O‘zbekiston | 07:59 / 05.09.2023
2733
3 daqiqa o‘qiladi

Tashqi reklama bozori ishtirokchilari uchun yangi monitoring tizimi joriy etiladi

2023 yil 1 dekabrga qadar tashqi reklama va axborot obektlari (konstruksiyalari) xatlovdan o‘tkaziladi va ular ustidan doimiy nazorat o‘rnatiladi.

Foto: Flickr

Vazirlar Mahkamasi “Tashqi reklama va ijtimoiy axborotning aylanish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

2023 yil 1 dekabrdan boshlab tashqi reklama bozori ishtirokchilari uchun “Tashqi reklama” raqamli monitoring elektron tizimi joriy etiladi.

Davlat mulki bo‘lgan yer uchastkalarida, bino hamda inshootlarda tashqi reklama va axborot obektlari (konstruksiyalari) uchun reklama joyining pasporti hamda ularni o‘rnatish uchun shartnomalar ommaviy oferta shaklida E-auksion elektron savdo platformasining yagona elektron savdo maydonchasida g‘olibga avtomatik tarzda beriladi.

Xususiylashtirilgan, ijaraga berilgan yoki nodavlat tashkilotlarga doimiy foydalanish huquqi asosida tegishli bo‘lgan yer uchastkalarida, xususiy mulk bo‘lgan binolar va inshootlarda hamda transport vositalarida (yo‘nalishlardagi avtobuslar bundan mustasno) tashqi reklama va axborot obektlarini (konstruksiyalarini) joylashtirish huquqini beruvchi reklama joyining pasporti Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali axborot tizimi orqali beriladi. 

2023 yil 1 dekabrga qadar tashqi reklama va axborot obektlari (konstruksiyalari) xatlovdan o‘tkaziladi va ular ustidan doimiy nazorat o‘rnatiladi.

Amal qilish muddati belgilanmagan reklama joyi pasportlarining amal qilish muddati davlat mulki bo‘lgan bino va inshootlar uchun 2024 yil 1 dekabrgacha va yer uchastkalari uchun 2030 yil 1 dekabrgacha etib belgilanadi. 

Davlat mulki bo‘lgan yer uchastkalariga tashqi reklama va axborot obektlarini (konstruksiyalarini) joylashtirish huquqini elektron onlayn-auksion savdolarida yutib olgan auksion g‘olibi bilan ushbu yer uchastkalari bo‘yicha alohida yer ijarasi shartnomasi tuzilmaydi.

Tashqi reklama va axborot obektlarini (konstruksiyalarini) joylashtirish huquqini elektron onlayn-auksion savdolarida yutib olgan auksion g‘olibi bilan davlat mulki obektlarini ijaraga berish shartnomasi ijaraga beruvchi va ijarachi o‘rtasida elektron shaklda (shu jumladan, elektron raqamli imzo orqali) soliq organlarining E-Ijara axborot tizimi orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri ikki tomonlama tuziladi.

2023 yil 1 dekabrdan boshlab ijara haqining stavkalari bir kvadrat metr uchun Toshkent shahrida bazaviy hisoblash miqdorining 20 foizi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar ma’muriy markazlarida 10 foizi hamda boshqa hududlarda 7 foizi miqdorida belgilanadi.

Mavzuga oid