Frontdagi vaziyat: yil oxirigacha Ukrainadagi urush davom etish-etmasligi ma’lum bo‘lishi kerak
Ukraina QK Dniproning so‘l qirg‘og‘ida platsdarmni kengaytirmoqda va Avdiyivka ostonasida qarshi hujumga o‘tdi. Ukraina Rossiyaning yana ikki katerini cho‘ktirdi, bu esa ularga desant tushirishni osonlashtirishi mumkin.

Foto: Ukraina qurolli kuchlari.
Rossiya esa Ukraina tomon yo‘l olgan xorijiy kemaga halokatli «ogohlantiruvchi o‘q uzish» amalga oshirdi. Rossiya havo hujumlarining davomiyligini bir necha karra uzaytirdi. Rossiyada ishlab chiqarilayotgan Shahed dronlari Eronnikidan ayyorroq chiqib qoldi. Ukraina noma’lum turdagi dronlar bilan Rossiyaning ichkarisiga hujum uyushtirishga muvaffaq bo‘ldi. Yevropaliklar esa yil oxiriga borib Ukrainada urushni davom ettirishdan ma’ni bor-yo‘qligini aniqlashtirib olish kerakligiga shama qilishmoqda.
Germaniyaning Bremen universiteti qoshidagi Sharqiy Yevropani o‘rganish markazi ilmiy xodimi Nikolay Mitroxin Ukraina frontida so‘nggi hafta ichida sodir bo‘lgan voqealarni tahlil qildi.
Ukraina QK Dniproning so‘l qirg‘og‘ida platsdarmni kengaytirmoqda
Frontdagi vaziyat Dnipro yo‘nalishining Krinki qishlog‘i atrofidan boshqa hamma joyda barqarorlashdi. UQK va RF QKning avvalgi «qaynoq» nuqtalardagi alohida hujumlari muvaffaqiyat keltirmagan.
Krinki qishlog‘i atrofida Ukraina QK ilgarilash namoyish etmoqda. Birinchidan, Rossiya manbalariga ko‘ra, UQK alohida zirhli texnikalarga ega brigadalarni so‘l qirg‘oqqa olib o‘ta boshlagan, bu esa hududda platsdarm juda chuqurlashganidan, qo‘shimcha hujum quvvatini ta’minlovchi texnikalardan foydalanish va ularni berkitish mumkinligidan dalolat beradi.
Ikkinchidan, UQK qishloqning markazida muvaffaqiyatga erishib, janubroqdagi daraxtzorlarni egallagan va u yerda yangi tayanch punktlari barpo etgan. Bu esa rossiyaliklarning kelgusidagi qarshi hujumlariga qarshi mustahkam o‘rnashib olish imkonini beradi. Rossiya qo‘mondonligi o‘rta muddatli istiqbolda so‘l sohilda qishda yirik operatsiya o‘tkazish imkonini beruvchi bunday platsdarmlar paydo bo‘lishiga aslo ko‘nmaydi. To‘g‘ri, tan olish kerak, UQKning kelgusi harakatlari hozircha depsinib qoldi, Rossiya harbiylari bu yerda pistirma qo‘yib, birvarakayiga 11 ukrain askarini asirga olishgan.
Asirlar haqida. Ukraina qo‘mondonligi hafta ichida yana bir rossiyalik harbiy asirlar koloniyasi ochilganini e’lon qildi, chunki asirlar soni oshib bormoqda, ularni joylashtirishga esa joy yo‘q – tomonlar o‘rtasida asirlar almashinuvi to‘xtab qolgan. Chindan ham, avval tomonlar har oyda muntazam ravishda o‘nlab, hattoki yuzlab harbiy asirlarni almashib turishgan bo‘lsa, uch oydan buyon bunday almashinuvlar amalga oshmayapti. Bu jarayon to‘xtatilgani sabablari oshkor etilmayapti. Bu «g‘alla bitimi» uzilib qolgani va uning ortidan rus-ukrain kelishuvlarining katta qismi to‘xtab qolgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

UQK o‘z navbatida Xerson oblastining Hladkovka qishlog‘ida ruslarning o‘q-dorilar ortilgan butun bir avtojamlanmasi (11 ta yuk mashinasi) yo‘q qilingani haqidagi videotasvirlarni e’lon qildi. Bu Dnipro daryosining so‘l qirg‘og‘idagi Hola Pristan aholi punktidan 20 km berida, Qora dengiz sohilidagi Skadovsk tomon yo‘lda ro‘y bergan. Bu yerda Rossiya yo‘qotishlarining ko‘lami emas, Ukraina dronlari Rossiya front chizig‘i ortida shunchalik uzoq vaqt turib, artilleriyaga o‘t ochish uchun nishon ko‘rsatayotgani qiziq. Bu Rossiya radioelektron kurash vositalari har doim ham o‘z vazifasini bajara olmayotganidan dalolat bermoqda.
Dnipro frontidagi vaziyat rossiyalik urush targ‘ibotchilarini ham tashvishga solmoqda. Ular qo‘mondon almashtirilishi (Makarevich o‘rniga Teplinskiy) ham Rossiya qo‘shinlarining bu yo‘nalishdagi resurs ta’minoti va taktikasini tubdan qayta ko‘rib chiqishga olib kelmaganini qayd etishdi. Ruslar qirg‘oqoldi hududida radioelektron kurash bilan ta’minot, HHM va o‘t ochib chalg‘itish borasida UQKga barcha jabhalarda yutqazishmoqda. Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, UQK aviatsiyasi frontning ayrim qismlarida Dnipro daryosi ustidan ham uchib o‘tmoqda, bunaqasi ilgari bo‘lmagan va bu hol yuzaga kelishiga sabab Rossiya HHM tizimlari 300 kilometrga cho‘zilgan frontni to‘liq qoplashga yetmayapti. RF QK Krinkidagi ukrain pozitsiyalariga qarshi «Solnsepyok» og‘ir o‘t ochish tizimlarini qo‘llamoqda, biroq ayni vaziyatda UQK bu qimmatbaho va kamyob, ura olish masofasi qisqa bo‘lgan, shu sababli front chizig‘iga yaqin joylashtirilgan tizimlarni aniq nishonga olishi xavfi yuqori.
Avdiyivka ostonasida Rossiya qo‘shinlari mudofaaga o‘tishdi: UQK kichikroq muvaffaqiyatlar bilan qarshi hujum qilmoqda. Garchi RF QK shimolda biroz siljishga erishgan, muhim temiryo‘l ko‘tarmasini egallab, Stepove qishlog‘i chegaralariga yaqinlashgan bo‘lsa ham. Ukraina pabliklarida vayron qilingan Avdiyivka manzaralari tasvirlari ko‘paymoqda va bu bilan shahar topshirilishiga shama qilinmoqda.
Ukraina Rossiya kemalarini cho‘ktirishda davom etmoqda
UQK (va dengiz dronlarini boshqarayotgan UXX) so‘nggi vaqtlarda haftada bir marta Rossiya flotiga hujum uyushtirish majburiyatini olishgandek. 10 noyabr kuni Rossiya kemalari Qrim g‘arbidagi Chernomorskoye posyolkasidagi Uzkaya bandargohida cho‘ktirildi, shundan so‘ng Chernomorskoyedagi kazarmaga «Neptun» raketasi bilan zarba berildi, ammo u Rossiya HHM tizimi tomonidan urib tushirilgan. So‘ngra bon to‘siqlari bilan ham himoyalanmagan bandargohga to‘rtta dengiz droni kirib borgan.
Natijada 1176 loyihasidagi «Akula» va 11770 loyihasidagi «serna» tezyurar desant katerlari ustiga ortilgan zirhli texnikalar bilan birga cho‘ktirilgan. Bu katerlar RF Mudofaa vazirligi va FXX tomonidan Qora dengiz orollaridagi bo‘linmalarni qo‘llab-quvvatlash va tashish uchun ishlatilgan.
Bu katerlar yo‘q qilinishi — Ukraina QKning Qrim g‘arbiy qirg‘og‘idagi Rossiya harbiy obektlari va HHM vositalarini yo‘q qilish bo‘yicha harakatining davomi, bu ukrainlarga ushbu hududda, eng avvalo Tarxonkut burnida desant tushirish imkonini yaratadi. Bir vaqtning o‘zida Dnipro deltasida Ukraina desant operatsiyasi uchun shart-sharoitlar yetilib bormoqda. Bu katerlar aynan mana shunday desantlarga qarshi kurashishi kerak edi.
RF QK o‘z navbatida 8 noyabr kuni X-31 aksilradiolokatsion raketa bilan Odessadan sal naridagi Yujniy portiga temir rudasi yuklash uchun Liberiya bayrog‘i ostida kirib kelayotgan KMAX Ruler yuk tashuvchi fuqarolik kemasiga hujum qilgan. Filippin fuqarolari bo‘lgan kema ekipaji yaralangan, lotsman halok bo‘lgan. Ukraina infratuzilma vaziri Oleksandr Kubrakovning aytishicha, bu Rossiyaning «G‘alla bitimi»dan chiqqanidan so‘ng 21-maqsadli hujumi bo‘lgan. Shu vaqt ichida Rossiya harbiylari Ukrainaning port infratuzilmasiga tegishli 160 dan ortiq obektni vayron qilgan.

Bu yerda muhim jihati shundaki, bu — Ukrainaga tegishli bo‘lmagan yuk kemasiga g‘alla bitimi uzilganidan so‘ng maqsadli zarba berilgan ilk holat. Buni Rossiya nazorati ostida bo‘lmagan, avgust oyidan boshlab yo‘lga qo‘yilgan sohiloldi yo‘lagidan foydalanayotgan qolgan xorijiy kemalarga o‘ziga xos ogohlantirish sifatida qabul qilish mumkin.
Rossiya havo hujumlari holdan toydiruvchi ko‘rinishga ega bo‘lmoqda
Rossiya Ukraina harbiy va fuqarolik infratuzilmasiga raketalar va zarbdor dronlar bilan hujum qilishda davom etmoqda. 11 noyabrga o‘tar kechasi so‘nggi ikki oy ichida ilk marta Kiyev oblastiga «Iskander» raketalari bilan zarba berilgan. Ukraina ma’lumotlariga ko‘ra, ballistik trayektoriya bo‘yicha uchgan raketalar urib tushirilgan, Rossiya ma’lumotiga ko‘ra, raketa diviziyalardan birining o‘q-dori omborini aniq nishonga olgan. Voqea joyidan olingan fotolarga nazar solinsa, zarbalardan talafot ko‘rgan elita posyolkasidagi uchta bino Rossiya versiyasi foydasiga dalolat berayotganini ko‘rish mumkin.
Umuman olganda, Rossiya raketalari va dronlarni tutib olish foizi kamayib bormoqda. Ukraina havo kuchlari qo‘mondonligining matbuot uchun bergan rasmiy bayonotiga ko‘ra, 10 noyabrdan 11 noyabrga o‘tar kechasi janubiy va sharqiy oblastlarga qarata uchirilgan Rossiyaning 31 ta zarbdor dronlaridan 19 tasi urib tushirilgan. O‘sha kuni tunda uchirilgan X-31, P-800 «Oniks» va S-300 raketalari urib tushirilgani haqida ma’lumot e’lon qilinmagan.
Ukraina nashrlari bu borada o‘z o‘quvchilarida bir-biridan noxush yangiliklarni bildirishda davom etmoqda. Rossiyaning «havo-yer» raketalari tashuvchisi bo‘lgan MiG-31K qiruvchi samolyotlari havoda yonilg‘i qo‘yish mashqini o‘tab, parvoz vaqtini ikki barobarga uzaytirib olgan. Avval havo trevogasi o‘rtacha 20 daqiqa davom etgan bo‘lsa, endi bu bezovtalik ikki yarim soatgacha cho‘zilmoqda.
Radioelektron kurash sohasidagi ukrainalik mutaxassislar Rossiyada ishlab chiqarilayotgan «Geran» dronlarining Eronning Shahed dronlaridan farqi Xitoydan xarid qilingan yangi navigatsiya tizimida ekanini aytishmoqda. Ayrim modellarda 850 ta kanalga ega priyomniklardan foydalanilmoqda va u GPS-navigatsiyaning barcha signallarini qabul qila oladi. Bu navigatsiya bloklarini «Aliekspress»da 500 dollarga xarid qilish mumkin. Bundan tashqari, Rossiya Shahed’larida GPS modulining radioelektron kurashga qarshi mustahkamroq himoyasi o‘rnatilgan va signal qabul qilishning yangi diapazonlaridan foydalanilmoqda — bularning barchasini ruslarni o‘zlari ishlab chiqargan. Umuman olganda, Shahed’larga bosim uyushtirish, yo‘ldan adashtirish endi qiyinroq bo‘ladi va uni urib tushirishdan o‘zga chora yo‘q. Bu ham murakkab vazifa, chunki Rossiya operatorlari dronning dastlabki parvozi bosqichida uning yo‘nalishini aniqlay olmasliklari uchun ularga soxta fintlar joylashtirishmoqda.

Ukraina uzoq va shubhasiz og‘ir qishdan avval zudlik bilan sovet davrida ishlab chiqarilgan, o‘q-dori topish ham qiyinlashib qolgan HHM tizimi vositalaridan voz kechib, o‘zining HHM tizimini qayta konfiguratsiya qilish va to‘ldirib olishga urinmoqda. Havo kuchlari spikeri Yuriy Ignatning bayonotiga ko‘ra, mamlakat uchinchi Patriot divizioniga ega bo‘ladi, shuningdek, yangi IRIS-T, NASAMS va Hawk komplekslarini oladi. Muddatlar ma’lum qilinmagan. Bu juda pozitiv yangilik, chunki Patriot — Ukrainaning yirik shaharlariga Rossiya tomonidan raketa yog‘dirilishiga qarshi yagona jiddiy kafolat. Ikkita NASAMS mashinalari hafta ichida Litva tomonidan yetkazilgan va allaqachon HHM tarkibida ish boshlagan.
Ukrainaliklarning yana bir umidi g‘arb davlatlari tomonidan yetkazilishi kerak bo‘lgan harbiy aviatsiyadan. Ayrim samolyotlar mamlakat hududiga allaqachon olib kirilgan. Boshqalarida — ayniqsa chegaraoldi davlatlarda ukrainalik uchuvchilarni o‘qitish davom etmoqda. Rossiya manbalari yangi yilgacha Ukraina HHK tarkibi g‘arbning 12 ta qiruvchi samolyotlari bilan to‘ldirilishidan xavotirda. O‘z o‘zidan ko‘rinib turibdiki, Rossiya raketalari va zarbdor dronlarini ichki havo kengliklarida tutib olish bu samolyotlarning eng muhim vazifalaridan biri bo‘ladi.
UQK o‘z navbatida Qrimda va ung yondosh okkupatsiya ostidagi hududlarda samarali va tizimli hujumlarni uyushtirmoqda.
Yuqorida tilga olib o‘tilgan Chernomorskoye posyolkasidan tashqari, 10 noyabr kuni ertalab Skadovskega berilgan zarbaga ham diqqat qilish kerak. Ukraina harbiylari bu yerda RF Tergov qo‘mitasi 126-harbiy tergov bo‘linmasi majlisi o‘tkazilayotgan binoga aniq zarba berishgan. Ukraina ma’lumotlariga ko‘ra, kamida 8 kishi o‘ldirilgan, o‘n kishi yarador qilingan. Rossiya tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, o‘n bir kishi «jabrlangan». Voqea joyida olingan videokesmalarda kuchli vayron qilingan bino ichida kamida uch kishining jasadi ko‘zga tashlanadi.
11 noyabrga o‘tar kechasi Ukraina so‘nggi bir yarim oy ichida ilk bor Rossiyaning ichki oblastlariga samarali zarba bera olgan. Katta quvvatga ega dronlar galasi Kotovsk shahridagi Tambov porox zavodiga, shuningdek, Moskva ostonasidagi Kolomna shahridagi mashinasozlik konstruktorlik byurosiga yopirilgan. Har ikki holatda Ukraina dronlari uchun xos bo‘lmagan kuchli portlashlar va yong‘inlar suratga olingan. Yana bir shunday dron Smolensk osmonida Rossiya HHM tizimi tomonidan urib tushirilgan. Hozircha aynan qanday drondan foydalanilgani haqida ma’lumot yo‘q, lekin gap yaqinda anons qilingan, uzoqroq ucha oladigan va ko‘proq portlovchi yuk tashiy oladigan ukraincha Shahed muqobili haqida ketayotgan bo‘lishi mumkin.
Urushning ehtimolli tugashi muhokamasi
O‘tgan haftada g‘arb va ukrain siyosatchilarining urushni tugatish va Ukraina va RF o‘rtasida muzokaralarni boshlash to‘g‘risida turlicha yo‘nalishdagi bayonotlar davom etdi. Bu o‘rinda eng jiddiysi Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning dekabr bunday istiqbollarga aniqlik kiritish uchun muhim oy bo‘lishi to‘g‘risidagi bayonoti bo‘ldi.
Ukraina tomonidan harbiy harakatlarni to‘xtatish tomon yo‘l ko‘zga tashlanib turibdi — g‘arb hukumatlari kelgusi yilda mamlakatni moliyalashtirishni qisqartirmoqda. AQShda bu boradagi budjetni tasdiqlay olishmayapti. Yevropa Ittifoqining Ukrainani 4 yil ichida 20 mlrd yevro bilan moliyalashtirish rejasi eng avvalo Germaniyaning pozitsiyasi tufayli barbod bo‘ldi. Biroq ular kelgusi yil Ukrainaga harbiy yordam miqdorini ikki barobar oshirib, 8 mlrd yevroga yetkazishni mo‘ljallamoqda. Yevropadagi eski harbiy texnikalar zaxiralarining barchasi yoki deyarli barchasi Ukrainaga berib bo‘lingan, ishlab chiqarishni qat’iy oshirishga esa Yevropada ham moliyaviy, ham tashkiliy jihatdan tayyor emasliklari aniq bo‘ldi. Kelgusi yil martigacha Ukrainaga yetkazilishi lozim bo‘lgan million dona snaryaddan hozirgacha yarmi ham yetkazilmagan.
Biroq hozirgacha Ukrainaga g‘arb tomonidan yetkazib berilgan texnikalarning juda katta qismidan urushda foydalanilmagan, shu sababli Makron Ukraina armiyasi yil so‘ngiga qadar frontda shu paytgacha qilib ko‘rmagan nimadir o‘zgarish qilishi mumkinligidan umidlanmoqda.

NATOning sobiq bosh kotibi Anders Rasmussen The Guardian nashriga bergan sharhida shu yil yozida ko‘p muhokama bo‘lgan, Ukrainani o‘zi real nazorat qilayotgan hududlarida NATOga a’zo qilish to‘g‘risida tushunarli tashabbus bilan chiqqan. Bu ukrainlarni qolgan hududlardan ajralib qolish xavfidan xalos etadi va front chizig‘iga ko‘proq qo‘shin to‘plash imkonini yaratadi.
Rasmiy Kiyev «alohida yevropalik fuqarolar»ning bunday takliflarini rad etib keladi. Shuningdek, mamlakat prezidenti Zelenskiy va qurolli kuchlar bosh qo‘mondoni general Zalujniy o‘rtasida urushdagi «strategik boshi berk ko‘cha» borasida ixtilof borligini ham rad etadi.
Kiyevning ayni paytdagi rasmiy narrativi — «uzoq va og‘ir» urush istiqbollariga qaratilgan, bu esa G‘arbdan yangi resurslarni jalb etishni taqozo qiladi. Biroq, bu masalada Makron konkretroq gapirgan. Chindan ham Kiyev G7 davlatlari oldida o‘z harbiy taktikasining yil so‘ngiga qadar muvaffaqiyat keltirish yoki keltira olmasligini qayd etishi kerak, bu esa G‘arb bilan kelgusidagi hamkorlik istiqbollariga, urush davom etishi yoki tugashiga ham aniqlik kiritadi.
Tavsiya etamiz
Urush boshlandi, Netanyahu eronliklarni isyonga chorladi – hafta dayjesti
Jahon | 20:41 / 15.06.2025
«Siti» va «Real»da qayta qurish boshlandi. Yozning ilk haftalaridagi transferlar
Sport | 18:12 / 15.06.2025
AQSh–Eron muzokaralari taqdiri nima bo‘ladi?
Jahon | 23:29 / 14.06.2025
Parkentda 3 bola suvga cho‘kib halok bo‘ldi
Jamiyat | 20:35 / 14.06.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochiladi
O‘zbekiston | 12:14
-
Tramp «barcha»ni Tehrondan tezroq chiqib ketishga chaqirdi
Jahon | 12:12
-
Zelenskiy: Vena Rossiyadan bolalarni qaytarishda vositachilik qilishi mumkin
Jahon | 12:03
-
«Chelsi»ning yangi hujumchisi ishonchni oqlashni boshladi, Di Mariya va Otamendi «Benfika»ni qutqardi. Kun o‘yinlari
Sport | 11:48
Mavzuga oid

12:03
Zelenskiy: Vena Rossiyadan bolalarni qaytarishda vositachilik qilishi mumkin

11:00
Kiyevga dronlar zarbasi: kamida 14 kishi halok bo‘ldi

08:58
Kiyevga dronlar hujumi: kamida 18 kishi jarohatlandi

10:25 / 15.06.2025