradimi?
Ko‘chmas mulk | 11:37 / 30.07.2025
Urush balosi: «Aeroflot»ni nega «buzishdi»?
Jahon | 23:22 / 29.07.2025
«Aeroflot»ga hujum. Bir kundan keyin nimalar ma’lum?
Jahon | 21:16 / 29.07.2025
So‘nggi yangiliklar
-
O‘zbekiston va Pokiston fuqarolarga viza rasmiylashtirish jarayonini soddalashtiradi
Turizm | 09:47
-
Putin sud qarorisiz rossiyaliklarning hisobraqamini bloklashga ruxsat berdi
Jahon | 09:45
-
Olib kirilayotgan biologik faol qo‘shimchalarda giyohvandlik vositalari mavjudligi aniqlanadi
O‘zbekiston | 09:20
-
Germaniya Rossiya tufayli piyodalarga qarshi minalarga qaytishni muhokama qilmoqda
Jahon | 08:46
Mavzuga oid

17:15 / 06.05.2025
“Buning gashti bor”: uyida ipak qurti boqayotgan oqbo‘yralik oila

11:00 / 04.05.2025
“Harakatim ko‘p, shuning uchun sog‘lomman” – 75 yoshli bog‘bon aya

16:06 / 13.03.2025
«Oltiariqdagi issiq bog‘» - issiqxonada o‘rik yetishtirayotgan eskiarablik bog‘bon hikoyasi

17:57 / 07.03.2025