Xitoyda bolalar pnevmoniyasi bilan bog‘liq vaziyat og‘ir emas – JSST
Bolalarda pnevmoniya bilan kasallanish holatlari ko‘payishi munosabati bilan g‘ayrioddiy yoki yangi patogenlar aniqlanmagani ta’kidlanmoqda.

Foto: Reuters
Xitoyda nafas yo‘llari kasalliklarining tarqalishi COVID-19 pandemiyasi davridagidek yuqori emas. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) Epidemiya va pandemiyaga tayyorgarlik va profilaktika departamenti direktori vazifasini bajaruvchisi Mariya Van Kerkxove ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, bolalarda pnevmoniya bilan kasallanish holatlari ko‘payishi munosabati bilan g‘ayrioddiy yoki yangi patogenlar aniqlanmagan, deb yozdi Reuters.
JSST vakilining aytishicha, nafas olish yo‘llari kasalliklarining ko‘payishi patogenlarning aylanishi bilan bog‘liq. Shuningdek, kasallanishning ko‘payishi COVID-19 cheklovlarining bekor qilinishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
«Nafas olish tizimi kasalliklarining hozirgi cho‘qqisi 2018-2019 yillardagidek yuqori emas. Shuningdek, yangi patogenning paydo bo‘lishidan darak yo‘q», deb ta’kidladi Van Kerkxove.
Xitoy Milliy sog‘liqni saqlash komissiyasi vakili Mi Feng so‘zlariga ko‘ra, o‘tkir respirator kasalliklarning ko‘payishi bir vaqtning o‘zida bir necha turdagi patogenlarning aylanishi bilan bog‘liq, asosiysi — gripp.
Avvalroq, JSST Xitoyda bolalarda respirator kasalliklari bo‘yicha va qayd etilgan pnevmoniya klasterlari (o‘choqlari) ko‘payishi haqida rasmiy so‘rov yuborgan edi. Xitoy sog‘liqni saqlash idoralari bolalardagi pnevmoniyaning ko‘payishi bilan bog‘liq holda hech qanday g‘ayrioddiy yoki yangi patogenlar aniqlanmagani haqida javob berdi.
Mavzuga oid

20:10
JSST: Har yili havo ifloslanishi oqibatida 7 millionga yaqin odam vafot etmoqda

15:39
Xitoy AQSh qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bojlar joriy qildi

12:02
Bosh vazir matbuot kotibi O‘zbekistonda «xitoyliklar ko‘payib ketayotgani» haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi

22:37 / 10.03.2025