O‘zbekiston | 16:55 / 11.12.2023
9734
3 daqiqa o‘qiladi

Pensiya miqdorini hisoblashda ustama va mukofot pullari ham inobatga olinadimi?

Ish haqiga qo‘shimcha ravishda to‘langan ustama va mukofot pullari pensiya hisoblashda inobatga olinadi. 

Foto: Kun.uz

Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 13 oktyabrdagi 592-son qarori bilan tasdiqlangan “Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi nizomining 82-bandiga muvofiq:

  • pensiya hisoblashda ish haqi tarkibiga, shuningdek, ish haqining natural qismiga 2019 yil 1 yanvarga qadar bo‘lgan davr uchun qonunchilikka muvofiq sug‘urta badallari;
  • 2019 yildan keyingi davr uchun O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 371-moddasida ko‘rsatilgan mehnatga haq to‘lash tarzidagi barcha daromadlar kiritiladi.

Ya’ni fuqarolarning mehnat faoliyatlari davomida olgan ish haqlariga qo‘shimcha ravishda to‘langan ustama va mukofot pullari pensiya hisoblashda inobatga olinadi.

Ma’lumot uchun, 2023 yil 1 yanvardan boshlab pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal miqdori, ya’ni yuqori chegarasi pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining o‘n barobaridan o‘n ikki barobarigacha oshirilgandi.

Avvalroq, 1 dekabrdan ish haqi, pensiyalar va ijtimoiy nafaqalar miqdori 7 foizga oshirilishi xabar qilingandi. Xususan, ayni paytda pensiya va nafaqalarning bazaviy miqdori quyidagicha:

  • pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori – 372 ming so‘m;
  • yoshga doir eng kam pensiya miqdori – 725 ming so‘m;
  • nogironlik pensiyalari, jumladan ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori – 800 ming so‘m;
  • mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi va bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa – 800 ming so‘m;
  • belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdori – 800 ming so‘m;
  • zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi fuqarolarga beriladigan nafaqa – 608 ming so‘m; 
  • ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda – 608 ming so‘m;
  • o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga beriladigan nafaqa miqdori – 608 ming so‘m.

Mavzuga oid