Jahon | 21:01 / 12.10.2023
14965
4 daqiqa o‘qiladi

«Biz har doim siz tomonda bo‘lamiz» - Blinken Netanyahu bilan uchrashib, Isroilni qo‘llab-quvvatladi

AQSh Davlat kotibi tinch aholi orasida qurbonlarga yo‘l qo‘ymaslik zarurligini ham ta’kidladi.

Foto: Reuters

AQSh HAMAS bilan qarama-qarshilikda Isroilni qo‘llab-quvvatlaydi. Bu haqda Davlat kotibi Entoni Blinken Isroilga tashrifi doirasida bosh vazir Binyamin Netanyahu bilan uchrashuvdan keyin aytib o‘tdi.

«Isroil xalqi uzoq vaqtdan beri va haqli ravishda o‘z mustaqilligi, o‘zini mustaqil himoya qila olishi bilan faxrlanib keladi, hatto vaziyat ularga qarshi bo‘lsa ham. Mening Isroilga murojaatim: o‘zingizni himoya qilish uchun yetarlicha kuchli bo‘lishingiz mumkin, ammo Amerika mavjud ekan, siz buni hech qachon [yolg‘iz] qilmaysiz. Biz doimo siz tomonda bo‘lamiz», dedi Blinken.

Shu bilan birga, Blinken AQSh Isroilga harbiy yordam berishini ham e’lon qildi.

AQSh Davlat departamenti rahbari Isroilda milliy birdamlik hukumati tuzilgani va Isroil xalqi birdamligini olqishladi.

U HAMAS a’zolarini IShID bilan qiyoslagan Netanyahuning fikriga qo‘shildi, shuningdek, boshqa davlat yoki nodavlat kuchlarni mojaroga aralashmaslikka chaqirdi. Blinken Isroil o‘zini himoya qilish huquqiga ega ekani, lekin buni qanday qilishi ham muhimligini ta’kidladi.

«Isroil o‘zini himoya qilish huquqiga ega, hatto shunday majburiyatga ega. Isroil buni qanday qilishi muhim ahamiyatga ega. Biz, demokratik davlatlar, terrorchilardan inson hayotini qadrlashimiz bilan farq qilamiz. Shuning uchun barcha ehtiyot choralarini ko‘rish muhimdir. Biz har bir qurbon haqida qayg‘uramiz», dedi u.

Bundan oldinroq AQSh prezidenti Jo Bayden ham Netanyahu bilan telefon muloqoti chog‘ida urush olib borish qoidalariga rioya etish va G‘azo sektorida tinch aholi orasidagi qurbonlar sonini minimumga tushirishga chaqirgandi.

Matbuot anjumanida Blinken Isroilga nafaqat AQSh vakili, balki «yahudiy sifatida» kelganini ham ta’kidladi. U Rossiyadagi qirg‘inlardan qochgan bobosi va «Xolokost» paytida konslagerlardan omon qolgan o‘gay otasining hikoyalarini aytib berdi.

«Shaxsan men HAMAS qirg‘inining isroillik yahudiylar va butun dunyodagi yahudiylarga nisbatan yurakni ezuvchi aks-sadosini tushunaman», deb qo‘shimcha qildi u.

Blinkenning ta’kidlashicha, Vashington HAMAS tomonidan garovga olinganlarni ozod qilish ustida ishlayapti. Shuningdek, mojaroda kamida AQShning 25 nafar fuqarosi halok bo‘lganini tasdiqladi.

  • HAMAS a’zolari 7 oktyabr kuni Isroilga hujum qilgandi. Bunga javoban Isroil G‘azo sektoridagi HAMAS qarorgohlariga aviazarbalar bera boshladi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, har ikki tomonda ham qurbonlar soni 1300 kishidan oshgan. Yana minglab odamlar yaralangan.
  • Entoni Blinken Isroildan so‘ng Iordaniyaga boradi va u yerda Falastin muxtoriyati ma’muriyati rahbari Mahmud Abbos bilan uchrashadi. Siyosatchining Yaqin Sharqqa tashrifidan maqsad HAMAS jangarilari bilan mojaro keng tarqalib ketishining oldini olish ekani aytilmoqda.

Mavzuga oid