O‘zbekiston | 21:15 / 26.12.2023
40384
3 daqiqa o‘qiladi

2024 yilda ishlab chiqariladigan Cobalt avtomobillari oldindan sotib bo‘lindi

UzAuto Motors 25-26 dekabr kunlari 93 mingdan ortiq Cobalt avtomobili uchun onlayn shartnoma berilganini ma’lum qildi. Aksariyat xaridorlar onlayn tizimdagi texnik muammolar sabab shartnoma ololmadi. Kompaniya bu muammolarga hakerlarni sababchi qilib ko‘rsatdi.

Foto: Autostrada

Chevrolet Cobalt avtomobillarining 2024 yildagi butun hajmi uchun shartnomalar tuzildi, deb ma’lum qildi UzAuto Motors.

26 dekabr soat 20:30 holatiga ko‘ra, Chevrolet Cobalt, Damas va Labo avtomobillari uchun jami 98,3 mingdan ortiq shartnomalar tuzilgan. Ularning 95 foizi (93 ming donadan ortiq) Chevrolet Cobalt avtomobiliga taalluqli.

“Chevrolet Cobalt avtomobillarining kontraktatsiyada mavjud butun hajmi uchun shartnomalar tuzilganini ma’lum qilamiz.

Ayni paytda UzAvtosavdo onlayn-savdo tizimi orqali Damas va Labo avtomobillariga shartnoma tuzish imkoniyati mavjud”, – deyiladi kompaniya axborotida.

Ishlab chiqaruvchi bir hafta ichida to‘lov qilinmagan holatlardagi avtomobillar qayta sotuvga chiqarilishi ehtimoliga aniqlik kiritmagan. Shartnoma tuzgan xaridorlar avtomobil qiymatining kamida 50 foizini 1 hafta ichida to‘lashi kerak. Bu oxirgi sana yangi yil kunlariga to‘g‘ri kelayotgani to‘lovlarni oxirgi bank kuni – 29 dekabrgacha amalga oshirishni taqozo qiladi.

“Avtostrada”ning qayd etishicha, onlayn shartnoma olish jarayonida jismoniy shaxslar bilan birgalikda, ular bilan teng shartlarda yuridik shaxslar, shu jumladan xususiy avtosalonlar ham avtomobil xarid qilish imkoniga ega bo‘lgan.

UzAuto Motors bu uchta model uchun kontraktatsiyani 22 dekabr kuni soat 12:00dan boshlab ochishini e’lon qilgan, lekin texnik nosozliklar sabab buning uddasidan chiqa olmagan edi. 25 dekabr, dushanba kuni kompaniya bayonot bilan chiqib, nosozliklarga kiberhujumlar sabab bo‘lganini bildirdi.

UzAvtosavdo platformasi orqali tashkil etilgan onlayn shartnoma berish tizimi 25 dekabr kunning ikkinchi yarmidan boshlab nosozliklar bilan bo‘lsa-da, ishlay boshladi, ammo aksariyat xaridorlar texnik muammolar sabab xaridni amalga oshirish uchun avtorizatsiyadan o‘ta olmadi.

Bu galgi shartnoma berish jarayoni ilk marta to‘liq onlayn shaklda o‘tkazilgani aytilyapti. UzAuto Motors har safar kontraktatsiya ochilganida avtosalonlarda ro‘y berayotgan ajiotajlar ortidan shunday qarorga kelgan.

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilning 11 oyida 104 574 dona, 2022 yil davomida esa 101 617 dona Cobalt avtomobili ishlab chiqarilgan. O‘tgan yili 87 105 dona, joriy yilning 11 oyida 74 163 dona ishlab chiqarilgan Lacetti-Gentra esa ishlab chiqarishdan olingani aytilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil oktyabrida, General Motors International kompaniyasi prezidenti Shilpan Aminning Asakaga tashrifi vaqtida, Cobalt va Damas avtomobillarining har birini ishlab chiqarish quvvatini 150 ming donagacha oshirilishi haqida e’lon qilingandi.

2023 yil 25 dekabr kuni imzolangan hukumat qarori bilan, UzAuto Motors 12 oy ichida 2 tadan ko‘p avtomobil uchun shartnoma olgan xaridor bilan keyingi 12 oy davomida aynan shu modellar bo‘yicha shartnoma tuzmaslik huquqiga ega bo‘ldi.

Mavzuga oid