Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Muammolarimiz hamon jadidlarnikiga juda o‘xshash” - Bahrom Irzayev
“Vaqt jihatdan 100 yil o‘tdi, lekin muammolar, g‘oyalarimiz hamon jadidlarnikiga juda o‘xshash”, deydi tarixchi Bahrom Irzayev. Professor Saidakbar A’zamxo‘jayev jadidlar avvalo ta’limga asosiy urg‘u bergani, bu esa hozir ham eng muhim muammolarimizdan biri ekanini ta’kidladi.

11 dekabr kuni Toshkentda jadidlar hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan anjuman o‘z ishini boshladi. Kun.uz muxbiri tadbir doirasida tarixchi Bahrom Irzayev va O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professori Saidakbar A’zamxo‘jayevga jadidchilik g‘oyalarining qayta o‘rganilishiga ehtiyoj va Turkiston muxtoriyatining zavoli haqida so‘radi.
— Hozirgi kunda dunyo hamjamiyatining o‘zbek jadidlariga nisbatan e’tibori qanday bo‘lyapti va sizningcha, nega jadidlarning g‘oyalari qayta o‘rganilyapti?
Bahrom Irzayev:
— Qaysidir ma’noda dunyo o‘ziga ma’no qidirayotgandir. Balki 100 yil oldingi masalalarga o‘xshash voqealar hozir ham yuz berayotgandir. Haqiqatan ham bugun biz jadidlarning g‘oya masalasidagi fikriga ko‘proq duch kelyapmiz. Masalan, ularning she’ri, dramasi yoki asarlari bugungi hayotimizga yaqin. Xuddi shu yaqinlik boshqa davlatlarda ham bor. Ya’ni insoniyat juda uzoqqa ketgani yo‘q. Vaqt bo‘yicha 100 yil o‘tdi, lekin sifat, muammolar bo‘yicha, bitta biz emas, butun dunyo juda uzoqqa ketgani yo‘q.
Saidakbar A’zamxo‘jayev:
— Bugun xorijdan, Amerika, Germaniya va bizning qo‘shni respublikalardan aynan shu jadidchilik masalasida 100-105 yil oldingi voqealar haqida kitob yozgan mutaxassislar kelgan. Jadidchilik faqat Turkiston emas, keng miqyosda bo‘lgan va bizning jadidlarimiz 20-asr boshlarida ta’lim tizimida yangiliklar kiritishga e’tibor qaratishdi. Bugun ham ta’lim eng muhim masala bo‘lib turibdi.
— 72 kun yashagan Turkiston muxtoriyatining umrini uzaytirish uchun bizda imkoniyat bor edimi va uning yakuniga sabab bo‘lgan omillar nima?
Saidakbar A’zamxo‘jayev:
— 1917 yil 26-27-28 noyabr kunlari Qo‘qonda o‘lka musulmonlarining favqulodda qurultoyi e’lon qilindi. Undan oldin, 14 noyabr kuni Toshkentda sovetlar o‘zining s’yezdini o‘tkazgandi. Va unda hokimiyat uchun musulmon aholisidan vakil kiritishga hali erta ekani va ular bunga tayyor emas degan fikr aytilgandi.
Bundan norozi bo‘lgan ziyolilar oradan 10 kun o‘tganidan keyin Qo‘qonda favqulodda qurultoy o‘tkazdi. Va mana shu 12 kishidan iborat Turkiston muxtoriyatini e’lon qildi. Shu bilan birga ular 27 noyabrda deklaratsiya ham tuzishdi. Noyabr, dekabr, yanvarda Turkistonda bo‘lgan qo‘shhokimiyatchilik sovetlarga yoqmadi. Ular markaz bilan bog‘lanib, ularga musulmonlar ham o‘ziga hokimiyat tuzganini yetkazishdi. Markazdan esa, biz proletariat, ishchilar saylagan hokimiyat tarafdorimiz, nima qilib bo‘lsa ham Qo‘qondagi muxtoriyatni tugatish kerak, degan xabar keladi. Shundan keyin Qo‘qon qurolli kuchlar bilan o‘ralib, 11 tomondan pushkalarda otildi.
Bu muxtoriyatni saqlab qolishga harakat qilindi, lekin qurolli kuchlar ustunlik qildi. U paytda Turkiston muxtoriyatida hali qurolli kuchlar tuzishga ulgurishmagandi.
— Turkiston muxtoriyatining parchalanishiga “Sho‘roi islom” jamiyatidan ulamolar jamiyatining ajralib chiqqani ham sabab bo‘lmadimi?
— Menimcha bunday emas. Chunki ulamochilar ham muxtoriyat tuzilishi tarafdori edi. “Sho‘roi ulamo” 1917 yilning o‘rtalarida bo‘lgan. Ayrim masalalarda ziddiyat bo‘lgan. Yosh va keksa avlod o‘rtasida diniy yoki demokratik davlat qurish bo‘yicha tortishuv bo‘lgan, lekin bu muxtoriyatning parchalanishi uchun asosiy sabab emas edi.
Bahrom Irzayev:
— “Sho‘roi ulamo”ning ba’zi liderlarini biz bilamiz, ba’zilarini bilmaymiz. Sababi imperiya dindan foydalangan. Ba’zi bir odamlarga katta diniy rutba, unvon berib, o‘zining mansabi maqsadi yo‘lida islomdan foydalangan. Shuning uchun bu g‘oyani ko‘targanlar muqarrar panturkizmda ayblanib, hattoki uning yonida yurganlar ham jazoga tortilgan. Bugun esa davlatning o‘zi bunga qarashga ehtiyoj sezyapti.
Tavsiya etamiz
“Rossiya urushga chuqur kirib ketdi, undan chiqishi imkonsiz” - siyosatshunos
Jahon | 18:20 / 28.07.2025
Ukrainada siyosiy inqiroz. Nega bunday bo‘ldi va buyog‘iga nima bo‘ladi?
Jahon | 17:56 / 27.07.2025
Davlat oliygohlari uchun kvotalar tasdiqlandi
O‘zbekiston | 23:49 / 25.07.2025
O‘zbekistonda pensiya miqdori qanday hisoblanadi? – muhim savollarga javoblar
O‘zbekiston | 23:34 / 25.07.2025
So‘nggi yangiliklar
-
“Asialuxe Travel” kompaniyasi “Yoz, shoshma!” aksiyasini e’lon qiladi
O‘zbekiston | 09:00
-
O‘zbekistonning birinchi elchisi Shri-Lanka prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi
O‘zbekiston | 09:14
-
Vuchich rejissyor Kusturitsani davlat to‘ntarishiga urinishda aybladi
Jahon | 08:31
-
OAV: O‘zbekistonga 2017-2024 yillarda 188 mlrd dollar investitsiya kiritildi
Iqtisodiyot | 07:51
Mavzuga oid

22:37 / 19.07.2024
Siyosiy qatag‘on qurbonlarini yod etish haftaligi o‘tkaziladi

12:37 / 20.06.2024
“Jadidlarimizning mag‘rur va g‘olib qiyofalarini chizishimiz kerak” – kinorejissyor Jahongir Ahmedov

19:42 / 20.02.2024
Umri qisqa bo‘lgan Turkiston muxtoriyati. Uning yetakchilari taqdiri qanday kechgan?

17:49 / 05.01.2024