Jahon | 10:32 / 23.10.2023
22269
10 daqiqa o‘qiladi

Eng ko‘p va kam sayyoh boradigan joylar – bu borada O‘zbekistonning holati qanday?

Koronavirus pandemiyasigacha bo‘lgan so‘nggi normal sayohat davri - 2019 yilda aholi, hudud jihatdan Andorra va Xitoyning Makao tumani eng ko‘p sayyohlarni jalb qilgan.

Kishi boshiga 37 nafar sayyoh

468 km² yer maydoni va 83 ming 523 nafar aholiga ega bo‘lgan Andorra har yili 3 mln nafar sayyohni qabul qiladi. Jahon turizm tashkilotining 2019 yildagi ma’lumotlariga ko‘ra, aholi jon boshiga 37 nafar turist to‘g‘ri keladi, bu o‘sha vaqtda qayd etilgan eng katta statistik raqam hisoblanadi.

Andorra – aholi jon boshiga hisoblaganda dunyo miqyosida eng ko‘p sayyohlarga ega davlat / Foto: The Telegraph

Fransiya va Ispaniya oralig‘ida joylashgan mitti davlat o‘zidagi mavjud aholidan ham ko‘proq sayyohni qabul qiluvchi dunyodagi 66 ta davlatdan biri sanaladi. Shuningdek, bu ro‘yxatga 17 mln 350 ming nafar sayyoh va 3 mln 890 ming nafar mahalliy aholiga ega Xorvatiya, 67 mln 30 ming fuqarosi va yiliga 39 mln 420 ming sayyohi bor Buyuk Britaniya ham kiritilgan. Qolaversa, Avstriya, Gretsiya, Daniya, Portugaliya va BAAga boradigan sayyohlarning yillik soni rezidentlarga qaraganda ikki baravar ko‘pligi ham aytiladi.

Andorra poytaxti – Andorra la Velya sayyohlar orasida hashamat, elektronika mahsulotlari, sigaretalar, shuningdek, arzonroq shaharligi bilan ham mashhur. Lekin mamalakatga tashrif buyuruvchilar soni kundan kunga ortib borayotgani faqat bular bilan bog‘liq emas.

Andorrada soliq tizimi ancha yengillashtirilgan, shu sababli ham mamlakat, ayniqsa, Fransiya va Ispaniya fuqarolari uchun jozibali. 

Sayyohlar Andorraning poytaxtiga asosan arzon narxdagi hashamat tovarlarini sotib olish uchun borishadi / Foto: The Telegraph

Qolaversa, Andorra o‘zining toza havosi va go‘zal tabiati bilan ham sayohatchilarni o‘ziga jalb qilib kelgan. Hudud tog‘lardan iboratligi sabab qish mavsumida aholi uchta chang‘i zonasiga: Grandvalira, Ordino Arkalis va Pal-Arinsalga boradi. Yozda esa velosipedda sayr qilishni afzal ko‘rishadi.

Kichkina, ammo “bag‘ri keng” hudud – Makao

Andorra aholi jon boshiga hisoblaganda eng ko‘p sayyohga ega mamlakat bo‘lishi mumkin, ammo hudud jihatdan unday emas. Chunki mahalliy yashovchilar “qochib qutilishi” mumkin bo‘lgan tog‘liklari bor. Xitoyning janubi-sharqiy tomonida joylashgan Makao tumani haqida esa bunday deyish mushkul. Tuman 118 km² yer maydoniga ega bo‘lib, u 2019 yilda 18 mln 630 ming nafar sayyohni qabul qilgan.

Kichkinagina Makao 2019 yilda 18 mlndan ortiq sayyohni qabul qilgan / Foto: The Telegraph

Makaoga ko‘plab mehmonlar birgina maqsad bilan keladi, bu ham bo‘lsa – pul. Ma’lumotlarga ko‘ra, tuman kazino markazi bo‘lib, “Sharqning Monte-Karlosi” nomini ham olgan. Tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar hisobidan tushadigan mablag‘ YaIMning yarmini tashkil qiladi.

Xitoyning qolgan qismida qimor o‘yinlari taqiqlangani sabab Makaoga boshqa yarimorol va Hongkongdan keluvchilar soni ko‘p. Makao kazinolaridan olinadigan daromadlar hatto Las-Vegasnikidan ham yuqori ekani aytiladi. Tumanda mehmonxona xizmatlaridan bemalol foydalanish mumkin, buning uchun 22 ta besh yulduzligi barpo qilingan.

Vatikan haqida nima deyish mumkin?

Vatikan haqida Jahon turzim tashkiloti ko‘p ham malumotlarga ega emas. Chunki turistlarning bu hududda tunni o‘tkazishi mumkin emas. Ammo kunlik hisobotlarga tayanilsa, bu joy ham ko‘plab sayyohlarni qabul qiluvchilar qatorida turadi. 764 nafar doimiy aholisi bor, yer maydoni 44 gektargina Vatikan yiliga 6 million mehmonni qabul qiladi. Bu har bir rezidentga 7 ming 853 nafar sayyoh to‘g‘ri keladi degani.

Vatikanda turistlar tunni o‘tkazishi mumkin emas, ammo kunning yorug‘ vaqtini hisoblaganda sayyohlar soni ko‘p / Foto: The Telegraph

Dunyodagi eng kam sayyoh tashrif buyuruvchi mamlakatlar

Bangladesh aholi jon boshiga nisbatan olinganda eng kam sonli turistlar boradigan davlat hisoblanadi. Mamlakat aholisi 169 mln 800 ming nafar, lekin yiliga bor-yo‘g‘i 323 ming, kishi boshiga atigi 0,002 sayyoh bu yerga mehmon sifatida boradi. Shu jihatdan Bangladesh dunyoda eng kam turistlarni qabul qiluvchi mamlakatlar qatoridan joy egallagan. 

U yerda bir necha bor bo‘lgan sayohatchilar Alistair va Gill Kempbellning so‘zlariga ko‘ra, OAVda Bangladesh haqida nima yomon xabar, misol uchun, suv toshqinlari bo‘lsa, beriladi. Ammo uning barqaror iqtisodiy o‘sayotgani, hukumati tilga olinmaydi.

Bangladesh yiliga atigi 323 ming nafar sayyoh qabul qiladi / Foto: The Telegraph

“Buyuk Britaniyadan to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar, arzon narx va ko‘p kashfiyotlarga qaramay, juda kam sayyohlik kompaniyalari Bangladeshga sayohat qiladi. [Bu davlatda] yo‘lbarslar va noyob delfinlar, qadimiy masjid va ibodatxonalar, rang-barang bozorlar, choy butalari bilan qoplangan tepaliklar bor”,– deydi sayohatchilardan biri.

Eng kam sayyohlar haqida gap ketganda, Markaziy Afrikada joylashgan Chad Respublikasiga ham to‘xtalib o‘tish kerak. Bu mamlakat 1 284 000 km² yer maydoniga ega bo‘lsa-da, 2019 yilda atigi 79 ming sayyohni qabul qilgan.

Chad asosan o‘zining jonli tabiati bilan ko‘plab turistlarni o‘ziga jalb qila olishi mumkin. Masalan, Tibesti tog‘lari, Ennedi tog‘ platosi va Zakuma milliy bog‘i haqiqiy yovvoyi hayotni o‘zida jamlay olgan. Afsuski, mamalakat Tashqi ishlar vazirligi sayohatlar borasida liberal emas. Respublikaning aksariyat joylarida sayohat qilish taqiqlangan.

Chadda joylashgan Tibesti tog‘lari / Foto: QuizzClub.com
Ennedi tog‘ platosi / Foto: the Natural Arch and Bridge Society
Mamlakatda joylashgan Zakuma milliy bog‘idagi fillar / Foto: Easyvoyage UK

O‘zining ball raqsi, Samba ritmlari, ilonga to‘la daryolari va qumli plyajlari bo‘lgan Braziliya ham ko‘pchilik orasida mashhurlashishi mumkin edi. 8 510 000 km² yer maydoniga ega Braziliya yiliga atigi 6 mln 350 ming nafar sayyohni qabul qiladi – aholi jon boshiga 0,031 (bu borada 172-o‘rin) nafar degani.

Janubiy Amerikadagi eng katta va aholisi eng ko‘p bo‘lgan mamlakat – Braziliya / Foto: The Telegraph

So‘nggi yillarda Braziliya aynan turizmni rivojlantirish, bor salohiyatini yanada oshirish maqsaida ko‘plab ishlarni amalga oshirdi. Jumladan, AQSh, Kanada, Avstraliya va Yaponiyadan keluvchilar uchun viza to‘siqlarini olib tashladi. Masalan, britaniyaliklar allaqachon vizasiz ham kelishi mumkin bo‘lib qolgandi. Ammo parvoz narxlarining qimmat ekani turistlar oqimiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Bu borada O‘zbekistondagi holat qanday?

Jahon turizm tashkilotining 2019 yilda e’lon qilgan raqamlariga ko‘ra, O‘zbekistonga keluvchi sayyohlar soni 6 mln 749 ming nafarni tashkil qilgan. Bu kishi boshiga 0,186 nafar sayyoh degani. Bu borada O‘zbekiston 190 davlat orasida 128-o‘rinni egallagan.

O‘zbekiston statistika agentligi e’lon qilgan raqamlariga ko‘ra, 2023 yilning yanvar-iyul oylarida respublikaga jami 3 mln 700 ming nafar chet el fuqarolari turistik maqsadlarda tashrif buyurgan. Shundan 397 ming 300 nafari dam olish maqsadida kelgan. 7 oyda eng ko‘p dam olish maqsadida kelgan davlat fuqarolari orasida 137,2 ming nafar bilan Rossiya birinchi o‘rinni egallagan.

Bu ko‘rsatkich qolgan davlatlar kesimida quyidagicha ko‘rinish oldi:

Qozog‘iston – 33,6 ming nafar;

Tojikiston – 21,5 ming nafar;

Qirg‘iziston – 20,3 ming nafar;

Turkiya – 19,3 ming nafar;

Hindiston – 14,3 ming nafar;

Xitoy – 14,1 ming nafar;

Turkmaniston — 13,5 ming nafar;

Janubiy Koreya – 12,1 ming nafar;

Germaniya — 10,6 ming nafar.

Qolaversa, agentlik sayyohlik maqsadida xorijga chiqib ketgan o‘zbekistonliklar bilan bog‘liq statistikani ham e’lon qilgan. Unga ko‘ra, yanvar-iyul oylarida 2,5 million nafar O‘zbekiston fuqarosi turistik maqsadlarda xorijga safar qilgan. Eng ko‘p safar qilgan davlatlar orasida Qirg‘iziston birinchi o‘rinni egallab turibdi – 1 mln. Keyingi o‘rinlardan mos ravishda 625,5 ming nafar va 421,4 ming nafar o‘zbekistonlik safarni amalga oshirgan Tojikiston hamda Qozog‘iston joy olgan.

Ko‘rsatkich qolgan davlatlar kesimida quyidagicha ko‘rinish oldi:

Rossiya – 122,1 ming nafar;

Turkiya – 102,7 ming nafar;

BAA – 70,8 ming nafar;

Saudiya Arabistoni – 35,2 ming nafar;

Kuvayt – 21,2 ming nafar;

Misr – 15,1 ming nafar;

Ozarboyjon – 10,5 ming nafar;

Janubiy Koreya – 8,4 ming nafar;

Hindiston – 5,9 ming nafar;

AQSh – 5,8 ming nafar.

Mavzuga oid