Yo‘laklardagi jasadlar va operatsiyaga navbatlar: G‘azoning bosh shifoxonasida nimalar bo‘lmoqda?
Qizil Xoch G‘azodagi shifoxonalar qamal tufayli o‘likxonalarga aylanishi mumkinligidan ogohlantirgan.

BBC arab xizmati muxbiri Adnan Elbush G‘azo sektoridagi eng yirik «Al Shifo» shifoxonasidan reportaj tayyorladi. Shifoxona rahbari uning faoliyati to‘xtashi o‘ta halokatli oqibatga ega bo‘lishidan ogohlantirgan.
Halok bo‘lganlarning jasadlari shifoxonaga kirish joyida yerda yotibdi. Yo‘laklar va hovli yuzlab jasadlar bilan to‘lgan — o‘likxonada joy yetarli emas.
G‘azodagi asosiy shifoxona «Al Shifo» o‘z imkoniyatlari chegarasidan tashqarida ishlamoqda.
Yuzlab og‘ir yaradorlar, jumladan ayollar va bolalar, tibbiy yordam ko‘rsatilishini kutmoqda — shifokorlar ulkan yuklama ostida ishlashmoqda. Ular istalgan vaqtda zaxira generatorlari ishlashdan to‘xtashi va shunda ular butunlay elektrsiz qolishi mumkinligini tushunib turishibdi. Bu esa o‘ta halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Kichik qizaloq shifoxonaga oilasining uyi zarba uchraganidan keyin tushgan — uning oila a’zolaridan ko‘pchilik halok bo‘lgan. Qizcha og‘riqdan baqiradi va unga yordam ko‘rsatilib, azoblariga barham berilishidan umid qiladi.
Ammo shifokorlar vaqt bilan poygalashmoqda: ular birinchi navbatda og‘ir yarador va kechiktirib bo‘lmas yordamga muhtoj bo‘lganlarga qarashmoqda.
Bir ayol isroilliklarning aviazarbalari oqibatida halok bo‘lgan qarindoshi jasadi oldida o‘tiradi.
«Ular uxlayotganimizda bizning uyga zarba berishdi, — deydi u. — Bizning binoda jangarilar bo‘lmagan. Bu uyda oddiy fuqarolar yashardi — 120 ga yaqin kishi».
«Shifokorlar boshqa bemorlarga ustuvorlik berib, meni operatsiya qilishni kechiktirishdi. Siz biroz kutib tura olasizmi deyishdi — men bunga qanday javob qaytarishim mumkin? Bu yerda yaradorlar juda ko‘p», — deydi katalkada yotgan boshqa bir ayol.
Shifoxona bosh vrachi Muhammad Abu Salmiya BBC bilan suhbatda agar kasalxona ishni to‘xtatishga majbur bo‘lsa, nima bo‘lishi haqida gapiradi.
«Shifoxona elektrsiz ishlay olmaydi, — deydi u. — Intensiv terapiya bo‘limi, neonatal va boshqa palatalarda 120 dan ortiq kishi intubatsiya qilingan; [agar bu ro‘y bersa] barcha bo‘lim va shifoxona xizmatlari qulaydi va biz bemorlarni ortiq davolay olmay qolamiz».
Biz bu syujyetni tasvirga olayotganimizda, yaradorlar va halok bo‘lganlar orasida o‘nlab do‘stlarimiz va tanishlarimiz ham borligini ko‘rdik. Biz bu karaxtlikdan o‘zimizga kelishimiz uchun ma’lum vaqt tanaffus qildik.
Operator Mahmud al-Adjrami larzaga tushgan va ko‘z-yoshlarini tiyib tura olmaydi: u o‘z do‘sti bu yerga og‘ir jarohatlar bilan olib kelganidan voqif bo‘ldi — bu odamning ko‘plab qarindoshlari halok bo‘lishgan.
Falastin sog‘liqni saqlash vazirligi G‘azo sektoridagi shifoxonalar tez orada elektr energiyasi o‘chishi tufayli faoliyatini to‘xtatishi mumkinligini anglagan holda katta yuklama bilan ishlayotganini ma’lum qilgan.
Qizil Xoch: «Shifoxonalar o‘likxonalarga aylanishi mumkin»
HAMAS a’zolarining shanba kungi reydi va yuzlab isroilliklar o‘ldirilishidan keyin Isroil hukumati G‘azo sektoriga elektr va suv uzatish, yonilg‘i va oziq-ovqat yetkazib berishni butkul to‘xtatdi, uning chegaralarini to‘sdi va HAMAS bilan aloqador bo‘lgan obektlarni aviatsiya va artilleriyadan o‘qqa tuta boshladi.
Natijada G‘azodagi shifoxona va boshqa tibbiyot muassasalari yaradorlar bilan to‘lib ketdi, uzundan uzun navbatlar paydo bo‘ldi, odamlar nafaqat binolar ichkarisida, balki tashqarida ham kutishmoqda. Shu bilan birga, G‘azodagi yagona elektr stansiyada hafta o‘rtasidayoq yonilg‘i tamom bo‘lgan.
Isroil HAMAS shanba kuni asirga olinganlar (200 ga yaqin) ozod qilinmagunicha, blokadani bekor qilmasligini bildirgan.
Isroil energetika vaziri Israel Kats hamaschilar o‘g‘irlab ketgan insonlar ozod etilmagunicha birorta ham rubilnik (kuchli elektr toklarini ulash va uzish uchun qo‘llanadigan moslama), birorta gidrant (vodoprovod jo‘mragi) yoqilmasligini bildirgan.
«G‘azoda elektr quvvati o‘chmoqda — va shifoxonalarda ham o‘chirilmoqda, bu esa inkubatorlardagi yangi tug‘ilgan chaqaloqlar va kislorodga ulangan keksa yoshli kishilarga tahdid soladi. Buyrak dializi to‘xtaydi, rentgen qilib bo‘lmay qoladi, — degan Qizil Xoch jamiyatining mintaqa bo‘yicha bo‘limi direktori Fabritsio Karboni. — Elektrsiz shifoxonalar o‘likxonalarga aylanishi mumkin».
Uning so‘zlariga ko‘ra, shifoxonalar hozirda faqat generatorlar evaziga ishlamoqda, ammo ular uchun yonilg‘i ham yaqin vaqtlar ichida tugaydi.
Bundan tashqari, G‘azodagi shifokorlarning aytishicha, ularda dori-darmonlar va quyish uchun qon tugamoqda. Vrachlar kimni operatsiya qilishni tanlashiga to‘g‘ri kelmoqda, ular ko‘pincha faqat hayoti xavf ostida qolgan eng og‘ir bemorlarni operatsiya qilishmoqda.
Avvalgi keskinliklar vaqtida Qizil Xoch va BMT G‘azoga insonparvarlik yordamlari olib kirilishi uchun yo‘laklar tashkillashardi. Hozircha esa Isroil o‘z hududidan bunday yo‘laklar ochishga ruxsat bermayapti.
G‘azo sektori Misr bilan ham chegaradosh va unga chegaradagi yagona Rafah nazorat o‘tkazish punkti orqali yordam yuborish mumkin, ammo hozircha Isroil aviatsiyasining to‘xtovsiz aviazarbalari tufayli jo‘natmalar yetib borishi juda qiyin kechmoqda.
Bunday zarbalar tufayli kasalxonalarni sog‘lom odamlar ham to‘ldirgan, ular isroilliklar tibbiyot muassasalariga zarba bermasligidan umid qilgan holda shu joylarda yashirinmoqda.
So‘nggi yillarda G‘azo sektorida ishlayotgan «Chegarasiz shifokorlar» tashkiloti vakili bo‘lgan doktor Jastin Delbi BBC bilan suhbatda shifoxonaga kelayotgan yaradorlar miqdori «shunchaki gigant» darajada ekanini aytgan.
Falastin sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, juma kuniga kelib Isroil aviazarbalari oqibatida halok bo‘lganlar soni 1537 nafarga yetgan, 6612 kishi yaralangan.
BMT hisoblariga ko‘ra, G‘azo sektorida yashovchi 423 ming kishi o‘z uylarini tark etib, turli joylarga, ko‘p hollarda BMT shafeligidagi shifoxonalar va maktablarga yashirinishga majbur bo‘lgan.
HAMASning Isroilga hujumi
- 2023 yil 7 oktyabr kuni falastinliklarning harbiylashgan HAMAS guruhi Isroilga misli ko‘rilmagan hujum amalga oshirdi, uning a’zolari G‘azo sektori bilan chegaradagi kubutslar va shaharlarga kirib, yuzlab kishilarni o‘ldirdi hamda o‘nlab kishilarni garovga oldi.
- HAMAS Isroil davlatini yo‘q qilishga va uning o‘rnida islom davlatini barpo etishga intiladi. Harakat Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.
- Guruh 2007 yilda saylovlar natijasida G‘azo sektorida hokimiyatni o‘z qo‘liga olgan, ammo keyin o‘z siyosiy raqiblarini sektor hududidan kuch bilan siqib chiqargan. Shundan buyon uning jangarilari Isroilga qarshi bir necha marta urush harakatlari olib borgan.
- HAMAS va unga aloqadorligi aytiladigan boshqa harbiylashgan guruhlar Isroilni raketalar bilan o‘qqa tutadi va ko‘plab reydlar uyushtiradi.
- Bunga javoban Isroil G‘azo sektori bo‘ylab aviazarbalar yo‘llaydi va ikki marta bu hududga qo‘shin kiritgan. Isroil Misr bilan birgalikda 2007 yildan buyon sektorni qamal qilgan, buni xavfsizlik chorasi deb izohlashadi.
- HAMAS ko‘plab mamlakatlarda, jumladan AQSh, Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Isroil, Yaponiya va Avstraliyada terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilgan.
Mavzuga oid

21:42
Livan Isroil bilan chegaraga 4,5 ming harbiy xizmatchisini joylashtiradi

10:47
Prezident yana bir bor Ukraina, Yaqin Sharq va Afg‘oniston masalasiga e’tibor qaratdi

20:03 / 06.04.2025
«Raketa shaharlari». Tehron nima uchun o‘zining maxfiy yerosti bazalarini aynan hozir ko‘rsatishga qaror qildi?

15:29 / 06.04.2025