Jahon | 21:08 / 20.12.2023
8527
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiyada halokatli zilzila keltirgan zarar miqdori e’lon qilindi 

Bu mamlakat YaIM 10 foizini tashkil qiladi. 

Foto: Getty Images

2023 yil fevral oyida sodir bo‘lgan zilzilalardan Turkiyaga yetkazilgan zarar 110 milliard dollarni tashkil etdi. Bu haqda mamlakat Ekologiya va shaharsozlik vaziri Mehmet O‘zhaseki ma’lum qildi. Uning so‘zlarini Gazete Pencere keltirdi. 

«6 fevraldagi zilzilalardan ko‘rgan jami yo‘qotishlarimiz 110 milliard dollarga baholanmoqda. Mamlakatimiz hududining 66 foizi, fuqarolarining 71 foizi birinchi va ikkinchi toifadagi zilzilalar xavfi ostida», dedi vazir parlamentda.  

Bu mamlakat YaIM 10 foizini tashkil qiladi. 

O‘zhaseki Istanbuldagi ehtimoliy zilzilaga tayyorgarlik doirasida yo‘l xaritasi yaratilganini aytdi. 

«U besh yil davomida 1,5 million binoni rekonstruksiya qilishni nazarda tutadi», deb aniqlik kiritdi vazir. 

Uning qo‘shimcha qilishicha, dastlabki bosqichda 300 mingga yaqin uy-joy qurish mo‘ljallanayotgan hududlar allaqachon tanlab olingan. Vazir bu ish qachon yakunlanishini aytmadi. 

6 fevral kuni Turkiya janubi-sharqidagi Qahramanmarosh viloyatida bir necha soat ichida 7,7 va 7,6 magnitudali vayronkor zilzilalar sodir bo‘ldi. Yer silkinishlari Turkiyaning boshqa viloyatlari bilan bir qatorda qo‘shni davlatlarda ham kuzatildi. Oqibatda, bir qator shaharlarda ko‘plab binolar vayron bo‘ldi. Voqea qurbonlari soni 50 mingdan oshib, 115 mingdan ortiq kishi jarohat olgan edi.

Mavzuga oid