O‘zbekiston | 09:51 / 13.02.2024
5946
3 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda onkologik kasalliklarni erta bosqichda aniqlagan tibbiyot brigadalari rag‘batlantiriladi

2024 yil 1 maydan viloyatda har bir aniqlangan holat uchun Tibbiyot muassasalarining moddiy rag‘batlantirish va rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 2 mln so‘m beriladi. 

Foto: Shutterstock

Qashqadaryoda onkologik kasalliklarni erta bosqichda aniqlagan tibbiyot brigadalariga har bir aniqlangan holat uchun beriladigan pul mukofoti miqdori ma’lum qilindi. Bu haqda prezidentning 2024 yil 9 fevraldagi tegishli qarorida keltirib o‘tilgan. 

Hujjatga ko‘ra, 2024 yil 1 maydan boshlab onkologik kasalliklarni erta bosqichda aniqlagan tibbiyot brigadalari har bir aniqlangan holat uchun Tibbiyot muassasalarining moddiy rag‘batlantirish va rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 2 million so‘m miqdorida rag‘batlantiriladi. Sog‘liqni saqlash vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2024 yil 1 martga qadar onkologik kasalliklarni erta bosqichda aniqlagan tibbiyot brigadalarini rag‘batlantirish tartibini tasdiqlashi belgilandi.

Prezident qarorida belgilanishicha, 2024 yil 1 martdan boshlab Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash tizimidagi tashkilotlarning mavjud quvvatlari doirasida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo viloyati filialining davlat bdyujyeti mablag‘lari hisobidan saqlanadigan o‘rin-joylar soni 220 tadan 300 taga oshiriladi. Shuningdek, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga qarashli Qarshi temir yo‘l shifoxonasining bino va inshootlari, tibbiy texnika hamda jihozlarini Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo viloyati filialiga beg‘araz o‘tkazish orqali ular birlashtiriladi. 

Qarorda Qarshi shahar tug‘uruq kompleksi o‘rnida 200 o‘rinli yangi tug‘ruq kompleksi qurish, Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash tizimidagi tashkilotlarning mavjud quvvatlari doirasida 50 o‘ringa mo‘ljallangan og‘ir gematologik, onkologik va klinik immunologik kasalliklar bilan xastalangan bemorlarga palliativ yordam ko‘rsatuvchi hududlararo xospis tashkil etish ham nazarda tutilgan.     

Oldinroq prezident raisligida 2024 yilda ta’lim, sog‘liqni saqlash, raqamlashtirish, madaniyat va sport sohalarida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilishda onkologiya bo‘yicha har bir erta aniqlangan holat uchun tibbiyot brigadalariga mukofot berish joriy qilinishi, bu tajriba 1 maydan Qashqadaryoda, kelgusi yildan boshqa hududlarda yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilingandi.

Mavzuga oid