Sun’iy intellekt tufayli insoniyat uch kunlik ish haftasiga o‘tadi – Bill Geyts
Milliarder so‘zlariga ko‘ra, qachonlardir odamlar «bu qadar ko‘p mehnat qilishi shart bo‘lmagan» kunlar kelishi mumkin.

Foto: Getty Images
Microsoft asoschilaridan biri, milliarder Bill Geytsning fikricha, sun’iy intellektning (AI) rivojlanishi insoniyatga uch kunlik ish haftasiga o‘tish imkonini beradi. Bu haqda u 21 noyabr kuni aytib o‘tdi. Uning so‘zlarini Business Insider keltirdi.
Sun’iy intellektning rivojlanishi ish joylariga tahdid soladimi degan savolga javob berarkan, Geyts qachonlardir odamlar «bu qadar ko‘p mehnat qilishi shart bo‘lmagan» kunlar kelishi mumkinligini aytdi. Uning taxmin qilishicha, «mashinalar oziq-ovqat va boshqa hamma narsani ishlab chiqaradigan» davr yetib keladi.
«Agar yakunda haftasiga atigi uch kun ishlash kerak bo‘lgan jamiyatga yetib borsak, menimcha, bu juda yaxshi», dedi Geyts.
Avvalroq, Geyts AI rivojlanishi bilan ba’zi ishchilar qo‘llab-quvvatlash va qayta tayyorlashga muhtoj bo‘lishini, buni hukumatlar va kompaniyalar hal qilishi kerakligini aytgan edi.
«Men sun’iy intellektning ta’siri sanoat inqilobi kabi katta bo‘ladi, deb o‘ylamayman, lekin bu, albatta, shaxsiy kompyuter paydo bo‘lishi kabi olamshumul voqea bo‘ladi», dedi u.
Oktyabr oyida JPMorgan moliyaviy korporatsiyasi rahbari Jyeymi Daymon ham sun’iy intellekt rivojlanishi bilan ish haftasining davomiyligi qisqarishini aytgan edi.
«Farzandlaringiz 100 yoshgacha yashaydi va texnologiya tufayli saraton kasalligiga chalinmaydi va ular katta ehtimol bilan haftada uch yarim kun ishlaydi», dedi u.
Turli ijtimoiy so‘rovlar shuni ko‘rsatdiki, ko‘pchilik sun’iy intellekt tufayli ishsiz qolishi yoki maoshi qisqarishidan qo‘rqadi. Masalan, Qo‘shma Shtatlarda so‘rovda qatnashgan ishchilarning 79 foizi AI tufayli maoshi kamayib ketishidan qo‘rqishini ma’lum qildi.
2023 yil mart oyida Tesla bosh direktori Ilon Mask, Apple asoschilaridan biri Stiv Voznyak va mingdan ortiq ekspertlar umumiy xavfsizlik protokollari joriy etilgunga qadar ilg‘or sun’iy intellektni rivojlantirishni kamida olti oyga to‘xtatib turishga chaqiruvchi ochiq xatni imzoladi. Bill Geyts ularni qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortdi va bunday chaqiriqlar «muammoni hal qilmasligini» va AI insoniyatga foyda keltirishini aytdi.
Mavzuga oid

18:26
Xitoydagi muhim imtihonlar paytida sun’iy intellekt ilovalari o‘chirib qo‘yildi

19:01 / 03.06.2025
Microsoft 6 ming xodimini ishdan bo‘shatganidan keyin yuzlab ishchilarini qisqartirdi

14:40 / 02.06.2025
O‘zbekiston va Malayziya sun’iy intellekt bo‘yicha qo‘shma dasturlar tashkil etadi

19:53 / 28.05.2025